Saudiya Arabistonida Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish yuzasidan RF ishtirokisiz muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda 40 ta davlatdan kelgan diplomatlar qatnashdi. Saudiya taklif etgan tinchlik rejasi Kiyev xohishiga zid keldi.
“Geosiyosat”ning bugungi sonida Jiddadagi muzokaralar haqida siyosatshunoslar Farhod Tolipov va Kamoliddin Rabbimov so‘z yuritadi.
— Tinchlik rejasi bo‘yicha bunga qadar ham bu kabi formatda muzokaralar tashkil qilingan, masalan, avvalgisi Kopengagen shahrida bo‘lgandi. Lekin hozircha samara bo‘lmayapti. Bunday muzokaralar urushda burilishga sabab bo‘la olishi mumkinmi?
Farhod Tolipov: Keskin o‘zgarishga sabab bo‘lmasa ham, u yoki bu shaklda ta’sir qiladi baribir. Bu ta’sir balki bugun-erta emas, keyinroq ko‘rinar balki. Strategik muloqot tushunchasi bor, ya’ni urush jarayonida urushayotgan tomonlar va ularning atrofidagilar bir-biriga xabar yuborgandek bo‘lib, bayonotlar va boshqa ko‘rinishdagi signallar beradi. Bunda kelajakda bo‘lishi mumkin bo‘lgan potensiallar ko‘rsatiladi.
Jiddadagi sammitni ham strategik muloqot deb atagan bo‘lardim. Bu yerda 40 dan ortiq davlatlar qatnashdi. Rossiya tomoni sammitning yakuniy hujjatlarini qabul qilmasligini aytdi. Bunga sabab qilib Rossiyaning o‘zini taklif etishmaganini keltirdi. Sammitga Zelenskiy bir nechta takliflar bilan keldi, bu bilan u o‘z pozitsiyasi borligini ko‘rsatdi. Rossiya yolg‘izlanyapti, azaliy hamkorlari ham o‘zini tortyapti, shuning uchun urushni tezroq tugatish kerak, degan signal bo‘ldi sammitda.
Kamoliddin Rabbimov: Shu paytgacha ham urushni to‘xtatish uchun bir nechta loyihalar bor edi, deylik, Ukraina, Xitoy yoki Rossiya loyihasi, YEIning loyihasi ham bor edi. Borgan sari mana shu loyihalar birlashib, asosiy tamoyillar universallashyapti. O‘tgan yili 14 ta tamoyildan iborat Xitoyning loyihasi bor edi, lekin juda ziddiyatli edi.
Endi dunyoda 2 ta asosiy loyiha shakllanyapti. Rossiya loyihasi: «Biz endi Ukraina yurish qilmaymiz, lekin egallab olgan joylarimizni ham qaytarmaymiz, aholimizga ko‘rsatishimiz uchun biror bir natija kerak», degan mazmunda. Ukrainaning loyihasi esa albatta uning hududiy yaxlitligi tan olinib, suvereniteti mustahkamlanishi. Bu tamoyilni barcha davlatlar, jumladan, Xitoy ham tan olyapti.
Saudiya Arabistonidagi muzokaralardan keyin, hali davlat rahbarlari ishtirokida ham sammit bo‘ladi. Xitoyning bu sammitda ishtirok etishi Rossiya bilan biroz masofa saqlayotganini ko‘rsatdi. To‘g‘ri, Rossiya bilan aloqalari yaxshi bo‘laveradi, lekin vaziyatga nisbatan salbiy signal berdi Rossiyaga.
— Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan tinchlik muloqotiga Rossiya taklif qilinmadi. Urushning sababchisi bo‘lgan davlatsiz tinchlik kelishuviga erishish qanchalik mantiqli? Rossiya TIV so‘zlovchisi Mariya Zaxarova Jiddadagi sammitni «G‘arb tomonidan Rossiyaga qarshi tuzilayotgan koalitsiya» deb atadi.
Farhod Tolipov: Rossiya amaldorlari va propagandachilari tomonidan doim har xil fikrlar aytilgan. Mariya Zaxarovaning sammit orqali g‘arb koalitsiyasi tuzilyapti, degan gapi ham shunday, hayron bo‘lmaslik kerak. U yerdagi davlatlarning yarmi g‘arbdan emas, qolaversa, Xitoy ham bor. Xitoy esa Rossiyaga qarshi G‘arb koalitsiyasiga hech qachon qo‘shilmasa kerak. Rossiyada ularga nimaiki yoqmasa, buning ortida g‘arb turibdi degan tafakkur bor. Shundan boshqa fantaziya topa olishmayapti. Bunday bayonotlarga e’tibor berish shartmas.
Rossiya tomoni ham anglayaptiki, bunday sammit-uchrashuvlar orqali oxir-oqibatda Rossiyaga qarshi yakdil tamoyillar shakllanyapti, ratsional jarayonlar ketayotgani irratsional tomonga ko‘rsatilyapti. Rossiya o‘zining yolg‘izlanib borayotganini his qilmasligi mumkin emas. Jiddadagi sammitning vazifalaridan biri ham Rossiyaning yolg‘izlanayotganini ko‘rsatish. Yaqin bo‘lgan Xitoy ham norozi kayfiyatda. Rossiyaning do‘stlari faqat Afrikada qolayotganga o‘xshayapti (yaqinda Rossiya–Afrika sammiti bo‘lib o‘tgandi).
E’tiborlisi, Jiddadagi sammitning bir qator ishtirokchilari – BMTdagi Rossiyaga qarshi rezolyutsiyalarda betaraf bo‘lib turgan davlatlar.
Kamoliddin Rabbimov: Sammitda eng katta foyda ko‘rgan davlat – Saudiya Arabistonining o‘zi. Yevropaning taniqli OAVlari yoritishicha, Saudiya Arabistoni o‘zini katta diplomatik qudratga ega davlat sifatida namoyon qilyapti. Haqiqatan ham, Saudiya Xitoy bilan ijobiy munosabatda, Amerikaning an’anaviy ittifoqchisi, OPЕK+ doirasida esa Rossiya bilan ham juda yaxshi aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Ayni Saudiya va Rossiya neft narxini belgilashda asosiy rol o‘ynaydi.
2002 yildan 2014 yilgacha dunyo bozorida bir barrel neft narxi 100-120 dollar bo‘ldi. Shuning ortidan Putin misli ko‘rilmagan daromad oldi. Ayni shu sababdan Gruziya va boshqa davlatlarga urush ochdi. Saudiya Arabistonining aynan shu neft richagi orqali Kremlga ta’sir qilish salohiyati katta.
Muhammad bin Salmon hokimiyatga kelgach, Saudiya geosiyosiy masalalarda mustaqil bo‘lishga harakat qilyapti. Erdo‘g‘anga o‘xshab G‘arbga yaqin, lekin kezi kelganda mustaqil o‘yin qila olyapti. Ya’ni bugungi rasmiy Ar-Riyodga Vashingtonning aytgani aytgan, degani degan emas. Bu nuqtayi nazardan, Moskva ham anglaydiki, Saudiya bilan munosabatlar yomonlashuvi Rossiyaga katta zarar yetkaza oladi. Ayniqsa neft narxlari orqali. Rossiya ham bugungi Saudiya AQSH bilan unchalik yaqin emasligini ko‘rib turibdi, shu omil ham ularni o‘ylashga majbur qiladi.
Normuhammad Ali suhbatlashdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!