Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy harakatlari nisbatan arab davlatlari yetakchilari bayonotlari, ayniqsa Turkiya rahbari Erdo‘g‘anning keskin chiqishlari nimadan dalolat beradi? Bu bayonotlar boshlangan yangi urushga qanday ta’sir ko‘rsatadi? «Geosiyosat»ning navbatdagi sonida siyosiy tahlilchi Ravshan G‘oziyev shu haqdagi fikrlarini bildirdi.
— Arab davlatlari va Turkiyaning keskin bayonotlari qanday natija berishi mumkin?
— Bayonotlar bekorga berilmaydi, amaliy natija ham bo‘ladi. Har bir bayonotning aniq maqsadi bor. Birinchi navbatda bu bayonotlar davlatlar pozitsiyasini belgilab beradi. Ikkinchidan esa ogohlantirish, signal vazifasini o‘taydi. Befarq emasligini, natijalaridan xavotirda ekanini bildiradi bayonotlar.
Keskin bayonotlar doim ta’sir ko‘rsatish kuchiga ega bo‘ladi. Turkiyaning ham oxirgi bayonotlari shunday keskinlashib boryapti. Erdo‘g‘an birinchi parlamentda, keyin katta namoyishda o‘z pozitsiyasini bildirdi. Bu namoyishda Erdo‘g‘an ikki masalaga katta urg‘u beradi: Isroilga jinoyatchi davlat sifatida qarash va Netanyahu hukumatini ayblash; sababchi sifatida G‘arb davlatlarini ko‘rsatib, gumanitar inqirozga javobgar degan pozitsiya bildiryapti.
Bu bayonotlar o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Erdo‘g‘an chiqishlaridan keyin G‘arb mediasi uni muhokama qildi. Katta-katta OAVlar bu bo‘yicha materiallar e’lon qilyapti. Turkiya har doim bunday masalalarda «qaltis» davlat bo‘lgan va G‘arbda doim Turkiya pozitsiyasi muhokama qilingan. Isroil uchun eng katta xavfli davlat sifatida ham Turkiyani aytishadi. Harbiylar soni, texnologiyalar jihatdan ancha rivojlangan. Shuning uchun ham G‘arbda Turkiya pozitsiyasi muhim sanaladi.
Aynan Erdo‘g‘an davrida tashqi siyosatda faollik kuzatildi. Yaqin Sharq masalasida ham doimiy pozitsiya bildirildi. Namoyishda Livanda, Qorabog‘da erishilgan ishlar ham ta’kidlandi. Ukraina-Rossiya urushida ham Turkiyaning o‘rni sezilarli, ayniqsa harbiy dronlar yetkazib berish. Bundan tashqari, Rossiya bilan ham aloqalar qilyapti, bunday ikki konfliktli davlat bilan hamkorlik qilish oson emas. Turkiyaning bunday faol tashqi siyosati G‘arbni xavotirga ham solyapti.
Ukraina urushi sababli G‘arb davlatlari charchagan. Shuning uchun Yaqin Sharq mintaqasida mintaqaviy kuchlar pozitsiyasini kuchaytirib yuborishi mumkin. Shundan ham qo‘rqadi G‘arb.
Arab davlatlarining bu masalada katta ta’sir vositalari bor, lekin amalga oshirmayapti. Masalan, 1973 yildagi neft inqirozi katta bosim bo‘lgan Isroil va G‘arb uchun. (1973 yil Yom Kippur urushida Saudiya qiroli Faysal ibn Abdulaziz as-Saud G‘arbga neft yetkazib berishni to‘xtatdi. Shundan so‘ng Faysal 1975 yil o‘z jiyani tomonidan o‘ldirilgan)
Lekin arablar shu paytgacha urushlarda bir natijaga erishmadi, shuning uchun Isroilni tan ola boshladi. Hozir arab davlatlaridan Qatar, Jazoir, Saudiya biroz keskin bayonot berdi, boshqalarida bunday emas. Balki muzokaralarga qaytish, muammoni chuqurlashtirmaslik masalasi ham bordir.
Isroil keng ko‘lamda hujumga o‘tishni aytgandi, ammo qisman o‘tdi. Chunki G‘azoda aholi juda zich joylashgan, joy tor. Bunday hududdagi har qanday harbiy harakat kuchli gumanitar inqiroz keltirib chiqaradi. Allaqachon boshlangan ham bunday inqiroz. Isroilliklar ham qarshi bo‘lyapti bu urushga, kuni kecha Natanyahu uyiga borib, hokimiyatdan ketishini talab qilganlar ham bor. Bunday gumanitar inqiroz barcha davlatlarni xavotirga soladi. Isroilga qarshi turli harakatlar, chaqiriqlar ko‘payib ketdi butun dunyoda. Agar Turkiya, Eron kabi davlatlar urushga bevosita aralashsa, vaziyat yanada og‘irlashib ketishi mumkin. 60-70-yillardagi vaziyat takrorlanib, mintaqada xavfsizlik butunlay izdan chiqadi.
1967 yilgi chegaraga qaytishgina bu mojarolarni hal qiladi, bo‘lmasa, to‘xtamaydi bu konflikt. HAMAS ketsa, o‘rniga boshqasi chiqaveradi. Yagona yechim 1967 yilgi rezolyutsiya bo‘yicha ikki davlat tuzilishi. Guterrishning bayonoti ham shunga qaratilgan.
— Turkiya va Isroil qanchalik o‘zaro bog‘liq? Ikki davlat munosabatlari qanday?
— O‘tgan asrda Isroil va Turkiya munosabatlari yaxshi bo‘lgan. Lekin bugungiday vaziyatlarda Turkiya pozitsiyasi o‘zgarib turgan. Hozirgi vaziyatda ham Turkiya birinchi bosiqlikka chaqirdi, lekin Al-Ahli shifoxonasi portlatilgach, keskin bayonotlar berdi. Turkiya bunga befarq qarolmaydi. Chunki Turkiya jamoatchiligi shuni talab qiladi davlatdan, Erdo‘g‘an istamagan bo‘lganda ham xalq bosimi bilan shunday bayonotlar berishga majbur bo‘lardi.
Turkiyaning ta’sir richaglari. Qora dengiz loyihasi, Yevropaga gaz yetkazish masalalari bor edi. Ikki davlat bu borada muzokaralar o‘tkazgandi, lekin hozir to‘xtagan bu ishlar. Savdo-iqtisodiy aloqalar masalasi ham bor. 2002 yilda o‘zaro aylanma 1,5 mlrd dollar atrofida bo‘lgan, 2022 yilda esa 9 mlrdga yetgan. Asosan Turkiya eksport qilgan, Isroil esa 2 mlrd dollarlik mahsulot eksport qilgan Turkiyaga. Lekin Isroilga boshqa foydali tomonlari ham bor. Ya’ni mintaqa davlatlar bilan aloqani yaxshilash masalasi. Chunki faqat Yevropa yoki Amerika bilan aloqalar orqali rivojlanish qiyin masala, bundan tashqari, tranzit masalalari ham bor. Shuning uchun Turkiya bilan savdo aloqalar ham bosim sifatida rol o‘ynaydi.
Bundan tashqari, Isroil va Turkiya o‘rtasida harbiy aloqalar yaxshi rivojlangan edi. Isroil ko‘p miqdorda qurol-yarog‘ va harbiy texnika-qurilmalar uchun qismlar sotadi Turkiyaga. Endi bu aloqalar bir muddat to‘xtab qolishi mumkin.
— Mojaroda Qatarning o‘rni qanday?
— Qatarning o‘rni oxirgi paytlarda katta. Umuman, mintaqadagi geosiyosiy jarayonlarda muhim rol o‘ynayapti, xususan, ayni masalada ham. Shuning uchun ham bu masalada vositachilikni Qatar va Misrga berdi AQSH. Misr Isroil ittifoqchisi, Qatar esa neytral ko‘rinishdagi HAMAS tarafdori. Gaz yetkazish loyihalarida ham asosiy ishtirokchi Qatar edi, bu ham ta’sir vositasi. Bundan tashqari, Qatar mediasi juda yaxshi ishlaydi. Masalan, «Al-Jazira» media tashkiloti ham arab dunyosiga katta ta’sir ko‘rsata oladi, aksariyat arab davlatlarida tomosha qilinadi. Umuman, Qatarning o‘rni muhim.
Turkiya masalasiga qaytsak. Erdo‘g‘an oxirgi namoyishni Istanbulda qilganiyam bir signal. Turkiya mustaqillik bayrami ham aynan Istanbulda bo‘ldi bu safar. Anqara Otaturk asos solgan zamonaviy Turkiyaning poytaxti. Istanbulda bo‘lishi orqali Erdo‘g‘an yaqin kelajakda Turkiya siyosati «neo-Usmonizm» g‘oyasi atrofida bo‘lishiga signal bergandir. Shunday bo‘lsa, Yaqin Sharqdagi Turkiya harakatlari kuchayadi. Otaturk Yaqin Sharqni Turkiya uchun keraksiz degan bo‘lsa, Erdo‘g‘an uchun unday emas. Erdo‘g‘anning harakatlari G‘arbga ham, Isroilga ham va musulmon dunyosiga ham signal deyish mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring