date

Jahon yahudiy ziyolilari Isroilga qarshi qat’iy chora ko‘rishni so‘radi

Jahon yahudiy ziyolilari Isroilga qarshi qat’iy chora ko‘rishni so‘radi

Dunyo bo‘ylab faoliyat yuritayotgan 460 dan ziyod yahudiy olim, siyosatchi va madaniyat arboblari Birlashgan Millatlar Tashkiloti hamda xalqaro hamjamiyatga Isroil hukumatiga qarshi sanksiyalar joriy etish haqida ochiq murojaat yo‘lladi. Ular Falastinning ishg‘ol qilingan hududlaridagi harakatlarni vijdonsizlik va genotsid deb atadi.

Murojaatnomada ta’kidlanishicha, Isroil G‘azo, G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusdagi harakatlari bilan xalqaro huquq normalarini buzmoqda. “Bizning falastinliklarga hamdardligimiz yahudiylikka xiyonat emas, aksincha uning insonparvar mohiyatini ifoda etadi. Biz zulm tugab, okkupatsiya va aparteid siyosati barham topmaguncha tinchimaymiz”, — deyiladi bayonotda.

Imzolar orasida Isroil parlamentining sobiq spikeri Avraam Burg, tinchlik muzokaralari delegatsiyasi sobiq a’zosi Deniyel Levi, rejissyor Jonatan Gleyzer, aktyor Uolles Shon, yozuvchi Maykl Rozen, adiba Naomi Klyayn, Pulitser mukofoti sohibi Benjamin Mozer va boshqalar bor.

Tadqiqotchilar fikricha, ikki yildan buyon davom etayotgan urushda kamida 68 mingdan ziyod falastinlik halok bo‘lgan, shundan yuzlab bolalar va ayollar qurbon bo‘lgan. Hatto 10-oktyabr kuni e’lon qilingan otashkesimdan keyin ham Isroilning hujumlari davom etgani qayd etildi.

BMT hisobotlariga ko‘ra, G‘arbiy sohilda ham zo‘ravonlik avj olgan — 2025-yilning o‘zida 3200 falastinlik yahudiy posyolkalari aholisi tomonidan hujumga uchragan. “Save the Children” tashkiloti bolalar o‘limi keskin ko‘payganini tasdiqlagan.

London universiteti olimlari Isroilning G‘azodagi harakatlarini “genotsid darajasiga yetgan urush” deb baholagan. Ular XXI asrda biror mojaroda shuncha foiz aholi halok bo‘lmaganini ta’kidlagan.

So‘nggi ikki yil ichida Isroil hukumatining xatti-harakatlari hatto yahudiy jamoatchiligi ichida ham keskin tanqid qilinmoqda. “B’Tselem” va “Physicians for Human Rights” tashkilotlari ham mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu hukumatini genotsidda ayblagan.

“The Washington Post” so‘roviga ko‘ra, AQSHdagi yahudiylarning 61 foizi Isroilning G‘azodagi harakatlarini harbiy jinoyat deb hisoblaydi, 39 foizi esa buni genotsid deb aniq baho bergan.

Mualliflar xalqaro hamjamiyatni Isroilga nisbatan sanksiyalar joriy etishga, qurol yetkazishni to‘xtatishga va tinchlik jarayonini qayta tiklashga chaqirmoqda. Ular “inson hayotiga bo‘lgan hurmat yahudiylikning asosiy qiymati bo‘lib qolishi lozim”, degan fikrni ilgari surdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Jahon yahudiy ziyolilari Isroilga qarshi qat’iy chora ko‘rishni so‘radi