21:13 / 22.05.2023
993

“Chin” so‘zini aytganlardan Rossiya nega arazlayapti?

“Chin” so‘zini aytganlardan Rossiya nega arazlayapti?
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlarining Xitoy bilan hamkorlikni mustahkamlashi Rossiyadan “yuz o‘girish”ni anglatmaydi.
 
Bu ko‘pqirrali aloqalarni rivojlantirish yo‘lidagi tabiiy qadamlar. Unda rossiyalik amaldorning bayonotiga nima sabab bo‘ldi?
 
18—19 may kunlari bo‘lib o‘tgan Xitoy – Markaziy Osiyo sammiti iqtisodiy yo‘nalish bilan birga, harbiy aloqalar va xavfsizlik masalalarida ham yangi sahifalar ochdi. Xitoyning mintaqa xavfsizligini ta’minlashdagi roli nimalardan iborat bo‘lishi, “rangli inqiloblar” ehtimoli va shu kabi mavzular yuzasidan Daryo eksperti ishtirokidagi suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.
 
- Dastlabki xulosalarni chiqaradigan bo‘lsak, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida maktab ta’limini rivojlantirishdan tortib, parranda go‘shtiyu uzum eksport qilish va avtomobil ishlab chiqarishgacha bo‘lgan sohalarda hujjatlar imzolandi. Va bular shundoq ham yaqin hamkorlikni yanada kuchaytirishga mo‘ljallangan. Lekin sammit davomida ko‘pchilik bashorat qilganidek, iqtisodiy-siyosiy jihatdan ham yangi sahifalar ochildimi?
 
- Abbos Boboxonov: “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti doktoranti:  Markaziy Osiyoda harbiy va xavfsizlik sohasidagi yetakchi kuch bu – Rossiya. Xitoy esa mintaqa davlatlari uchun eng yirik iqtisodiy hamkor sifatida qabul qilingan. Bu holat uzoq yillar davomida o‘zgarmay kelayotgan edi. Sammit davomida esa Xitoy rahbari alohida ta’kidlaganidek, asosan to‘rtta yo‘nalishda aloqalar rivojlantirib boriladi: birinchisi – siyosiy munosabatlar, keyingisi – iqtisodiy yo‘nalish, uchinchisi esa – xavfsizlik, harbiy sohadagi hamkorlik. Bu borada u MO davlatlari bilan birgalikda ishlashga va ko‘mak berishga tayyor ekanini ta’kidladi. To‘rtinchi yo‘nalish – madaniy-gumanitar soha. Shular orasida uchinchi yo‘nalish mening e’tiborimni tortdi, sababi shu kungacha Xitoy bu borada ochiqdan-ochiq bunday fikrlarni bildirmagan. Lekin shu jihatga ham e’tibor qaratish kerakki, harbiy hamkorlik borasidagi taklifga hali “biz rozimiz, shunga tayyormiz” qabilida javob berilgani yo‘q. Bu hozircha faqat taklif bo‘lib turibdi. Javob qanday bo‘lishini esa vaqt ko‘rsatadi”.
 
- O‘zbekiston va Xitoy yetakchilarining uchrashuvi o‘tkazilgan sanada, ya’ni 18 may kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova “Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya bilan aloqalarni uzishi G‘arb sanksiyalaridan ham yomonroq oqibatlarga olib keladi” deya bayonot bergan.
 
Bu nima qo‘rqitishmi, ogohlantirishmi yoki ko‘rolmaslikmi, o‘zi qanaqa oqibatlar haqida gap ketyapti?
- Rossiya uzoq yillar davomida Markaziy Osiyoda kuchli mavqega ega bo‘lib kelgan. Bugun dunyoda kechayotgan voqealar natijasida mana shu ta’sir kuchi susayib borayotganini o‘zlari ham his qilayotgan bo‘lishi mumkin. Oqibatda har qanday yo‘l bilan o‘z mavqeini saqlab qolishga urinishlar bo‘lishi tabiiy hol. Lekin 9 may kuni G‘alaba paradida prezidentlarning ishtirok etishi, o‘zaro muloqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, biz aloqalarni uzish yo‘lidan borayotganimiz yo‘q. Keyingi vaqtlarda G‘arb bilan ham iqtisodiy munosabatlarning kuchayib borayotgani, turli nufuzli delegatsiyalarning mintaqamizga tashrifi Rossiyaning g‘ashiga tegayotgan bo‘lishi mumkin.
 
- Xitoy yetakchisining yana bir fikriga e’tiboringizni qaratmoqchiman. “Dunyoga barqaror MO kerak. Mintaqa davlatlari tashqi aralashuvga, shuningdek, “rangli inqiloblarni qo‘zg‘atishga bo‘lgan urinishlar”ga yo‘l qo‘ymasligi kerak”, deydi u. Mana shu rangli inqiloblar borasidagi xavotirlar qanchalik asosli deb o‘ylaysiz?
 
- Bilasizmi, ayni shu so‘zlar mening ham e’tiborimni tortdi va Xitoy raisining ma’ruzasini o‘qib chiqdim. U yerda sal boshqacharoq yozilgan. Ya’ni “biz MO davlatlari bilan birga, hamkorlikda tashqi destruktiv harakatlarga, rangli inqiloblarga, shuningdek uchta salbiy kuch – terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi birgalikda kurashishimiz kerak” deyilgan. Xitoy raisi “rangli inqilob” atamasini avval ham ishlatgan. Chunki asos ham bo‘lganda – Qirg‘izistonda bir necha marta, mana Qozog‘istonda shunday voqealar ro‘y berdi-ku. Qozog‘iston rasmiylarining o‘zlari tan olib aytganlaridek, bu voqealar tashqi kuchlarning aralashuvi bilan yuz berli. Xitoy esa ma’lumki, mintaqamiz bilan chegaradosh davlat. Mintaqamizdagi mana shunday rangli inqiloblar chog‘ida Xitoy iqtisodiyoti juda katta zararlar ko‘rgan. Shu sababdan ham Xitoyga barqaror Markaziy Osiyo kerak. Va shu bilan birga, MO davlatlari hamkorlik masalasida faqatgina bitta davlat bilan cheklanib qololmaydi. Xitoy bilan ham, Rossiya, AQSH va boshqa davlatlar bilan ham aloqalarni rivojlantirib borish zarur.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Chin” so‘zini aytganlardan Rossiya nega arazlayapti?
ePN