date
views 285

JARda BRICS sammiti ochildi: global janub davlatlari nimani muhokama qilishadi?

JARda BRICS sammiti ochildi: global janub davlatlari nimani muhokama qilishadi?

Foto: Marco Longari / AFP / Scanpix / LETA
Janubiy Afrika Respublikasining Yohannesburg shahrida BRICS sammiti ochildi. Bu tashkilot jahondagi rivojlanayotgan eng yirik besh iqtisodiyotga ega davlatlar — Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va JARni birlashtiradi. Xo‘sh, 15-bor tashkillashtirilayotgan sammitdan nimalar kutilmoqda?

Qayd etish joizki, BRICS'ga a’zo davlatlar rahbarlari ichidan faqat Rossiya prezidenti Vladimir Putin sammitda bevosita ishtirok etmaydi, chunki Haagadagi Xalqaro jinoyat sudi orderiga ko‘ra uni bu davlatda hibsga olishlari mumkin.

Xo‘sh, BRICS ishtirokchilari nimalarni muhokama qilishadi, ekspertlar bu sammitdan nimalar kutishmoqda?

Putinsiz BRICS haqida

Davlatlar hamdo‘stligiga 2006 yilda Sankt-Peterburgda o‘tgan iqtisodiy forumdan so‘ng asos solingan. Avvaliga ittifoq ishtirokchilari 4 ta edi — Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy. 2009 yilda ularga Afrikaning eng intensiv iqtisodiyotidan biri sifatida JAR ham qo‘shildi. Tashkilot a’zolari o‘z iqtisodiyotlarining G‘arbga bog‘liqligini kamaytirishga intilib kelishadi. BRICS davlatlari hukumatlari har yili rasmiy sammitlarda uchrashishadi, bundan tashqari TIV, Moliya vazirligi va boshqa davlat institutlari darajasida ham uchrashuvlar o‘tkazib turiladi. BRICS'ning so‘nggi sammiti 2022 yil iyunida Xitoyda bo‘lib o‘tgandi.

JARda Rossiya delegatsiyasiga RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshchilik qiladi. Putin sammitga bormasligi iyul oyi oxirlarida uzil-kesil ma’lum bo‘lgan edi. ⁠JAR Rim statutini ratifikatsiya qilgan, shuning uchun u JARga borsa Janubiy Afrika Respublikasi Xalqaro jinoyat sudi orderiga ko‘ra uni hibsga olib, topshirishi shart edi. Haaga xalqaro sudi shu yilning 17 mart kuni Putinni Ukrainaning noqonuniy okkupatsiya qilingan hududlaridan voyaga yetmagan bolalarni Rossiyaga deportatsiya qilganlikda ayblab, hibsga olish uchun order bergan edi. Rossiya prezidenti BRICS sammitida videoaloqa orqali ishtirok etadi.

Bosh mavzu — BRICS'ning kengayishi

24 avgustgacha davom etadigan sammitda ishtirok etish uchun Lotin Amerikasi, Osiyo va Afrikaning 60 dan ziyod davlatlari yetakchilariga taklifnoma jo‘natilgan. BRICS'ning kengaytirilishi asosiy mavzulardan biri bo‘ladi. 40 dan ziyod davlatlar tashkilotga a’zo bo‘lish uchun xohish bildirishgan, ularning 23 tasi rasmiy ariza topshirishgan. Bu davlatlar orasida Argentina, Misr, Eron, Jazoir, Habashiston (Efiopiya), Indoneziya, BAA, Saudiya Arabistoni va Senegal kabi davlatlar bor.

BRICS'ga a’zo bo‘lish uchun asosiy nomzodlar Indoneziya, Saudiya Arabistoni va Argentina hisoblanadi. Rossiya Eronning arizasini qo‘llab-quvvatlamoqchi, Braziliya esa — Argentina va Venesuelanikini. Kutilishicha, BRICS vakillari sammitda yangi a’zolarni qabul qilish mezonlarini ham tasdiqlashadi.

Financial Times nashrining qayd etishicha, Xitoy BRICS 'ni G7'ga asosiy raqobatchi, rivojlanayotgan dunyoning G‘arbga qarshi chiqishi mumkin bo‘lgan siyosiy bloki sifatida ko‘rmoqda. «Agar biz BRICS'ni uning a’zolarining YAIMi G7 davlatlariga teng darajada kengaytirsak, bizning birgalikdagi ovozimizni butun dunyoda yaxshiroq eshitishadi», — degan nashrga o‘z nomini oshkor etmagan xitoylik oliy martabali mulozim.

O‘z navbatida Hindiston BRICS'ning kengayishi masalasida yetarlicha bosiqlik bilan munosabatda bo‘lmoqda. Hindlar bu tashkilotni rivojlanayotgan iqtisodiy klub sifatidagina ko‘rishni istamoqda, deb yozadi FT. Shu munosabat bilan ekspertlarga XXR raisi Si Jinping va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi nimalar deyishi juda qiziq. G‘arb tomonidan ihotalangan Rossiya esa neytral global janub davlatlari bilan do‘stlashib, sanksiya oqibatlarini yumshatish uchun BRICS G7'ning real muqobili bo‘lishidan manfaatdor.

«G‘arb Rossiyani ihotalashga urinayotgan hozirgi geosiyosiy vaziyatda Rossiya uchun BRICS davlatlari va boshqa mintaqalar bilan o‘z aloqalarini kengaytirish o‘ta muhim. Hozirgi sharoitlarda BRICS Rossiya uchun nihoyatda muhim ahamiyatga ega», — degan Global muloqot instituti ijrochi direktori Filani Mtembu.

JAR hukumati avvaldan murosa pozitsiyasini egallagan. Mamlakat tashqi ishlar vaziri BRICS'ning kengaytirilishi G‘arbga qarshi harakat deb hisoblash «mohiyatan noto‘g‘ri» bo‘lishini ta’kidlagan. Xuddi shu tarzdagi fikrni JAR prezidenti Siril Ramafosa ham aytgan. Unga ko‘ra, BRICS o‘z safiga yangi davlatlarni qabul qilganidan keyin ham aksilg‘arb xarakterga ega bo‘lmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, davlatlar raqobat qiluvchi lagerlarga bo‘linishadi, biroq kengaygan BRICS «dunyoning muvozanatlashgan tartibiga umumiy intilish»ni qo‘llab-quvvatlovchi, turli siyosiy tizimga ega bo‘lgan davlatlar guruhini tasmil etadi.

«Bizga yaxshilikni ravo ko‘rmaydigan ayrimlar ularning siyosiy va mafkuraviy tanlovini ochiq qo‘llab-quvvatlashimizni talab qilayotganiga qaramasdan, biz jahonning barqudrat davlatlari o‘rtasidagi bahslashuvga aralashmaymiz», — deya va’da bergan Ramafosa.

Biroq, FT'ning qayd etishicha, «G‘arb poytaxtlarida Eron, Belarus va Venesuelaning ehtimoliy a’zoligini Rossiya va Xitoyning pozitsiyasi mustahkamlanishidan boshqa narsa deb qabul qilishlari dargumon».

Dollardan voz kechish va yagona valyuta masalasi

Ekspertlar sammitda BRICS'ning yagona valyutasi muhokama qilinishini ham kutishmoqda. Bu valyuta dollar o‘rnini bosib, undan o‘zaro hisob-kitoblarda foydalaniladi — BRICS'da hattoki bu maqsad yo‘lida Shanghayda ochilgan o‘z banki ham bor. Biroq bu juda murakkab masala, BRICS mamlakatlari valyutalari (yuan hisobga olinmaganda) juda o‘zgaruvchan, rublning so‘nggi haftalardagi ahvoli bunga misol. Hozircha yagona valyuta asosida savdo hisob-kitoblari qanday bo‘lishini tasavvur qilish qiyin. Iqtisodchilar qayd etishicha, birlashma a’zolarida umumiy iqtisodiy makon ham yo‘q, ular o‘z mahsulotlarini turli bozorlarga eksport qilishadi.

Bloomberg nashri yozishicha, sammitning iqtisodiy natijalari cheklangan bo‘ladi, yagona valyuta borasida hech qanday arzirli qaror qabul qilinmaydi. Tahlilchilar prognozlariga ko‘ra, dollarlashuvdan voz kechish masalasi BRICS a’zolarining o‘zaro savdosida mahalliy valyutalar ulushini oshirish tavsiyasi bilangina cheklanadi.

Biroq ekspertlar BRICS'da salohiyat ham ko‘rishmoqda.

«15 yil ichida blok o‘zining o‘sib borayotgan iqtisodiy vaznini siyosiy vaznga aylantira olmadi, — deb yozadi Bloomberg. — Biroq Xitoy va AQSH o‘rtasida iqtisodiy raqobat tobora o‘sib borayotgan va bo‘lingan bugungi dunyoda, Rossiyaning Ukrainaga bosqini sharoitida blok global Janubning ovoziga aylanishi hamda istiqbolda AQSH va uning ittifoqchilari bilan raqobatga kirishishi uchun imkoniyat bor».

Xalqaro valyuta jamg‘armasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, bugun BRICS va G7 alyanslarining har biri jahon YAIMiga 30 foizga yaqin ulush qo‘shishadi. BRICS o‘tgan yillar ichida «Katta yettilik»ni quvib yetdi. So‘nggi o‘ttiz yil ichida BRICS'ning jahon YAIMidagi ulushi ikki barobar o‘sgan bo‘lsa, G7 davlatlariniki, aksincha, kamaygan — 90-yillarda «katta yettilik»ning ulushi 45 foizni tashkil etardi. BRICS'da iqtisodiy holat Xitoy sharofati bilan yaxshilanib bormoqda. Blokning umumiy YAIMining uchdan ikki qismi Xitoyga to‘g‘ri keladi.

BRICS o‘z mamlakatlari aholisi soni bo‘yicha G7'ni katta farq bilan ortda qoldiradi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, G7 davlatlarida jahon aholisining 10 foizi yashasa, BRICS'da bu ko‘rsatkich 43 foiz (3,21 mlrd kishi).

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » JARda BRICS sammiti ochildi: global janub davlatlari nimani muhokama qilishadi?