date
views 505

Кuchli shamolda paraplan bilan 10 kilometr balandlikka chiqib ketgan ayol qanday tirik qolgandi?

Кuchli shamolda paraplan bilan 10 kilometr balandlikka chiqib ketgan ayol qanday tirik qolgandi?

Tarixda turli aviahalokatlar sababli baland osmondan qulab tirik qolgan odamlar ham bor. Jumladan, 1971 yilda germaniyalik Yuliana Kepke samolyot halokatga uchragandan so‘ng uch ming metr balandlikdan qulab tushib tirik qoladi.

1972 yilda sodir bo‘lgan aviahalokatdan so‘ng yugoslaviyalik Vesna Vulovich o‘n ming metrdan, 1981 yilda SSSRda sodir bo‘lgan aviahalokatdan so‘ng Larisa Savitskaya besh ming metrdan qulab tirik qolishadi.

Shu bilan birga teskarisi, parashyut yoki paraplan sporti bilan shug‘ullanuvchi sportchilarni kuchli shamol baland osmonga olib chiqib ketgan holatlar ham bor.

Ularning ayrimlari halok bo‘lgan, ayrimlari mo‘jiza tufayli tirik qolgan. Germaniyalik Yeva Visniyerska ana shunday hodisaga duch kelib, mo‘jiza tufayli tirik qolganlardan biri hisoblanadi.

Yeva Visniyerska bilan sodir bo‘lgan hodisa

Yeva Visniyerska polyak millatiga mansub bo‘lib, u 1971 yilda Polshaning Nayse shahrida tug‘ilgan. Keyinchalik Yeva Germaniyaga ko‘chib o‘tgan va shu davlat fuqaroligini olgan.

Yeva o‘smir yoshida paraplanda parvoz qilishga qiziqib qoladi va ulg‘aygach bu sport turi bilan professional tarzda shug‘ullana boshlaydi.

Ayol o‘z faoliyati davomida paraplan sport turi bo‘yicha bir necha bor Germaniya chempioni bo‘lgan. Turli xalqaro musobaqalarda bir qancha sovrinlarni qo‘lga kiritgan.

«Bir paytlar paraplan sporti bilan shug‘ullanish xayolimga ham kelmagan. Men nima bilan band bo‘lishni bilmasdim. Bir marta paraplanda uchdim va u meni virusday qamrab oldi. Shundan so‘ng bu sport turi hayotim mazmuniga aylandi. Endi paraplanda uchish uchun har qanday qiyinchiliklarga tayyorman», degandi u o‘z intervyularida.

2007 yil fevral oyida Yeva Avstraliyaga boradi. Bu yerda paraplanda uchish bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazilishi belgilangandi.

Sportchi Avstraliyadagi jahon chempionatida qatnasha olmasligi ham mumkin edi. Gap shundaki, 2006 yilda u Alp tog‘larining Shveytsariya hududida joylashgan qismida baxtsiz hodisaga uchraydi. O‘shanda ayolning tos suyagi sinadi.

Biroq Yevada jahon chempionatida ishtirok etish ishtiyoqi kuchli edi. Olti oy deganda uning singan suyagi bitadi. Shundan so‘ng ayol mashqlarga zo‘r beradi va jahon chempionatigacha sport formasini tiklab oladi.

14 fevral kuni Yeva va dunyoning ko‘plab davlatlaridan kelgan 200 nafar paraplanchilar jahon chempionatidan oldin so‘nggi mashq parvozida uchish uchun Avstraliyaning Yangi Uels shtatida yig‘ilishadi.

O‘shanda havo bulutli, kuchsizroq shamol esib turgandi. Bunday ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi. Istalgan paytda shamol kuchayib paraplanchilarni surib ketishi yoki kuchli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Shu sababli bunday havoda paraplanda uchish birmuncha xavfli hisoblanadi. Biroq mashq parvozi bo‘lgani uchun musobaqa tashkilotchilari sportchilarga uchish uchun ruxsat berishadi.

Sportchilar parvozini boshlashadi. Yeva yana ikki nafar – avstraliyalik va xitoylik sportchilar bilan eng oxirida parvoz qiladi. Shu payt shamol kuchaya boshlaydi barcha sportchilar yerga qaytib tushishadi.

Biroq Yeva va xitoylik sportchi pastlashga ulgurmasidan sekundiga 40 metr tezlikda esgan shamol ularni osmonga olib chiqib ketadi. Ularning yonida bo‘lgan avstraliyalik sportchi esa pastlashga ulguradi.

«Paraplan meni juda katta tezlikda tepaga olib chiqib ketarkan, nimadir qilishga ojiz edim. O‘sha paytda o‘zimni kuchli shamol u yoqdan bu yoqqa uchirib yurgan daraxt yaprog‘iday his qilardim. Men faqat dahshatdan qaltirardim. Shundoq yonginamda momoqaldiroq bo‘lib, chaqmoq chaqardi. O‘shanda bo‘ronning o‘rtasida qolganimni va qo‘limdan hech narsa kelmasligini tushundim. Oxirgi esimda qolgan narsa o‘tib bo‘lmas qorong‘ilik bo‘ldi», degan edi keyinchalik hodisani eslab.

Barcha sportchilar pastga tushishgach Yeva va xitoylik sportchining safda emasligini ko‘rib, ularni qidira boshlashadi.

Shamol Yevani 9 946 metr balandlikkacha olib chiqib ketadi. Bunday balandlikda harorat -50 daraja sovuq, havoda kislorod juda siyrakligi uchun nafas olish juda qiyin edi.

