12:12 / 22.01.2024
236

Arab dunyosida AQShga ishonchsizlik: Amerika o‘z strategiyasini o‘zgartiradimi?

Arab dunyosida AQShga ishonchsizlik: Amerika o‘z strategiyasini o‘zgartiradimi?

Avvaliga Isroilni shartsiz qo‘llashi bilan arab jamiyatlarida nufuzini yo‘qotgan AQSH keyinchalik Arab bahori, Afg‘oniston va Iroqdagi urushlar ortidan arab elitalaridagi ishonchni ham boy bera boshladi. G‘azodagi beshafqat urush esa mintaqada Amerika ta’sirini cheklashga bo‘lgan intilishlarni ortga qaytmas jarayonga aylantirdi.

Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturi AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha siyosatini ekspertlar Kamoliddin Rabbimov, Farhod Karimov va Shavkat Ikromov bilan birgalikda ko‘rib chiqdi.

— AQShning Yaqin Sharq siyosati o‘zgarishi negizi Isroilning G‘azoga bosqinimi yoki boshqa omillar ham bormi?

Farhod Karimov: — AQShda “Katta Yaqin Sharq” strategiyasi bor, 90-yillar boshida ma’lum qilingan edi. Bilamizki, AQShning qudrati dunyo siyosatida bir qancha mintaqalardagi prioritetlari bilan belgilanadi, shunday muhim hududlardan biri Yaqin Sharq. Katta Yaqin Sharq strategiyasi 2006 yilda yangilanib, Yangi Yaqin Sharq strategiyasi vujudga keldi, bu aynan o‘sha eski strategiyaning o‘zi, faqat prioritetlar va taktikalar o‘zgardi. Bu narsa o‘sha paytdagi AQSh davlat kotibi Kandaliza Rays tomonidan e’lon qilingan.

AQSh uchun Yaqin Sharqning markazida Isroil turadi, uning atrofida strategiya qurilgan. Shu ma’noda G‘azodagi, Iroqdagi, Suriyadagi voqealar o‘sha strategiyaning bir qismi, shuning uchun ham katta o‘zgarishlar bo‘lmaydi, kichik taktik o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Qachonki Yaqin Sharqdagi o‘yinchilar o‘zgarsa, o‘shanda katta o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Bugungi kunda mintaqaga Xitoy omili kirib kelyapti, ilgari himoyachi sifatida faqat AQSh chiqardi Yaqin Sharq masalalarida, endi suyanadigan boshqa sub’yektlar ham paydo bo‘lyapti, bu esa o‘yin qoidalarini o‘zgartirib boradi. Umuman, G‘azodagi holat AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha strategiyasini o‘zgartiradi deb o‘ylamayman.

— Arab davlatlari jamiyati va elitasining AQSh bilan munosabatlarda tafovut bormi, bu nimani anglatadi?

Kamoliddin Rabbimov: — Bunday tafovut bor. Bundan oldin AQShning tashqi dunyodagi siyosiy qarashlariga to‘xtalsak. 11 sentabr voqealaridan keyin AQSh uchun Yaqin Sharq, arab davlatlarining ahamiyati nihoyatda oshdi. AQSh Afg‘oniston va Iroqda katta urush olib bordi, lekin Obama hokimiyatga kelgach, bu urushlar katta tarixiy xato bo‘lganini aytdi. Sababi esa biz urush bilan band paytda Xitoy tinchgina iqtisodiy va geosiyosiy o‘sishga erishdi, dedi. Shundan so‘ng Obama AQShning doktrinasini Yaqin Sharqdan olib, Xitoy va uning atrofiga qaratdi. Bugungi kunda ekspertlar AQShni Yaqin Sharqdan chiqib ketayotgan davlat deyishadi. Keyingi 2 asrda kollektiv G‘arb Yaqin Sharqning homiysi, boshqaruvchisi bo‘lib keldi. Lekin bugun dunyoda geosiyosiy vaziyat o‘zgaryapti, AQSh ichida izolyatsionizm kayfiyati kuchli, uning maqsad va prioritetlari o‘zgarmoqda. Shu paytga qadar Yaqin Sharqda asosiy neft ishlab chiqarilar, AQSh esa bu hududning xavfsizligini ta’minlashga e’tibor qaratgan edi, ammo bugun eng katta neft ishlab chiqaruvchi AQShning o‘zi. Qolaversa, AQShning mintaqadagi ishtiroki tushib boryapti, chunki mintaqa davlatlari bilan munosabatlar bir qadar tushib bormoqda. Shu fonda Saudiya, BAA, Misr BRIKS va ShHTga ariza berdi. Ya’ni mintaqada AQShdan to‘yinish, ishonchsizlik hissi yuqori. Endi arab davlatlari hech qanday homiylarsiz mustaqil o‘yinchi bo‘lmoqchi.

Arab dunyosidagi AQShga bo‘lgan ishonchsizlikning birinchi sababi Isroil. Sotsiologik tadqiqotlarga ko‘ra, Iordaniya, Misr, Saudiya kabi davlatlarda aholining 97 foizdan 100 foizgacha bo‘lgan qismi AQShning mintaqadagi siyosatini salbiy baholaydi, ayniqsa, Isroilni biryoqlama qo‘llashini. Oxirgi 5-10 yillikda arab davlatlari tendensiyasi o‘zgarib bormoqda.

Shavkat Ikromov: — Tarixga nazar solsak, AQSh Yaqin Sharqda mustamlakachilik siyosati yuritmagan, shu nuqtai nazardan 1967 yilgacha Ko‘rfaz arab davlatlari AQShga ishonch bilidirib kelgan. Arab davlatlari siyosiy elitasi vakillari ham bizni qo‘llagani uchun biz ham shunga yarasha nimadir beramiz, degan tafakkurda bo‘lgan. Lekin jamoatchilik fikrida buning aksi ko‘rinadi. 2022 yildagi arab davlatlarida o‘tkazilgan so‘rovnomada Yaqin Sharq uchun asosiy xavf sifatida qaysi davlatni ko‘rasiz, degan savolga 84 foiz odam Isroilni aytgan bo‘lsa, yana birida 78 foiz odamlar AQShni aytgan. Bundan tashqari, Xitoyni ham kelajakdagi xavf sifatida baholashgan.

Arab siyosiy elitasi va jamoatchiligining AQShga nisbatan munosabati turlicha. 1967 yilgi arab davlatlari va Isroil urushida AQSh Isroilni qo‘llagan va shundan boshlab bosqichma-bosqich tarzda AQShga nisbatan ishonchsizlik shakllanib kelmoqda. 2003 yilda AQShning Iroqqa kirishi bu ishonchsizlikni yuqori nuqtaga chiqardi. Arab bahori voqealari esa AQShga nisbatan siyosatni boshqatdan ko‘rib chiqish masalasini qo‘ydi. Arab davlatlari siyosiy elitasi va jamoatchiligida farqli bo‘lsa-da, AQShga nisbatan ishonchsizlik bor.

— AQShning Katta Yaqin Sharq strategiyasida bugungi raqibi to‘laqonli Xitoymi?

Farhod Karimov: — Yaqin Sharq bo‘yicha AQShning asosiy raqobatchisi sovet ittifoqi edi, shuning uchun ham arab davlatlari bir necha qismlarga bo‘linib qolgan, ya’ni sotsializmni qo‘llovchilar va kapitalizmni tanlaganlar. Sobiq ittifoq parchalangach, yaqqol dilerlik AQShga o‘tdi. Rossiya vaqti-vaqti bilan Suriya, Eronda o‘zining mavjudligini ko‘rsatib turdi, lekin umumiy holatda AQSh ustunlik qildi mintaqada. Sobiq ittifoq qo‘llagan Suriya, Iroq, Liviya kabi davlatlarda qanday vaziyat bo‘lganini ko‘rdik.

Bugun Xitoy mintaqaga kirib boryapti, lekin uning strategiyasi boshqacha. Asosan iqtisodiy omillar orqali kirib bormoqda, mintaqa davlatlarining Xitoydan iqtisodiy ta’sirlanishi ortib bormoqda. Neft va energiya resurslarining asosiy importyori Xitoy bo‘lyapti, shu bilan birga Xitoy mahsulotlari uchun Ko‘rfaz arab davlatlari bozor bo‘lyapti. Qizil dengizdan o‘tadigan savdo kemalari asosan Xitoy mahsulotlarini tashiyapti. Xitoyning faqatgina Jibutida harbiy bazasi bor, bu ham savdo kemalarini qo‘riqlash uchun. Asosiy omil iqtisod bo‘lyapti.

To‘g‘ri, hali Xitoyning ishtiroki AQShchalik emas, ammo kirib borishda davom etyapti. AQShning asosiy hamkorlari ham Xitoy bilan yaqinlashmoqda. AQShning qudrati masalasi so‘roq ostiga tushib bormoqda. Yaqin Sharq mintaqasi davlatlarining o‘zi o‘syapti, boshqa ishtirokchilar paydo bo‘lyapti va shu fonda AQSh ishtiroki qiyinlashyapti. Xitoy harbiy jihatdan kirmayapti, balki bu unga kerak ham emasdir. Hatto Xitoy Janubiy Amerikaga ham kirib bormoqda.

— Qatardagi Al-Udeyd bazasida AQShning mavjudligi yana 10 yilga uzaytirildi. Bunday voqealar fonida bo‘lishi AQShning Yaqin Sharqqa nisbatan yondashuvi o‘zgarishini bildiradimi?

Farhod Karimov: — Faqatgina AQShning tashabbusi emas. Arab davlatlari ham bir necha marta AQShga murojaat qilganini ko‘rganmiz, shu ma’noda AQSh bu mintaqada qo‘riqchi davlat sifatida shakllangan. Arab davlatlari uchun ham armiya shakllantirish, uni saqlashdan ko‘ra tayyor strukturadan foydalangan yaxshiroq. Bundan tashqari, Turkiya, Britaniya harbiylari ham qo‘riqladi bu hududlarni. Shuning uchun ham bu muddat cho‘zilishi va kengaytirilishi AQShning Yaqin Sharqqa nisbatan siyosatiga ustuvorlik berishi deb o‘ylamayman. Arab davlatlarining o‘zining tashabbusidan kelib chiqqan holat bu.

Kamoliddin Rabbimov: — AQShning tashqi dunyoda o‘nlab harbiy bazalari bor. Yaqin Sharqdagi eng yirik harbiy baza Saudiyada edi. Usama Ben Laden Saudiya podsholariga muqaddas zaminda g‘ayridinlar bunday baza qurishi mumkinmas deb e’tiroz bildirgach, Saudiya iltimosi bilan bu baza Qatar va Bahraynga ko‘chirilgan edi.

Davlatlarning o‘z manfaatlari bor. Saudiya va Qatar o‘rtasida ziddiyat bo‘lganda harbiy bazalar AQSh uchun geosiyosiy muvozanatni saqlash uchun yordam bergan. Bu harbiy bazalar asosan Eron va Iroqqa qaratilgan edi.

Umumiy kontekstda mintaqada AQShning ishtiroki pasayib bormoqda. Arab davlatlari bilan yashirin-oshkor muammolar fonida shunday bo‘lmoqda. Yaqingacha ham Saudiya AQShning eng yaqin hamkori edi. Tramp ham birinchi tashrifini arab davlatlariga qilgan edi. Bayden hokimiyatga kelishidan oldin Yaman, Jamol Qoshiqchi sababli Saudiyani xalqaro maydonda ihotalayman dedi, ammo bu narsa AQShning strategik manfaatlariga to‘g‘ri kelmasdi. Shunday munosabatlardan so‘ng Muhammad bin Salmon norozi bo‘lib, geosiyosiy vektorlarini taqsimlab, Rossiya va Xitoyga yaqinlashdi.

Umuman, tiktonik to‘zgarishlar bo‘lyapti geosiyosiy maydonda. Xitoy qudrati o‘syapti, Ukraina hududida Rossiya va G‘arb urishyapti. Shu fonda arab davlatlari ham geosiyosiy vektorlarini qayta taqsimlayapti.

Shavkat Ikromov: — Xitoyning mintaqadagi siyosiy ishtirokida eng katta voqelik Eron va Saudiya o‘rtasidagi kelishuvga vositachilik qilgani bo‘ldi. Bu ham Xitoyning ta’siri ortayotganini ko‘rsatadi degan qarashlar paydo bo‘ldi. Lekin Eron va Saudiya kelishuvida Xitoyning ta’siri juda oz. Chunki Saudiya va Eron Iroqni qo‘llash borasida kelishuvga erishgan edi. O‘sha paytdagi Iroq bosh vaziri Kozimiy davrida Saudiya va Eron vakillari ishtirokida Bog‘dodda 5 marta uchrashuv tashkil qilgan edi. Bundan tashqari, Ummon ham bu ikki davlatni yarashtirishga uringan. Pekinga borgunga qadar ikki davlat kelishuvga tayyor edi, oxirgi nuqta Pekinda qo‘yildi.

Ushbu kontekstda ko‘rish mumkinki, mintaqa davlatlari AQSh ishtirokisiz o‘z muammolarini hal qilmoqchi. O‘zaro til topisha olishlarini ham ko‘rsatishyapti. AQShga shunday signal berilyaptiki, agar AQSh mintaqadagi o‘z vazifalarini bajarmasa, biz boshqa kuchli davlatlar bilan ham ish ko‘ramiz, hatto Eron bilan xam kelisha olamiz, demoqchi. Eron va Saudiya Xitoy kafilligida o‘z shartlarini bajaradi. Eng asosiy masala Suriya, Livan, Iroqdagi vaziyat tartibga kelishi bo‘lmoqda. Xitoy Saudiya, BAA davlatlari uchun neftga bog‘liq bo‘lmagan hamkorlar ichida birinchi o‘rinda turibdi. Xavfsizlik, neft masalalarida AQSh ustunligi saqlanib turibdi va bu hali davom etadi.

— Yaqin Sharqdagi neft resurslari tugashi AQShning bu mintaqadagi qiziqishiga ta’sir qiladimi?

Shavkat Ikromov: — Arab davlatlari bu narsani ham hisobga olyapti. Shuning uchun ham neftdan boshqa mahsulotlar bilan dunyoga chiqish va iqtisodiyotning neftga bog‘liqligini kamaytirmoqchi. Neft resurslari tugasa yoki alternativalari keng yoyilsa, AQSh pozitsiyalarini o‘zgartirishi ham mumkin. Lekin Isroil davlati mavjud bo‘lar ekan, uning xavfsizligi Eron omili bo‘lar ekan, AQSh mintaqadagi pozitsiyalarini o‘zgartirishi ehtimoli yiroq.

AQSh ekspertlari BAA, Kuvaytdagi bazalarni AQSh iqtisodiga zarar keltiruvchi bazalar deb aytadi, chunki bulardan tashqari yetarli harbiy bazalari bor. Qatardagi Al Udeyd bazasi ham aynan Qatar ambitsiyalariga ko‘ra qurilgan, ya’ni Eron yoki Saudiyadan bo‘luvchi xavflarga nisbatan.

Farhod Karimov: — AQShning asosiy qudrati ichki ishlab chiqarishda emas, balki uning iqtisodiy institutlari va demokratik prinsipdagi siyosatida. Butun dunyoda asosiy iqtisodiy munosabatlar dollarda bo‘lar ekan, uning qudrati yo‘qolmaydi. Iqtisodiy institutlar va dollarning qudratini belgilovchi omil energiya resurslari edi. Neft resurslari tugashi strategik o‘zgarishlarga olib keladi, balki allaqachon bu narsa haqida o‘ylayotgandir ham. Lekin chiqib ketishni emas, balki shu darajani saqlash uchun asosiy servislar, tranzit yo‘llarini nazorat qilishga harakat qiladi. Ishlab chiqarish borasida Xitoyga yetolmaydi, shuning uchun endigi masala tovar aylanmasi yo‘llarini, dollarda savdo bo‘lishini nazorat qilish bo‘ladi. Osiyo va G‘arbni bog‘lovchi eng asosiy yo‘llar aynan Yaqin Sharqdan o‘tadi. Shu nuqtai nazardan AQSh uchun mintaqaning ahamiyati pasaymaydi.

Ikkinchi masala mafkuraviy masala. Katta Yaqin Sharq konsepsiyasi Isroil atrofida qurilgan, shu sababli bu mintaqa AQSh uchun kerak. Baribir ahamiyati katta bo‘lib qolaveradi.

— Eron AQSh uchun strategik raqibmi yoki Isroil omili sabab ziddiyat mavjudmi?

Kamoliddin Rabbimov: — Faqat Isroilga bog‘liq emas. 1979 yildagi inqilobdan so‘ng Eron ihotalandi, shu sababli Eron tomoni AQShning raqiblari bilan hamkorlik qilishga kirishdi, unda tanlov yo‘q, faqat bir qutb ochiq. Shimoliy Koreya ham bor Eronga o‘xshash davlatlardan, ammo Eron qudratliroq va muhimroq. Eronga faqat Isroil prizmasidan qaralmaydi, yaqin o‘tmishgacha Saudiya bilan ham munosabatlar juda salbiy edi. Saudiya Eron munosabatlarida 3 ta qavat bor: geosiyosiy, mazhabiy va ichki siyosiy tuzum. Eron podsholikni yiqitib, respublika shakliga o‘tgach, ziddiyatlar yanada kuchaygan edi, ammo yaqinda yarashdi bu ikki davlat.

Ba’zi AQSh prezidentlari Eronga nisbatan munosabatni qayta ko‘rib chiqishga harakat qilgan, jumladan, Obama. U hokimiyatga kelgach, Eronni yovuz davlatlar qatoriga qo‘shish xato bo‘lgan, dedi va Eron bilan munosabatlarni yaxshilashga harakat boshladi, ammo hokimiyatga Tramp keldi va barchasi avvalgi holatga qaytdi. Bayden hokimiyati davrida Eronga nisbatan munosabat mo‘’tadil bo‘lib turibdi, agar Tramp hokimiyatga qaytsa, salbiy munosabat kuchayishi mumkin.

Shavkat Ikromov: — 1979 yilgacha Eron va AQSh yaxshi hamkorlar bo‘lishgan. Ammo inqilobdan so‘ng salbiy munosabatlar bo‘ldi, lekin hali harbiy to‘qnashuv darajasidagi ziddiyatga borishgani yo‘q.

AQSh Eron omilini boshqa davlatlarga ta’sir o‘tkazish uchun ham ishlatadi. Masalan, Saudiya, Kuvayt, Qatarga Eron tahdidi uqtirilib, o‘z himoyasini taklif etadi. O‘zi Eron va Saudiya o‘rtasida u qadar jiddiy ziddiyatli mavzular yo‘q, ko‘proq Iroq masalasida tortishuv bo‘ladi. AQSh faqat Isroil omili sabab emas, balki o‘zini mintaqaga himoyachi davlat sifatida ko‘rsatish uchun ham Eron fenomenidan foydalanadi.

Farhod Karimov: — Menda ham Shavkat Ikromov fikrlariga o‘xshash qarash bor. Eron AQSh uchun strategik raqib emas aslida, AQShning milliy xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid ham qilmaydi. Yaqin Sharqda mavjud bo‘lish uchun xuddi Hollywood kinolaridagidek bitta umumiy dushman qiyofasi kerak edi AQShga, Eron esa bu “rol”ni yaxshi bajarib berdi. Ayniqsa, sovet ittifoqi tugatilgach, bunday dushman qiyofasi juda kerak bo‘ldi. Rossiyaning Yaqin Sharqqa tahdidi ko‘rinmagani uchun Eron kun tartibiga chiqdi. Agar Eron ham ichki va tashqi ambitsiyalarini yangilab, liberalizmga o‘tadigan bo‘lsa, AQShning keragi bo‘lmay qoladi mintaqa davlatlariga. Lekin Isroil uchun Eron rostdan xam katta xavf hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan Eron AQSh uchun strategik dushman emas, ammo shunchaki bee’tibor qoldiradigan davlat ham emas.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo