17:45 / 04.06.2023
502

Rossiyada Ukrainaga bosqin uyushtirish muvaffaqiyatsiz chiqqanini tan ola boshlashdi

Rossiyada Ukrainaga bosqin uyushtirish muvaffaqiyatsiz chiqqanini tan ola boshlashdi
Foto: Videodan kadr
Rossiya Ukrainaga keng miqyosda bosqin boshlashidan avval prezident Vladimir Putin belgilab bergan maqsadlarning birortasiga erisha olmadi. Bu haqda RF Davlat dumasi qo‘mita raisi o‘rinbosari, «Yedinaya Rossiya» partiyasi a’zosi Konstantin Zatulin federal telekanal efirida aytgan.
 
Deputat Rossiya Ukrainani natsistlardan xalos qilish, qurolsizlantirish, neytral statusga qaytarish, shuningdek, o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «DXR» va «LXR» aholisini «himoya» qilishga kirishganini rasman e’lon qilgan edi, deb eslatgan.
«Bu punktlarning qay biri bo‘yicha natijaga erishdik?! Birortasiga ham. Boz ustiga, maqsadlardan ayrimlari ma’noga ega bo‘lmay qoldi. Masalan, Ukrainaning neytralligi. Bu talabni ilgari surish ortiq qanday ma’noga ega? Endi hech qanday ma’noga ega emas. Agar Ukraina mavjud bo‘lib qolaversa, u hech qachon neytral bo‘lmaydi», — degan Zatulin.
 
RF Davlat dumasi deputati, MDH, Yevrosiyo integratsiyasi va vatandoshlar bilan aloqalar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Konstantin Zatulin toki G‘arb Ukrainani hozirgidek qo‘llab turar ekan, Rossiya hech qachon Ukrainani nimadir qilish uchun egallay olmasligini ta’kidlagan.
 
«Bo‘layotgan ishlar oqibatida Ukraina Zelenskiy yoki uning vorislari rahbarligi ostida qoladimi yoki yo‘q, degan savol o‘rtaga chiqadi. Qoladi, chunki ularga ko‘rsatilayotgan yordam tufayli buni yengib o‘tish uchun kuchimiz yetmaydi», — degan Zatulin.
 
Uning fikricha, garchi Rossiya rahbariyati ushbu mavzu bo‘yicha so‘z ochmagan bo‘lsa-da, paydo bo‘lgan vaziyatni juda yaxshi anglab turganini «bildirib» qo‘ymoqda.
 
Umuman, Ukrainani mahv etish uchun bir yarim yilcha avval boshlangan urush Rossiya hududiga ko‘chishi Rossiya rahbariyatining rejasida umuman bo‘lmagani turgan gap. Birgina 2023 yilning may oyiga kelib, Rossiya hududlarining o‘qqa tutilishi bir necha karraga oshib ketdi. 8 ta shaharga har kuni hujum uyushtirilmoqda, o‘lganlar va yarador bo‘lganlar soni 300 ga yaqinlashib qoldi.
Belgorod oblastidagi chegara nazorat o‘tkazish punktiga qilingan hujum. Foto: Vladimir Aleksandrov / Anadolu Agency / Getty Images
2023 yil yanvarida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga bostirib kirish maqsadlarini tushuntira turib, «insonlarni va eng avvalo Rossiyani himoya qilish», degan edi.
 
FXX ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya hududlariga 2 ming martadan ortiq hujum uyushtirilgan. 1 iyun kuni Belgorod oblastidagi 40 ming kishilik Shebekino shahri rekord darajada o‘qqa tutildi. O‘tgan yilning fevral oyidan buyon Rossiya hududida 52 kishi o‘qqa uchib halok bo‘lgan, 242 kishi yaralangan, deb yozadi «Novaya-Yevropa». Ularning teng yarmi Belgorod oblasti fuqarolari.
 
May oyida RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov «maxsus harbiy amaliyot» Rossiya hududlari o‘qqa tutilmasligi uchun davom ettirilishini aytgan edi. Lekin kundan kunga havodan hujumlar soni ortib bormoqda.
 
May oyida gubernatorlar o‘z hududlari 281 marta o‘qqa tutilganini ma’lum qilishdi. Bu aprel oyidagiga nisbatan to‘rt barobar ko‘p. Har kuni o‘rtacha 8 ta aholi yashash punkti o‘qqa tutilmoqda. Allaqachon 2 mingdan ortiq fuqarolik va sanoat obyektlari nishonga aylandi, ularning orasida neft bazalari, Moskvadagi ko‘p qavatli uylar, hattoki Kreml qubbasi ham bor.
Infografika: Rossiya shaharlariga qilingan hujumlar
Shebekino — Ukraina chegarasidan 6 km masofada joylashgan kichikroq shaharcha. O‘tgan yil oktyabr oyida Ukraina qurolli kuchlari muvaffaqiyatli qarshi hujumi bilan Xarkiv oblasti shimolini ozod etganidan so‘ng shebekinoliklar va o‘nga yaqin qishloqlar aholisi doimiy artilleriya o‘qlari ostida yashashmoqda.
 
22 maydan vaziyat yanada murakkablashdi — oblast hududiga Ukrainadan diversantlar bostirib kirishdi va chegaraoldi qishloqlarida janglar boshlanib ketdi.
 
Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi Belgorod oblasti hududiga «Rus ko‘ngillilari korpusi» va «Rossiyaga ozodlik» legioni jangchilari kirganini tasdiqladi. Shu kuni kechqurun Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov aksilterror operatsiya rejimini joriy etdi, oradan bir kun o‘tib, RF mudofaa vazirligi chegarani buzib o‘tgan guruh tor-mor qilingani haqida hisobot berdi.
 
Chegara buzib o‘tilgach, chegaraoldi qishloqlarini o‘qqa tutish yanada kuchaydi. Belgorod oblastida har kuni kamida 15 ta aholi yashash punkti bombalar ostida qolmoqda. Ularning barchasida ham evakuatsiya e’lon qilinmagan. Aholisi evakuatsiya qilingan Shebekinoda uylar va do‘konlarni marodyorlar talamoqda.
 
31 may kuni Shebekinodan bolalarni olib chiqa boshlashdi, ertasi kuni shaharcha urush boshlanganidan buyon eng kuchli yopirilma o‘q yomg‘iriga duchor bo‘ldi — 16 kishi yarador bo‘lib, shifoxonaga yotqizildi. Undan tashqari, 1 iyun kuni «Rus ko‘ngillilari korpusi» a’zolari Rossiya bilan chegarada ekanliklari, «juda yaqin fursatlarda Shebekino ko‘rinish berishi»ni aytib, video tarqatishdi.
 
Gubernator Gladkovning aytishicha, urush boshlanganidan buyon Belgorod oblastiga kamida beshta qo‘poruvchilar guruhi bostirib kirgan. «Yaqin haftalar ichida chegaraoldi hududlariga yangi reydlar uyushtirilishi mumkin, — deya vaziyatni sharhlaydi harbiy ekspert Yuriy Fyodorov. — Ukrainaliklar o‘zlari istagan maqsad — aholining noroziligi va chegaralar zaif ekanini ko‘rsatish uchun Rossiya ichkarisiga bir necha kilometr bostirib kirsa bas».
 
Chegaraoldi hududlaridan tashqari, chegaradan ming kilometr naridagi obyektlar ham nishonga aylanmoqda. So‘nggi oy ichida dronlar ikki bor Moskvagacha uchib kelishdi. Shuningdek, Voronej, Kaluga, Pskov, Tver va Smolensk oblastlariga ham havodan hujum uyushtirildi.
 
27 may kuni pilotsiz parvoz qurilmalari Tver va Pskov oblastlarida neftni qayta ishlash stansiyalariga, 31 may kuni Krasnodar o‘lkasidagi ikkita NQZga, 2 iyun kuni Smolensk oblasidagi «Transneft» stansiyasiga hujum qildi. Avvalroq dronlar Tuapse va Belgoroddagi neft bazalarigacha uchib kelolgan edi, lekin shu paytgacha Ukraina chegarasidan bu qadar uzoqlikdagi sanoat nishonlarini ura olmagan edi.
 
Urush boshlanganidan buyon pilotsiz parvoz qurilmalari bilan 16 marta neft bazalariga hujum uyushtirilgan, ularning aksar qismi shu yilning bahorida ro‘y berdi.
 
30 may kuni pilotsiz parvoz qurilmalari Moskva shahri va Moskva ostonasini nishonga olishdi. Turli manbalarga ko‘ra 8 tadan 25 tagacha dron uchib kelgan. Mudofaa vazirligining «yopirilish» muvaffaqiyatli bartaraf etilgani haqidagi bayonotiga qaramasdan, uchta dron ko‘p qavatli uylarga borib urilgan.
 
Baholarga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon 2204 ta fuqarolik, infratuzilma va sanoat obyektlariga zarba berilgan. Ularning chorak qismi so‘nggi oyda ro‘y bergan.
 
Birgina Belgorod oblastida 3544 ta turar joylarga zarar yetkazilgan. Ularning 418 tasi tiklab bo‘lmas darajada shikastlangan. Belgorodliklarni vayron bo‘lgan uylardan ko‘chirish uchun 9,4 milliard rubl mablag‘ zarur bo‘ladi.
 
«Poytaxt Moskvaga hujumdan farqli o‘laroq, neft omborlari harbiy ahamiyatga ega bo‘lgani uchun nishonga aylanmoqda. Moskvaning o‘qqa tutilishi psixologik effekt keltirib chiqarish uchun amalga oshirilmoqda. Bu Rossiyaning omma ongiga berilgan zarba, — deydi harbiy ekspert Yuriy Fyodorov. — Boz ustiga, ko‘p qavatli uylarga kelib urilgan dronlarning asl nishonlari nomenklatura umrguzaronlik qilishni yaxshi ko‘radigan poytaxtning chekka hududlari bo‘lgan».
 
«Moskva havo hujumidan mudofaa qilish tizimi shtatli ravishda, qoniqarli ishladi. Garchi, hali ishlash kerak bo‘lgan jihatlar mavjud bo‘lsa ham», — dedi Putin. Peskov esa, o‘z navbatida, poytaxtning himoyalanganligi masalasini sharhlashni rad etib, HHM tizimi «yaxshi ishlagani»ni qayd etgan.
 
Biroq, Rossiya HHM tizimlari hujumlarning faqat 20 foizini bartaraf eta olayotgani hisoblab chiqilgan. «Rossiya HHM tizimi toki dronlarni eng yaxshi himoyalangan bo‘lishi talab etilayotgan obyektlargacha o‘tkazib yuborayotgan ekan, demak yetarli tarzda yomon ishlamoqda», — deydi harbiy ekspert Yuriy Fyodorov.
 
Bir oy muqaddam dronlar Kremlgacha uchib kelganida RF prezidentining matbuot xizmati ushbu hujumni rejalashtirilgan terakt va Putinga suiqasd deb baholagan edi. «Rossiya tomoni javob choralarini qachon, qayerda, qay tarzda qaytarish huquqini o‘zida saqlab qoladi», — deyilgan matbuot xizmati xabarida.
 
Moskvaga dronlar yana yopirilgach, Putinning o‘zi javob choralari haqida gapirdi: «Ular bizni aks ta’sirga provokatsiya qilmoqda. Biz bu narsa bilan nima qilishni o‘ylab ko‘ramiz».
 
Moskva javob qaytarishi mumkin bo‘lgan yagona chora — Ukraina shaharlariga raketa zarbalarini yog‘dirish, deb hisoblaydi Fyodorov: «Rossiya o‘zi o‘rganib qolganidek harakat qiladi — bombardimon qilish, raketa zarbalari berish. Hozircha Kremlda bundan ortig‘ini o‘ylab topisholmaydi».
Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada Ukrainaga bosqin uyushtirish muvaffaqiyatsiz chiqqanini tan ola boshlashdi
ePN