
Turkiyaning Nevshahir viloyatidagi Kappadokiya aeroportida qimmatbaho metallarni noqonuniy olib kirishga urinishning oldi olindi. Operatsiya davomida besh nafar o‘zbekistonlik va bir nafar turk fuqarosi qo‘lga olindi.
Ular 61 kilogrammdan ortiq oltinni noqonuniy yo‘l bilan olib kirishga uringan. Nevshahir politsiyasining kontrabanda va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimlari avvaldan olingan ma’lumot asosida ish olib bordi.
Gumonlanuvchilar – uch nafar ayol va ikki nafar erkak o‘zbekistonlik Istanbul orqali Kappadokiyaga uchayotgan edi. Ularning bagaji aeroport xodimlarida shubha uyg‘otdi, ayniqsa og‘irligi me’yordan oshgan maishiy texnika – go‘sht maydalagich va xamir qorish mashinalari alohida e’tiborni tortdi.
Maxsus uskunalar yordamida olib borilgan tekshiruv natijasida shubhalar tasdiqlandi. Oshxona texnikasi ichidan maxsus yashirilgan oltin quymalari topildi.
Ular metall qismlar ko‘rinishida bo‘lib, texnika ichida mohirona maskirovka qilingan edi. Qo‘lga olingan oltinning umumiy og‘irligi 61 kilogramm 121 grammni tashkil etdi.
Turk rasmiylari ushbu 24 karatli oltinning bozor qiymatini 355 million turk lirasi yoki qariyb 8,5 million AQSh dollari deb baholadi. Bu so‘nggi yillarda Turkiyada oltin kontrabandasining eng yirik holatlaridan biri sifatida qayd etildi.
Havo layneri yo‘lovchilariga qo‘shimcha ravishda, yukni kutib olish uchun kelgan bir nafar turk fuqarosi ham hibsga olindi. Qo‘lga olinganlarning barchasi darhol qamoqqa olindi va dastlabki tergov jarayonidan so‘ng sud organlariga yuborildi.
Shuningdek, o‘zbekistonlik gumondorlardan biri noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash boshqarmasiga topshirildi va deportatsiya qilinishi kutilmoqda. Hozirda oltinning kelib chiqishi va uning yakuniy manzili aniqlash uchun tergov ishlari davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar