Demokratik jamiyatlarda saylovchilarning u yoki bu masaladagi fikri o‘zgarishi ma’lum vaqt o‘tib siyosiy qarorlarga ta’sir qila boshlaydi. Xo‘sh, dunyoning eng katta demokratiyasi bo‘lmish AQSHda Isroil va Ukrainani qo‘llash pozitsiyasiga nisbatan jamoatchilik qanday munosabatda bo‘lyapti? Kun.uz shu haqdagi savollar bilan “Amerika ovozi” muharriri Navbahor Imamovaga yuzlandi.
— AQSH jamiyatida HAMAS-Isroil urushi qanday muhokama qilinyapti?
— 7 oktyabrdan keyin AQSHning deyarli barcha yirik shaharlarida Isroil va Falastin tarafdorlari tomonidan namoyishlarni kuzatdik. Oq uy, Kongress oldida namoyishlar kuniga bir necha marta bo‘layotgan edi, hozir biroz pasaygan. Lekin boshqa bir dinamika bo‘lyapti. Yaqin Sharq masalasi doim qo‘zg‘alib turardi, shuning uchun odamlar o‘rganib qolgandi, ammo G‘azoda qon to‘kilishi ko‘lami ko‘paygach, bunga munosabat keskin o‘zgardi.
Amerikaliklar biz nega Isroilni qo‘llayapmiz, degan savolni qo‘ya boshladi. Ommaviy so‘rovnomalardan ham buni ko‘rish mumkin. Jamiyatda nega Falastin haligacha mustaqil bo‘lmayapti, qurol-yarog‘ga ajratilayotgan pullar qayerga ketyapti kabi savollar ko‘p yangrayapti.
Amerikaliklarning aksariyati Isroilni qo‘llab kelgan. AQSH aholisining 2,5 foizi yahudiy, musulmonlar esa 1 foiz. Ammo oxirgi paytda Falastin tarafdorlari jadallik bilan ko‘payyapti. Tendensiya o‘zgaryapti. Isroilni qo‘llab kelayotganlar ham pozitsiyasini aniqlashtirib, biz faqat yahudiy davlati tarafdorimiz, bosqinchilik tarafdori emasmiz, deyapti. Ya’ni Isroil tarafdorlari ham hozirgi hukumat qilayotgan ishlarni qoralayapti. Hatto respublikachi siyosatchilar orasida ham shunday qarashlilar bor. Lekin baribir umumiy holatda Isroilni qo‘llovchilar ko‘p.
Yevropada Falastinni qo‘llash doim AQSHdagidan yuqori bo‘lgan. AQSHda endi mana shu narsa kuchaymoqda, namoyishchilarning aksariyati Falastinni qo‘llovchilar tomonidan bo‘ldi. Ayniqsa, 18-34 yosh oralig‘idagi amerikaliklar ichida Falastinni qo‘llash kuchayyapti. Isroil tarafdorlari – asosan respublikachi konservatorlar. Demokratlardagi yoshlar ichida Isroilga nisbatan g‘azab katta.
Yaqin Sharq masalasida mutlaq ikkiga bo‘linish yo‘q bu yerda, turlicha pozitsiyalar mavjud. Iroq, Afg‘oniston urushlarida ham dastlab hukumatni qo‘llash kuchli bo‘lgan, keyin susaygan. Isroil va Falastin mojarosi juda uzoq yillik bo‘lgani uchun bu narsa odatiy hol bo‘lib, chaqnash ko‘rsatmas edi jamiyatda. Bugun esa savollar ko‘paymoqda.
Odamlar Isroildan voz kechaylik, demayapti, balki yahudiylarni qo‘llaylik, Isroilning hozirgi siyosatini emas, deyapti. Bosim ancha yuqori, prezidentlik saylovlarida ham asosiy nuqtalardan biri bo‘ladi bu masala.
— Amerikaliklarning Ukrainadagi urushga nisbatan munosabat-chi?
— Bu masalada ham boshida qo‘llov yuqori edi, hozir pasaygan. Aksariyat amerikaliklar Ukrainani qo‘llash kerak, demokratik davlat bo‘lishi kerak, deyishyapti, lekin shartsiz ko‘makka qarshilar ko‘p. Respublikachilar, demokratlar orasida ham bunday fikr bor. Jamiyatning ikki partiyaga ham xayrixoh bo‘lmagan neytral qatlamida Ukrainaga, Tayvanga sarflanayotgan pullarni o‘zimizga sarflashimiz kerak, deydiganlar ham bor.
Respublikachilar Ukrainadan ko‘ra ko‘proq Isroilga yordam berish haqida gapiradi, demokratlar esa hammaga yordam berish kerak, deyapti. Yuqorida aytilgan neytral qatlam esa nega biz bu davlatlarni qaysidir ma’noda boqimandaga aylantiryapmiz, degan savol qo‘yyapti. Umuman, Ukraina masalasida ham noroziliklar kelib chiqyapti. Baydenning oxirgi ikkita taklifi Kongressda chetga surildi. Bayden ma’muriyati tashqi yordam uchun 105 mlrd so‘ragan bo‘lsa, shundan katta qismi Ukrainaga bo‘lishi nazarda tutildi. Vakillar palatasidagi yangi spiker Mayk Jonson biz Ukrainaga yordam bermaymiz, degan edi spikerlikka saylanayotgan paytda, ammo hozir biroz yumshab, yordam beramiz, deyapti, lekin keskin shartlar ham qo‘yilishini aytgan. Chunki shartsiz ko‘mak qoralana boshlangan AQSH jamiyatida.
Ukrainaga ham, Isroilga ham shart qo‘yish, vaqt belgilash kerakligini aytishyapti. Bayden xalqni ishontirishi mumkin, ammo uning prezidentlik muddati kam qoldi. Hali AQSH budjeti tasdiqlanmadi, xalq Kongressdan norozi buning uchun.
AQSHda saylovlarda ko‘proq iqtisodiyotga e’tibor qaratishadi. Shu ma’noda tashqi siyosatda ishlatilayotgan pullari ham muhim sanaladi. Deylik, Ukrainaga berilayotgan 67 mlrd dollar, bu mablag‘ AQSH uchun juda katta emas, ammo oddiy amerikalik uchun katta mablag‘ bu, shuning uchun ham bunga qarshi ular. Oldin bizning talablar qondirilsin, deyapti ular.
— Kelasi yil – saylovlar. So‘rovnomalarga ko‘ra, Bayden ma’muriyatining reytingi qanday?
— Turli OAVlar, tadqiqot markazlari tomonidan odamlar fikri deyarli har hafta o‘rganiladi. So‘rovnomalardagi dinamika tashqi va ichki siyosatdagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Prezidentning birinchi muddati oxiriga borib reytinglari past bo‘lishi AQSHda doim kuzatiladi. Boshida saylangan paytda reyting yuqori bo‘ladi, 50-55 foizgacha chiqadi, masalan, Obama davrida shunday edi. Bir necha oydan beri Bayden reytingi maksimum 40 foizga chiqyapti.
Bayden ikkinchi muddatga saylanmoqchi, odatga ko‘ra partiya bunga yo‘l beradi. Respublikachilardan esa Tramp qayta saylanishni ko‘zlayapti. Uning o‘ziga ishonchi juda yuqori, boshqa raqobatchilari bilan debatlarda qatnashmayapti ham, chunki reytingi balandroq ulardan. Baydenga nisbatan munosabatda tashqi siyosat omili ancha muhimlashgan hozir, chunki Yaqin Sharqda Isroilga yordam berishi, Ukraina masalasi, Xitoy bilan aloqalar kabi omillar bor.
— Isroilga Baydendan ko‘ra Tramp hukumati yaqinroq edi, shunday emasmi?
— Solishtirmagan bo‘lardim bu ikkisini. Chunki Tramp davrida Yaqin Sharqda hozirgiday harbiy harakatlar bo‘lgani yo‘q. G‘azodagi urush shu qadar keng ko‘lamdaki, yaqin o‘tmishda qiyoslaydigan vaziyat yo‘q bunga. Tramp davrida ham Yaqin Sharqda vaziyatlar bo‘ldi, ammo ular urush darajasida emasdi.
AQSH hukumati doim Isroilni qo‘llab kelgan. Bunga respublikachilar ko‘proq xayrixohlik bildiradi. Ya’ni ular Yaqin Sharqda mana shunday demokratik davlat bo‘lishi kerak, deyishadi. Ana endigi vaziyatda amerikaliklar mana shu shartsiz ko‘makni so‘roq ostiga olishyapti.
Bayden hukumati HAMASni terrorchi tashkilot sifatida e’tirof etib, Isroil uni yo‘q qilishidan manfaatdormiz, degan pozitsiyada. Jarayonlar qanday bo‘ladi – ko‘p narsa shunga bog‘liq. Urush to‘xtaydigan bo‘lsa, bu argumentni ham qo‘llaydi saylovda. Lekin vaziyat murakkablashib, qurbonlar ko‘payib ketsa, munosabat salbiylashadi. Shuning uchun Bayden ma’muriyati tinchlik o‘rnatilishi, G‘azoda Falastin ma’muriyati hukmronlik qilishini istashini bildiryapti. Falastinga xalqaro yordamni oshirib, hukumatini qo‘llashni aytyapti. Ammo Isroil bunga qarshi, bu esa Bayden uchun katta boshog‘riq bo‘ladi.
Agar Oq uyga quloq soladigan bo‘lsak, ular ikkita alohida davlat tuzish harakatidamiz, deydi. Lekin boshqa bir narsa bor, ikki qo‘shni davlat tinch yashashi uchun, buni ularning o‘zi istashi kerak deyishadi. Hali falastinliklar nomidan kim gapirishi ham unchalik ma’lum emas. Oldin mana shunday muammolar hal qilinishi kerak. Ammo so‘nggi paytda Oq uyda bu borada salmoqli ishlar qilishga harakat bo‘lyapti, chunki Baydenning qayta saylanishi uchun bu muhim.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring