18:00 / 09.07.2023
382

Ozarbayjon va Armaniston yarashmoqda: mintaqa endi Rossiyaning “tomorqasi” emasmi?

Ozarbayjon va Armaniston yarashmoqda: mintaqa endi Rossiyaning “tomorqasi” emasmi?

Ma’lumki, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi so‘nggi uchrashuvda “Tinchlik va davlatlararo munosabatlarni o‘rnatish bo‘yicha ikki tomonlama bitim”ning qo‘shimcha moddalari kelishib olindi. Bu bitimning tomonlar va mintaqadagi global aktyorlar uchun qanday ahamiyati bor?

“Tinchlik va davlatlararo munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitim” nimani anglatadi?

27-29 iyun kunlari Ozarbayjon va Armaniston tashqi ishlar vazirlari AQSHning Virjiniya shtatida muhim uchrashuv o‘tkazdi. Uch kun davom etgan muzokaralar poydevori may oyida qo‘yilgan edi. Oxirgi uchrashuvda tomonlar o‘rtasida “Tinchlik va davlatlararo munosabatlarni o‘rnatish to‘g‘risida”gi ikki tomonlama bitim” loyihasining qo‘shimcha moddalari bo‘yicha kelishuvga erishilgani e’lon qilindi. Uchrashuv mintaqada tomonlar o‘rtasidagi davomiy tinchlikni ta’minlash borasida nihoyat muhim qadam tashlangani jihatidan ham alohida ahamiyat kasb etadi.

Boshqa tomondan, imzolangan kelishuvga Rossiyaning mintaqadagi tarixiy aloqalari va qudrati zaiflashib qolgani ko‘rsatuvchi muhim signal sifatida ham qaralmoqda. Zero, Qorabog‘ urushidan keyin Rossiya tinchlikparvar kuchlari tomonlar o‘rtasida mustahkam tinchlik o‘rnata olmagani Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida jiddiy muammolarni keltirib chiqardi. Bundan tashqari, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukraina bilan urushda zadalangan obro‘-e’tibori, qolaversa, Vagner XHKning oxiriga yetmagan isyoni AQSH va G‘arb olamining mintaqada faolroq rol o‘ynashi uchun qulay imkoniyat yaratgan ko‘rinadi. Shu sababdan bu bitim ham tomonlar o‘rtasida mustahkam tinchlikni ta’minlash nuqtai nazaridan hal qiluvchi ahamiyatga ega, ham Rossiyaga yo‘naltirilgan  o‘ziga xos ma’noli ishoradir.

Bu so‘nggi paytlarda Kavkazning strategik ahamiyati ortib borayotganidan dalolat beradi va mintaqa endi Rossiyaning “tomorqasi” sifatida ko‘rilmaydi.

Shartnoma AQSH, Rossiya va Xitoy uchun qanday ahamiyatga ega?

Bu kelishuv Qorabog‘ urushida jarayondan chetda qolganidan ko‘ngli to‘lmay yurgan AQSH uchun hali ham “dunyo politsiyasi” ekani va mintaqada uning aralashuvi va sa’y-harakatlari bilangina tinchlikka erishish mumkin ekanini ko‘rsatib qo‘yish jihatidan muhim. Ma’lumki, AQSH kabi G‘arb dunyosida ham bu borada jiddiy harakat qilishdi, tomonlarning tez-tez uchrashuvlar o‘tkazishiga vositachi bo‘lishdi. Hatto AQSH, G‘arb va Rossiya o‘rtasida vaqti-vaqti bilan muzokaralar o‘tkazilishi odatiy holga aylangan. Nihoyat, may oyida tomonlar Vashingtonda uchrashganidan so‘ng, may oyi oxirida Rossiya boshchiligida javob uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Shu sababdan, mazkur bitim AQSH va Rossiya o‘rtasidagi o‘zaro xabarlarni o‘z ichiga olganini aytish mumkin. Chunki Qorabog‘ning ishg‘oldan ozod etilishi bilan AQSHning tinchlikparvar siyosati o‘rtasidagi bog‘liqlik ko‘zga tashlana boshladi. Vagnerning Rossiyaga qarshi qadamlari Rossiyaning mavqeini zaiflashtirgan bir paytda, AQSHning mintaqaga bo‘lgan yaqindan qiziqishi ortida Putinga ham bir ishorani ham o‘z ichiga oladi. Aytish mumkinki, AQSH ma’muriyati mintaqadagi davlatlarga Putin olib kela olmagan doimiy tinchlikni olib kelishga va’da bergan.

Bundan tashqari, AQSH ushbu uch tomonlama kelishuv bilan mintaqadagi Rossiya, Xitoy va Eronga xabar yo‘llashga harakat qilmoqda. AQSHning bu tutumi bilan Eron va yangi davrda “Bir kamar bir yo‘l” loyihasi bilan yuzini bu mintaqaga qaratgan va Kavkaz davlatlarini bu loyihaga kiritgan Xitoyga qarshi xabar bergani ko‘rinib turibdi. Xitoy, ayniqsa, Ozarbayjonning energiya manbalari, Gruziya va Armanistonning joylashuvi va bu mintaqaning "Bir kamar, bir yo‘l" loyihasi uchun hayotiy ahamiyatini yaxshi biladi. Qo‘shma Shtatlar esa Turkiyaning, ayniqsa, "O‘rta koridor"da joylashgan davlat sifatidagi strategik mavqeini yaxshi anglagan holda mintaqada qutblanish siyosatini yuritmoqda. Shunday qilib, AQSH tinchlik shartnomalari bilan Janubiy Kavkaz davlatlarini o‘z tomoniga og‘dirishga intilmoqda.

Bu holat, shuningdek, Janubiy Kavkazdagi dinamikaning naqadar sezgir ekanini, Ukraina urushi va ko‘plab global o‘zgarishlar “kapalak effekti” yaratib, mintaqaga qay darajada bevosita va bilvosita ta’sir qilishi mumkinligini ham ochib beradi.

Uchrashuvning turkiy davlatlar uchun ahamiyati nimada?

Tog‘li Qorabog‘ g‘alabasi Turk davlatlari tashkilotining geosiyosiy ahamiyatiga ta’sir etuvchi asosiy omil bo‘ldi. Bu urushning Ozarbayjon foydasiga hal bo‘lishi Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning hamjihat bo‘lishi va turkiy dunyoni kuchayishiga ijobiy ta’sir qildi, Turkiy davlatlari tashkiloti integratsiyasi yo‘lida katta qadam qo‘yish uchun eshik ochdi. 

Yaqin kelajakda Turkiy davlatlar tashkilotida o‘zaro hamkorlikka asoslangan siyosiy, harbiy, iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy tuzilma barpo etish imkoniyati yuzaga keldi.

Bu davlatlar tashqi savdo hajmi, investitsion zaxiralari va ishlab chiqarish quvvatlari bilan mintaqada jiddiy iqtisodiy kuchga ega. Ushbu kuchdan to‘liq foyda olish va siyosiy natijalarga erishish uchun tegishli davlatlar o‘zlarining tashqi va iqtisodiy siyosatlarini o‘zaro muvofiqlashtirishi kerak. Muvofiqlashtirishning ilg‘or darajasi Yevropa Ittifoqida bo‘lgani kabi siyosiy va iqtisodiy integratsiya bo‘lib, bu Turkiy davlatlar tashkiloti bilan ham amalga oshishi kutilgan narsadir. Shu nuqtada, energiya ta’minoti haqida alohida urg‘u berish kerak. Ozarbayjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmanistonning neft va tabiiy gaz resurslari bo‘yicha boy zahiralarga ega bo‘lishi va Turkiyaning geosiyosiy mavqei tufayli bu resurslarni Yevropaga o‘tkazish salohiyati Turkiy davlatlar tashkilotining geosiyosiy ahamiyatini yanada kuchaytiradi.

44 kunlik Qorabog‘ urushi ortidan xususan, Turkiya-Ozarbayjon, umuman turkiy davlatlar munosabatlarida yangi davr boshlandi va Shusha deklaratsiyasi bilan bu aloqalar tarixiy cho‘qqisiga ko‘tarildi. Shusha deklaratsiyasi ikki davlat o‘rtasidagi harbiy, ta’lim, madaniyat, savdo, mudofaa va boshqa ko‘plab sohalardagi munosabatlarda ham hamkorlik, ham ittifoqchilikni o‘z ichiga olgani bilan muhim va strategik ahamiyatga ega. Shu bois yangi davrda AQSH ham Turkiyaning Janubiy Kavkazdagi ahamiyati ortib borayotganini diqqat bilan kuzatmoqda, ham Rossiyaning mintaqadagi qudratini zaiflashtirish maqsadida Janubiy Kavkaz davlatlari bilan yaqindan ish olib bormoqda.

Turkiyaning Ozarbayjon bilan yaqinlashishi va Shusha deklaratsiyasi bilan kuchayib borayotgan strategik ittifoqi AQSHni ham chuqur tashvishga solmoqda. Chunki AQSH mintaqadagi NATO davlati sifatida Turkiyadan AQSHdan mustaqil harakat qilishdan ko‘ra uning yonida turishini kutmoqda. AQSH ham NATO davlatlari orqali Kavkazda Xitoy, Rossiya va Eronga qarshi keng ittifoq tuzishga harakat qilmoqda va bu ittifoqni kengaytirish va mustahkamlash maqsadida harakat qilayotgan Turkiyani o‘z yonida ko‘rmoqchi.

Turkiya esa mintaqa bilan tarixiy, madaniy va siyosiy aloqalari tufayli AQSH boshchiligidagi ittifoqda ishtirok etishdan ko‘ra, o‘z siyosiy qarorlari doirasida mustaqil qadam tashlash niyatida. Shu sababli, u Armaniston bilan normallashuv haqida gapiradigan bo‘lsak, tabir joiz bo‘lsa, o‘z kindigini o‘zi kesishga harakat qilmoqda. O‘tmishda AQSH va G‘arb dunyosi ishtirokidagi Syurix protokollari amalga oshirilmaganini hisobga olsak, bu qaror qanchalik to‘g‘ri bo‘lganini unutmaslik kerak.

Biroq global miqyosdagi ba’zi o‘zgarishlar Turkiya-Armaniston munosabatlarida hamon muhim rol o‘ynamoqda. Qorabog‘ urushidan so‘ng Turkiyaning nafaqat Ozarbayjon, balki turkiy dunyo bilan ham aloqalarida muhim qadamlar tashlangan bo‘lib, Zangezur yo‘lagining ochilishi bilan bu qadamlar, ayniqsa, Turkiya bilan munosabatlarda yanada yuqori bosqichga olib chiqadi.

Manba: Azon.uz


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ozarbayjon va Armaniston yarashmoqda: mintaqa endi Rossiyaning “tomorqasi” emasmi?
ePN