28 may, yakshanba kuni Turkiya tarixida birinchi marta prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi bo‘lib o‘tadi.
Rasmiy matbuotning xabar berishicha, saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 08:00 dan 17:00 gacha ishlaydi. Mamlakat bo‘ylab 191 mingdan ortiq saylov qutilari o‘rnatiladi. Saylovchilar soni 60 million kishidan oshadi.
14 may kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berishning birinchi bosqichi natijalariga ko‘ra, nomzodlardan hech biri 50 foiz ololmadi. Jumhur ittifoqidan nomzod, amaldagi prezident Rajab Toyyib Erdog‘an (49,52 foiz ovoz) va Millatlar ittifoqidan nomzod, Jumhuriyat Xalq partiyasi (JXP) yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘li (44,88 foiz) olib, ikkinchi turda qatnashish huquqiga ega bo‘lganidan xabardorsiz.
Ovozlarni sanash saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 17:00da yopilganidan keyin boshlanadi.
Sog‘lig‘i sababli saylov uchastkalariga kela olmagan saylovchilar uchun “ko‘chma saylov qutilari” ishlaydi. Shuningdek, 14 may kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarda bo‘lgani kabi, ko‘rishda muammolari bo‘lgan fuqarolar ham maxsus tayyorlangan shablon bo‘yicha ovoz berishlari mumkin bo‘ladi.
Xorijda yashayotgan Turkiya fuqarolari uchun ovoz berish 24 may kuni yakunlandi. 73 mamlakatda jami 3,5 million saylovchi ovoz berdi.
Xorijdan saylov qutilari havo va diplomatik pochta orqali Anqaraga yetkazildi. Ular boshqa saylov qutilari qatori yakshanba oqshomida ovoz berish tugaganidan keyin ochiladi.
Saylov natijalari to‘g‘risidagi translyatsiyani taqiqlash 28 may, yakshanba kuni soat 21:00 gacha amal qiladi. Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan taqiq qonun hujjatlarida belgilangan muddatdan oldin olib tashlanishi mumkin.
Saylov oldidan...
Erdog‘an kecha juma namozini Istanbul shahridagi Chamlija masjidida ado etdi. Chamlija Erdog‘anning tashabbusi bilan 2016 yilda foydalanishga topshirilgan va Turkiyadagi eng katta masjid hisoblanadi. Ushbu masjidda 65 ming namozxon bir vaqtning o‘zida ibodat qilish mumkin.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an vatandoshlarini prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida faol ishtirok etishga chaqirdi. Duolar qildi.
Ikkinchi nomzod Kamol Qilichdoro‘g‘li FOXHaber telekanali orqali musulmonlarga murojaat qilib:
“Erdog‘anga ovoz berib, gunohga botmang. Xolis musulmon bunday katta gunohga yo‘l qo‘ya olmaydi. Musulmon shunaqa qiladimi-ya”, dedi.
Bu gaplari ijtimoiy tarmoqda qizg‘in muhokama qilinib, “Bay Kamol shayx obraziga kirib oldimi?” degan zaharxandalar yangradi.
14 mayda bo‘lib o‘tgan birinchi tur saylovi oldidan Erdog‘an shom va xufton namozlarini Aya Sofiya masjidida o‘qigan va jamoat bilan birga duolar qilgandi. Qilichdoro‘g‘li esa Anqaradagi Otaturk yodgorligiga ziyoratga borgandi.
Bu safargi saylovlarning kunlari shu qadar ajoyib kunlarga qo‘yilganki, ularning ramziy ma’nolarini ko‘rib, odam hayron qoladi. Masalan, birinchi tur o‘tgan 14 may kunini olaylik. 1950 yili xuddi shu kuni Otaturk tuzgan partiyaning yakka hukmronligiga chek qo‘ya olgan Adnan Menderes va uning do‘stlari hokimiyat tepasiga kelgan hamda dindorlarga katta erkinliklar berib, yopilgan masjid va madrasalarning faoliyatiga ruxsat bergandi (bugun u haqda alohida maqola chop etildi). Ikkinchi tur saylovining ertasi kuni, ya’ni 1453 yil 29 mayda Sulton Muhammad Fotih Konstantinopolni fath etib, Istanbulga aylantirgan kun sanaladi. Xullas, saylov kunlari bejiz tanlanmaganiga amin bo‘lish mumkin.
Birinchi turda ATA ittifoqidan ko‘rsatilgan nomzod Sinon Og‘an ko‘pchilik kutganidek Qilichdoro‘g‘lini emas, balki Rajab Toyyib Erdog‘anni qo‘llaydigan bo‘ldi. Buning bir necha sabablari bor. Birinchisi, Qilichdoro‘g‘lining PKK terrorchilari bilan til biriktirgani bo‘lsa, ikkinchidan u o‘zining "hayot loyihasi" deb nomlangan muvaffaqiyatsiz loyihasini taqdim etgan va bunda Ozarbayjon "Ipak yo‘li" transport loyihasidan chetlatilgan. Og‘an asli ozarbayjon millatiga mansub bo‘lib, bir necha yil Bokuda ham ishlagan.
"Qilichdoro‘g‘li, sizning loyihangiz bema’ni! Men bu yerda tushuntiraman, HDPning butun maqsadi Qilichdoro‘g‘lini hokimiyatga olib kelish va Suriyada (ya’ni Suriya Kurdistoni) PKKistonni paydo qilishdir. Biz buning oldini oldik” – dedi Sinan Og‘an.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li ham Kamol Qilichdoro‘g‘lining Ozarbayjonni chetlab o‘tuvchi transport koridorini yaratish tashabbusini tanqid qildi.
“Turkning yo‘li Shusha, Jabroyil va Zangezurdan (ya’ni Erondan emas, Ozarbayjondan) o‘tadi”, dedi u.
ATA ittifoqidagi Zafar partiyasi raisi Umit O‘zdog‘ esa ikkinchi turda Qilichdoro‘g‘lini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda esa O‘zdog‘ning avvalroq Qilichdoro‘g‘li haqida aytgan gaplarini tarqatib, uni ikkiyuzlamachilikda ayblashmoqda.
"Agar Qilichdoro‘g‘li saylovlarda g‘alaba qozonsa, u XDPning (ya’ni kurdlar) qo‘llovi bilan hokimiyatga kelgan bo‘ladi, natijada ichki urush boshlanadi va FETO (Fathulloh Gulenchi terror guruhi) mamlakatga qaytadi", degandi Umid O‘zdog‘ ozgina avvalroq. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari "Qilichdoro‘g‘li va’da qilgan amal kursisining hirsi printsiplardan ustun kelganini" aytib, tanqid qilmoqda.
Darhaqiqat, birinchi turda bo‘lgani kabi 28 may kungi saylovda ham terror guruhlari kurdlarni Qilichdoro‘g‘liga ovoz berishga chaqirmoqda.
"Bizga qarshi doimo urush siyosatini olib borgan Erdog‘an Turkiyadagi saylovlarda yaxshi natijaga erisha olmadi. Turkiyada saylov natijalarini kurdlar belgilab beradi. Saylovlar bizning imkoniyatimizdir”. degan YPG terror tashkiloti vakili Nuri Mahmud.
Darvoqe, kurdlar haqida. Turkiyada 10-15 mln atrofida kurd millatiga mansub kishilar yashaydi. Ularning aytishicha, Otaturk zamonidan beri ta’qib ostidalar. Nafaqat turkcha maktabda o‘qish, balki o‘z tilida gaplashish ham taqiqlangani aytiladi. Ular bir vaqtlar PKK terror guruhini tuzib, Turkiyada 50 ming (ayrim manbalarda 80 ming) kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan. Iroq va Suriya shimolida ham kurdlar istiqomat qiladi. Shuning uchun IShIDni tuzgan ayrim g‘arbdagi davlatlar Turkiyaning janubi-sharqi, Suriya va Iroqning shimolida yangi Kurdiston davlatini tuzish uchun harakat qilishdi. Maqsad kuchayib borayotgan Turkiyani hamda Iroq va Suriyani parchalab, Isroil davlatiga muqarrar xavfni yo‘qotish edi.
Erdog‘an davrida PKK terrorchilariga munosib kurashildi va ularni qariyb “ovozi o‘chirildi”, boshqacha aytganda “inlariga kirib ketdi”. Shuning uchun tog‘u toshlarda berkinib yurgan terrorchilar Erdog‘anni yomon ko‘radi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi bir kishi kurdlar haqida shunday dedi. Uning gapidan ko‘p narsani tushunib olish mumkin.
“Hozir ana bu kurd yigitcha Qilichdoro‘g‘lini qo‘llash haqida gapirdi. Go‘yo Erdog‘an ularga yomonlik qilganmish. Agar men sizga aytsam, shu yigitning otasi 90-yillarda nafaqat davlat rahbari haqida bunaqa deyish, balki o‘z ona tilida (kurdcha) gapirgani ham qo‘rqardi. Men 1997 yili Shonli Urfadan Mardin viloyatiga armiyaga borganman. Yo‘llar va infratuzilma yomonligidan 24 kun yo‘l yurganmiz. Hozir mamlakatning bu boshidan narigi uchiga bir kunda yetib borish mumkin. Armiyada ekanimda PKKchilarning dastidan 5 ming askar bilan Suriya chegarasida joylashgan Idil tumaniga borolmaganmiz. Hozirgi hukumat shu yerdan neft olmoqda. Erkinlik shu darajadaki, prezidentlikka nomzod odam (Qilichdoro‘g‘li) bemalol “Men alaviyman” deya olyapti. Yana qanday erkinlik bo‘lishi mumkin”, deydi.
Erdog‘an konstitutsiyaga jiddiy o‘zgarish kiritmoqchi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an TRT telekanalidagi chiqishida o‘z ma’muriyatining asosiy vazifalaridan biri jumhuriyatning yangi konstitutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilish ekanini aytib o‘tdi.
Turkiya rahbari 28 may kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida g‘alaba qozonsa, mamlakat “butunlay o‘zgaradi” va “kelajakga boshqacha nazar tashlanadi. Ko‘plab muxoliflar “siyosiy murdaga” aylanadi, deydi u.
Erdog‘an Turkiya to‘ntarish davridagi "merosdan ozod bo‘lishi" zarur deb hisoblaydi. 1980 yildagi harbiy to‘ntarishdan so‘ng 1982 yilda yangi konstitutsiya qabul qilindi, u jiddiy o‘zgarishlarga uchragan bo‘lsa-da, hozir ham amalda.
Ikkinchi tur saylovlari G‘arb OAVlarida ham keng yoritilmoqda
▪️ The Independent (Britaniya) nashri:
“Birinchi raundni raqibidan 4 ochko oldinda yakunlagan Erdog‘an ikkinchi davrada ustunlikka ega. Iqtisodiy muammolarga qaramay, saylovchilarning muxolifat vaziyatni to‘g‘irlashiga yetarlicha ishonchi yo‘q. Uning tarafdorlari Erdog‘an Turkiyani jahon sahnasida muhim o‘yinchiga aylantira olishiga ishonishadi.
▪️ The New Arab (Britaniya):
“Turkiyadagi ikkinchi tur natijasi AQSh, Yevropa Ittifoqi, Rossiya va Yaqin Sharq uchun muhim ta’sir ko‘rsatadi”
▪️Amerikaning The Washington Post gazetasi:
“Prezident Erdog‘an saylovchilar oldida o‘zini yanada mustahkamladi. 6 fevral kuni Turkiyani larzaga solgan zilzilalardan so‘ng, Erdog‘an jabrlanganlarga katta yordam ko‘rsatib, hatto favqulodda inqirozlarni ham qat’iyat bilan yengib o‘ta olishini ko‘rsatdi. Bu aniq kuzatilgan fakt”.
▪️Germaniya Berliner Zeitung gazetasi:
“Germaniya Turkiya bilan strategik munosabatlar doirasida hamkorlik qilishi kerak edi. Lekin Germaniya o‘z manfaatlarini ko‘zlash o‘rniga Turkiya bilan munosabatlarini boshqa davlatlarga qoldirdi”.
▪️ Middle East Eye:
“Turkiyadagi saylovlarga bir necha kun qolganida Kilichdorog‘luning qadamlari turk muxolifatida yoriqlar yaratdi. Kelajakda tarixchilar bu kunni siyosiy o‘z joniga qasd qilishga urinish deb atashadi”.
▪️Isroilning The Jerusalem Post gazetasi:
Isroil Turkiyadagi saylovlardan ko‘p saboq olishi mumkin. Turkiya muxolifatining Erdog‘anni almashtirishga urinishi, mafkuraviy qo‘shilish o‘rtasidagi muammolar va kampaniyadan olingan xulosalar... Xullas, turklardan o‘rganishimiz kerak”.
Bizningcha, yevropalik hamkasblarimizning fikrlari maqolaga xulosa bo‘lib xizmat qiladi.
Avvallari ta’kidlaganimizdek, turk xalqi kimni saylashni o‘zi yaxshi biladi. Biz esa ularning qarorini hurmat qilishga majburmiz.
Abdulaziz Muborak
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!