«Shamol osmonga olib chiqib ketar ekan, men Yaratgandan faqat qalin bulutlar orasidan chiqishni, pastga tushib isinib olishni so‘rab duo qilardim. Tepada qiyin vaziyatda qolar ekanman, hech narsa qila olmasligimni bilib turardim. Faqat mo‘jizadan umid qilardim va u sodir bo‘ldi», deb eslagandi ayol keyinchalik.

Ayol kislorod yetishmovchiligidan hushini yo‘qotadi va shu alfozda qariyb 10 ming metr balandlikda 40 daqiqa qolib ketadi. Keyinchalik shifokorlar ayol hushidan ketgani uning hayotini saqlab qolganini aytishadi.

Vrachlarga ko‘ra, kislorod siyrak bo‘lgan -50 daraja sovuqda inson miyasi tez ishdan chiqadi va u halok bo‘ladi. Yeva hushini yo‘qotgach uning yurak urishi va boshqa a’zolarining ishlashi maksimal darajada sekinlashadi. Ana shu ayolni halok bo‘lishdan saqlab qoladi.

Yeva hushsiz holda balandlikda qolar ekan, maxsus kiyimning va paraplanning ustki qismini muz qoplay boshlaydi. Natijada paraplan og‘irlashib bukilib qoladi va soatiga 200 km tezlikda pastga qulaydi.

Bir necha minutda Yeva yer sathidan 6 900 metrgacha tushib keladi. Shu payt paraplanning buklangan joyi to‘g‘rilanib, sho‘ng‘ish tezligi birdaniga pasayadi.

Kuchli zarba tufayli ayol o‘ziga keladi. U paraplan dastaklarida, kiyimining ustki qismida va ko‘zoynagida muz qotib qolganini ko‘radi.

Haddan tashqari stress va kislorod yetishmasligiga qaramay, ayol o‘z tajribasiga tayanadi va pastga tushishga harakat qiladi. Oradan 40 daqiqa o‘tgach u momoqaldiroqli bulutlar orasidan chiqib olishga muvaffaq bo‘ladi.

Shundan so‘ng ayol yerni kuzatishga muvaffaq bo‘ladi va kichik fermani ko‘rib, o‘sha tomonga pastlay boshlaydi.

Parvoz boshlangandan so‘ng 3 soat 30 daqiqa o‘tgach ayol yerga qo‘nishga muvaffaq bo‘ladi. Yeva yerga tushgan paytda juda holsizlangan, hushi ham o‘zida emasdi. Shu paytda unga jamoadoshi qo‘ng‘iroq qiladi.

Biroq ayol zo‘rg‘a telefonni olib javob berishga ulgurmasidan qo‘ng‘iroq uziladi. Yeva jamoadoshiga o‘zi turgan joy haqida yozib yuboradi. Ayolni parvozga start berilgan joydan 60 kilometr uzoqlikdan topishadi.

Yevani zudlik bilan shifoxonaga olib borishadi. Tekshirib ko‘rilganda ayol sog‘lom ekani, faqat tanasining ayrim qismlarini sovuq urgani ma’lum bo‘ladi. Jumladan, ikki qulog‘ini butunlay sovuq urgandi.

O‘sha kuni Yeva bilan birga parvoz qilgan 42 yoshli xitoylik sportchi bedarak yo‘qoladi. Ertasi kuni xitoylikning jasadi u parvoz qilgan joydan 75 kilometr uzoqlikdan topiladi.

Tekshiruvlarda xitoylik sportchi ham juda balandga chiqib ketgani va miyaga kislorod yetishmovchiligi ortidan halok bo‘lgani oydinlashadi.

Oradan bir hafta o‘tib jahon chempionati boshlanadi. Sog‘ligida aytarli muammo bo‘lmagan Yeva unda ishtirok etish uchun ruxsat oladi.

Musobaqaning ochilish marosimida jahon chempionatlarini tashkillashtirib kelgan Godfri Venness Yeva bilan sodir bo‘lgan hodisa haqida gapira turib shunday deydi:

«Yeva hozir tirik bo‘lganlar orasida eng omadli ayol. Uning mo‘’jivaviy tirik qolishi xuddi lotereyadan o‘n marta ketma-ket yutish bilan barobar. Yeva bilan sodir bo‘lgan hodisagacha paraplanchilar uchgan eng yuqori balandlik 730 metr edi. Endi bu rekord ham yangilandi».

Yeva haqida hujjatli film

2010 yilda Amerikaning ABC1 va Fransiyaning France 5 telekompaniyalari hamkorlikda Yeva haqida hujjatli film suratga olinadi.

«Bo‘rondagi mo‘jiza» (Miracle in the storm) deb nomlangan filmda Yeva duch kelgan sinov va uning mo‘jiza tufayli tirik qolgani haqida hikoya qilinadi.

Ushbu film Avstraliya kino instituti tomonidan o‘tkaziladigan tanlovda «Yilning eng yaxshi hujjatli filmi» nominitsiyasida bosh mukofotni qo‘lga kiritgan.

Yeva o‘shandan keyin ham ko‘plab musobaqalarda ishtirok etadi. U hozir 51 yoshda va hanuzgacha paraplanda uchish musobaqalarida qatnashib kelmoqda.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Кuchli shamolda paraplan bilan 10 kilometr balandlikka chiqib ketgan ayol qanday tirik qolgandi?