22:47 / 05.01.2024
252

Eron tarixidagi eng yirik terakt. Bu Yaqin Sharqqa qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Eron tarixidagi eng yirik terakt. Bu Yaqin Sharqqa qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Foto: WANA/GETTY IMAGES

3 yanvar kuni Eronning Kirmon shahrida Islom inqilobi muhofizlari korpusining marhum generali Qosim Sulaymoniy dafn etilgan joyda ikkita portlash sodir bo‘ldi. Uning natijasida kamida 84 kishi halok bo‘lib, 200 dan ortiq kishi jarohat olgan — ekspertlar hodisani Islom respublikasi tarixidagi eng yirik terakt deb baholamoqda. Bu terakt Yaqin Sharqda shusiz ham noxush bo‘lgan muhitni yanada yomonlashtirishi va hatto mintaqaviy mojaroga sabab bo‘lishi mumkin.

«Meduza» nashri ayni vaqtga kelib Kirmondagi portlashlar to‘g‘risida nimalar ma’lumligi va general Sulaymoniy nega Eron uchun AQSh bilan kurash ramziga aylangan muhim figura ekani, Tehrondagi rasmiylar hamda g‘arb nashrlarining manbalari hodisaning qanday versiyalarini ilgari surayotganini keltirib o‘tdi.

3 yanvar kuni Eronda general Qosim Sulaymoniy o‘ldirilganining to‘rt yilligi bilan o‘tkazilgan xotira marosimi vaqtida ikki bor portlash ro‘y berdi. IRNA davlat axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, birinchi portlash Sulaymoniy dafn etilgan joydan 700 metr masofada, ikkinchisi — taxminan 15 daqiqa o‘tib, maqbaradan bir kilometr uzoqlikda ro‘y bergan. Mahalliy nashrlarning yozishicha, ikkinchi portlash nishoni qabristondan qochib chiqqan odamlar bo‘lgan.

Avvaliga Eron davlat nashrlari terakt oqibatida 103 kishi halok bo‘lganini yozgandi. Ammo keyingi kuni rasmiylar  boshqa raqamlarni keltirdi — mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Bahrom Eynollohiyning izohlashicha, qurbonlar ro‘yxatida ayrim nomlar takroran yozilgan.

CNN va BBC ma’lumotlariga ko‘ra, portlash oqibatida kamida 84 kishi halok bo‘lgan. Yana 200 dan ortiq kishi (turli manbalarga ko‘ra, 211 dan 284 nafargacha) hujum vaqtida jarohatlangan — shu bilan birga, eronlik mulozimlarga ko‘ra, yaradorlarning ko‘pchilik qismi og‘ir ahvolda va qurbonlar soni ortishi mumkin.

Eron davlat televideniyesida namoyish etilgan kadrlarda portlash vaqtida ko‘plab odamlar xotirlash marosimida ishtirok etayotganini ko‘rish mumkin — ular Sulaymoniy tasvirlangan transparantlar osilgan yo‘l bo‘ylab harakatlanishgan. General o‘zi tug‘ilib o‘sgan Kirmon shahrida, Eronda shahidlar deb hisoblanuvchi yana 1024 kishi bilan birgalikda Gulzor Shohad qabristoniga dafn etilgan — bu joy AQSh va G‘arbga qarshi «Qarshilik o‘qi» tarafdorlari uchun ziyorat qilinadigan manzilgohga aylangan, deya yozadi The Guardian.

Islom inqilobi muhofizlari korpusiga aloqador sanaladigan Tasnim axborot agentligi o‘z manbasiga tayanib, «bombalar joylashtirilgan ikkita sumka», katta ehtimol bilan «masofadan boshqarilgan holda portlatilgani» haqida yozdi. Ammko Kirmon provinsiyasi gubernatori keyinroq rasmiylar bombalar masofadan turib yoki xudkush terrorchilar ishtirokida portlatilgani borasida aniq ma’lumotga ega emasligini aytdi. The Guardian nashri portlashlarni «Mamlakatda 1979 yilgi Eron inqilobidan keyingi davrda ro‘y bergan eng ajalvor terrorchilik hodisasi» deb atadi.

General Sulaymoniy mamlakatda oyatullohdan keyingi eng nufuzli shaxs sanalgan. Uni Tramp buyrug‘iga ko‘ra o‘ldirishgan (AQShning oldingi prezidentlari bunga jur’at qilmagandi)

2020 yil 3 yanvar kuni amerikaliklar droni general Sulaymoniy, shuningdek «Kataib Hizbulloh»ning (Iroqdagi Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan shialar guruhi) bir necha yuqori martabali qo‘mondonlari ketayotgan avtomobillar karvoniga zarba bergandi. Ko‘p o‘tmay Donald Tramp tvitter sahifasida hech qanday izohsiz Amerika bayrog‘i tasvirini joylashtiradi. Bir necha daqiqadan keyin esa Eron rasmiy shaxslarining akkauntlarida Eron bayrog‘i tasviri va qasos olish bo‘yicha va’dalar paydo bo‘ladi. Keyin esa Qosim Sulaymoniyning o‘limi rasman tasdiqlanadi.

Mojaro tarixi

General Sulaymoniyning o‘limiga olib kelgan mojaro 2020 yil 27 dekabrida Iroqning Kirkuk shahri yaqinidagi Amerika harbiy bazasiga o‘ttizdan ortiq raketa uchirilishi tufayli boshlangandi. Hujum oqibatida amerikalik pudratchi tadbirkor halok bo‘lib, AQSh va Iroqning bir necha fuqarolari yaralangandi. Amerika hukumati hujumda «Kataib Hizbulloh»ni ayblagan.

29 dekabr kuni AQSh «Kataib Hizbulloh»ning Iroq va Suriya hududlaridagi pozitsiyalarini bombardimon qilish bilan javob qaytargan, buning oqibatida 24 kishi halok bo‘lgan. Ikki kun o‘tib, 31 dekabrda guruh tarafdorlari Bag‘dodda Amerika elchixonasi tomon marsh uyushtirgan, natijada shaharning eng yaxshi qo‘riqlanuvchi, «Yashil hudud» hudud nomli qismida joylashganiga qaramay elchixona faoliyatini to‘xtatib turishga majbur bo‘lgan. Namoyishchilar binoga shialar bayroqlarini ilishgan va devorlarga Amerikaga qarshi shiorlarni yozishgan. Donald Tramp elchixonaga hujum uchun Eronni ayblagan.

3 yanvar kungi hodisadan keyin esa Tramp ushbu general minglab amerikaliklar, shuningdek «millionlab» odamlar, jumladan eronliklar halok bo‘lishi va yaralanishi uchun mas’ulligini bildirgan. «Uni ko‘p yillar oldinroq yo‘q qilish kerak edi», — deb yozgan AQSh prezidenti va Sulaymoniydan vatanida ham nafratlanishlarini qo‘shimcha qilgan.

General Qosim Sulaymoniy Islom inqilobi muhofizlari korpusining xorijda razvedka va qurolli amaliyotlar o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi bo‘linmasi hisoblangan «Al-Quds»ga qo‘mondonlik qilgan. U 1957 yilda tug‘ilgan va Eronda 1979 yilgi islom inqilobi g‘alabasidan keyin harbiy sohadan ketgan. Ko‘p vaqt o‘tmay Eron va qo‘shni Iroq o‘rtasida urush boshlanadi, unda Sulaymoniy otryadga boshchilik qilib, o‘zini mohir taktik va jasur qo‘mondon sifatida namoyish etadi. Urushdan keyin esa u Afg‘oniston bilan chegarada giyohvandlik moddalar o‘tkazilishiga qarshi kurashadi.

1990-yillar oxirida u «Al-Quds» qo‘mondoniga aylanib, 2001 yil 11 sentabr voqealaridan keyin Amerikaning Afg‘onistonga bosqini boshlanganining ilk oylarida AQShga ushbu mamlakatda nishonlarni belgilashda yordam ko‘rsatadi (shia mazhabiga e’tiqod qiluvchi Eron va Afg‘onistonda hukmronlik qiluvchi sunniylar harakati bo‘lmish «Tolibon» o‘zaro urush holatida edi). Ammo keyinroq Amerika-Eron munosabatlari keskin yomonlashadi va AQSh Davlat departamenti Iroqda Saddam Husayn rejimini ag‘darish chog‘ida bir necha yuz amerikalik askarlar halok bo‘lishida Sulaymoniyni aybdor deb topadi.

Sulaymoniy Eronda juda katta ta’sir doirasiga ega edi. 1999 yildayoq u o‘sha vaqtdagi prezident Muhammad Xotamiydan muxolifatchilarning chiqishlarini shafqatsizlik bilan bostirishni talab qilib, aks holda harbiylar hokimiyatni o‘z qo‘liga olishiga ishora qilgan zobitlar safida bo‘lgan. Sulaymoniy Eron oliy rahnamosi oyatulloh Xominaiyga yaqin bo‘lgan, 2016 yilda konservatorlarning prezidentlikka ehtimoliy nomzodlaridan biri sifatida ko‘rilgan. Ko‘plar generalni Eronda Xominaiydan keyingi ikkinchi shaxs sifatida biladi, u amalda ham o‘shanda prezidentlikka saylangan Hasan Ruhoniydan ko‘ra kattaroq nufuzga ega edi. Aynan Sulaymoniyning sa’y-harakatlari tufayli Eron mintaqadagi ta’sir doirasini bu qadar oshirishga erishdi, deb yozadi The Guardian.

AQShning hozirgi prezidenti Jo Bayden Sulaymoniy o‘ldirilganida amerikaliklardan hech kim generalga aza tutmasligi, ammo Tramp «poroxli bochkaga dinamit tashlab yuborgani»ni aytgandi. Amerika nashrlari yozishicha, Trampdan oldingi prezidentlar Barak Obama va kichik Jorj Bush Eron bilan urush kelib chiqmasligi uchun Sulaymoniyni yo‘q qilishga jur’at eta olmagandi. O‘shanda Eron oliy rahnamosi Xominaiy Sulaymoniy vafoti munosabati bilan tutilajak uch kunlik motamdan keyin AQShga va generalning o‘limiga aloqador bo‘lganlarga «qaqshatqich zarba» berilishini e’lon qilgandi. Ammo bu yakunda bu voqea global mojaroga olib kelmaydi.

Eron rasmiylari portlashlarda Isroilni aybladi. Keyin esa hujum uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga oldi

Eronning yangi ichki ishlar vaziri Ahmad Vohidiy muayyan kuchlarni ayblashdan tiyildi va portlashlarni «fitna» deb atash bilan cheklandi. «Beshafqat jinoyatchilar shu palladan boshlab ularga qarshi qat’iy kurash olib borilishi va shubhasiz qattiq javob bo‘lishini bilishi kerak», — dedi Eron oliy rahnamosi oyatulloh Xominaiy. The New York Times manbasiga ko‘ra, oyatulloh harbiy qo‘mondonlarga «strategik sabr» namoyish etish va mamlakatni AQSh bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri qurolli to‘qnashuvga tortmaslikni buyurgan.

Ammo boshqa eronlik mulozimlar esa nisbatan aniqroq gapirgan: mamlakat prezidenti Ibrohim Raisiy telemurojaatida portlashlarda Isroilni ayblagan va bu hodisa ushbu mamlakatga «qimmatga tushishi»ni aytgan. Parlament spikeri o‘rinbosari Mujtabo Zolnuriy hodisani «sionistik rejim akti» deb atagan va qasos olinishiga va’da bergan. Eron sog‘liqni saqlash vazirligining sobiq rasmiysi Kianush Jahonpur «bu jinoyatga javob faqat Tel-Aviv va Hayfada berilishi lozimligi»ni yozgan. Prezident Raisiyning maslahatchisi Muhammad Jamshidiy ham Kirmondagi portlashlar uchun javobgarlikni Isroil va AQSh zimmasiga yukladi.

Portlashlardan keyin mamlakatning ko‘plab shaharlarida odamlar ko‘chalarga chiqib, Amerika va Isroilga qarshi shiorlarni aytishdi.

Yaqin Sharqda yangi urush boshlangach, Eron va Isroil o‘rtasidagi keskinlik kuchaygandi

2023 yil oktyabr oyi boshida The Wall Street Journal gazetasi o‘z manbasiga asoslangan holda Eron maxsus xizmatlari Isroilga hujum qilishni rejalashtirishda HAMASga yordam ko‘rsatgani haqida yozgandi. Tehron buni rad etgan. Lekin keyinroq The New York Times nashri Amerika razvedkasiga asoslanib yozishicha, Eron rahbariyati vakillari HAMASning rejasidan oldindan xabardor bo‘lmagan. 

25 dekabr kuni isroilliklarning Suriya bo‘ylab aviazarbasi oqibatida Islom inqilobi muhofizlari korpusining yuqori martabali qo‘mondonlaridan biri Sayid Rizo Musaviy halok bo‘ldi, shundan keyin rasmiy Tehron Isroil albatta o‘z harakatlari «xunini to‘lashi» bilan tahdid qildi. Bundan tashqari, Isroil raketa va dronlar orqali Yamanda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi isyonchi husiylarga hujum uyushtirdi. Husiylar ham Qizil dengizdagi tijorat kemalariga hujum qilib kelmoqda — va «Isroil G‘azoga insonparvarlik yordami o‘tkazilishiga ruxsat bermagunicha» to‘xtamaslikka va’da bergan. AQSh va Buyuk Britaniya avvalroq Erondan isyonchilarga madad ko‘rsatishni bas qilishni talab qilgandi.

29 dekabr kuni Al Arabiya Isroil Suriya poytaxti Damashq shahridagi xalqaro aeroportga aviazarba yo‘llagani haqida yozdi — telekanal manbasi ma’lumotiga ko‘ra, buning oqibatida Islom inqilobi muhofizlari korpusining 11 vakili halok bo‘lgan. Korpusdagilar o‘z a’zolari o‘limini tasdiqlamagan.

Davlat departamentidagilar Isroi teraktga aloqadorligini gumon qilish uchun AQShda asoslar yo‘qligini ma’lum qildi. The Wall Street Journal nashri manbasi buni tasdiqladi: Isroil o‘z ittifoqchilariga mamlakat maxsus xizmatlari Eronning Kirmon shahridagi voqealarga aloqador emasligini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, gazeta suhbatdoshlari portlashlar xususiyatiga ko‘ra isroilliklarning bungacha Eron xavfsizlik kuchlari bilan bog‘liq alohida shaxslar yoki infratuzilmalarga uyushtirgan hujumlari sxemasiga mos kelmasligini bildirgan.

G‘arb nashrlari bu IShID hujumi ekani haqida yozib chiqishdi. The New York Times suhbatdoshi «ayrim razvedka ma’lumotlari» IShID Kirmondagi portlashlarga aloqadorligini ko‘rsatayotgani haqida aytgan. Keyinroq CNN ham Oq uydagi nomi sir saqlanishini so‘ragan mulozimga asoslanib shunday ma’lumot tarqatdi. «O‘ylaymanki, bu chindan ham biz avval ko‘p guvoh bo‘lganimiz kabi IShID tomonidan uyushtirilgan terrorchilik hujumiga o‘xshamoqda. Va men tushunishimicha, bu bizning hozirgi versiyamiz», — degan suhbatdosh.

The Guardian nashri Islom inqilobi muhofizlari korpusi tomonidan boshqariladigan Fars agentligi sentabr oyida IShIDning Eron hududidagi terrorchilik amaliyotlar o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan muhim vakili aynan Kirmonda hibsga olingani haqida xabar berganini qayd etgan. Bundan tashqari, 2017 yilda IShIDning besh terrorchisidan iborat guruh Eron parlamenti va Ruhulloh Humayniy maqbarasiga hujum uyushtirib, tinch aholi vakillaridan 17 kishini o‘ldirgan va yana 43 kishini yaralagandi.

Ayrim amerikalik rasmiy shaxslar The New York Times bilan suhbatda terakt natijasida yirik mintaqaviy mojaro kelib chiqishini prognoz qilishga hali erta ekanini aytishgan — ammo nashr bunday xavf shubhasiz mavjudligini qayd etgan. «Yaqin Sharqda mintaqaviy urush boshlanishi ehtimoli 15 foizdan 30 foizga ortdi», — degan NATOning sobiq qo‘mondoni, iste’fodagi admiral Jyeyms Stavridis. U bu xavfni «hali ham nisbatan past, ammo avvalgidan ko‘ra yuqori va albatta, noqulay darajada yuqori» deb baholaydi.

  • 4 yanvar kuni Kirmondagi portlashlar uchun javobgarlikni IShID terrorchilik tashkiloti o‘z zimmasiga oldi. Tashkilot bayonotiga ko‘ra, qabristondagi portlashlar beliga portlovchi qurilmalar o‘rnatilgan xudkush terrorchilar tomonidan amalga oshirilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo