date

Germaniya ish bozorida har to‘rtinchi xodim muhojir yoki uning avlodi

Germaniya ish bozorida har to‘rtinchi xodim muhojir yoki uning avlodi

Germaniya Federal statistika idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil yakunlariga kelib mamlakatda mehnat faoliyati bilan band aholining chorak qismidan ortig‘ini muhojirlar va ularning avlodlari tashkil etgan. Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich umumiy ishchi kuchi tarkibining 26 foizi atrofida. Ayrim tarmoqlarda esa bu ulush deyarli yarimgacha yetib borgan.

Tahlillarga ko‘ra, muhojirlar Germaniya iqtisodiyotining eng mehnattalab sohalarida muhim o‘rin egallab turibdi. Xususan, payvandlash ishlarida ularning ulushi 60 foizga yetgan, oziq-ovqat ishlab chiqarish va oshpazlik sohasida — 54 foiz, qurilish uskunalarini o‘rnatishda — 48 foiz, jamoat transporti haydovchilari orasida — 47 foiz, go‘shtni qayta ishlashda — 46 foiz, ovqatlanish muassasalarida xizmat ko‘rsatish sohasida — 45 foiz.

Boshqa yirik ishlab chiqarish sohalarida ham muhojirlarning hissasi katta: plastmassa va rezina mahsulotlari ishlab chiqarishda 44 foiz, mehmonxona va turizm sohasida 40 foiz, yuk tashishda — 39 foiz, metall ishlab chiqarish va qayta ishlashda — 37 foiz, qariyalarga qarash xizmatlarida — 33 foiz.

Bundan farqli ravishda, davlat idoralari va huquqni muhofaza qilish tizimida muhojirlar soni ancha kam. Masalan, politsiya tizimida ularning ulushi bor-yo‘g‘i 7 foiz, tez yordam va qutqaruv xizmati xodimlari orasida — 8 foiz. Soliq inspeksiyasi, davlat va sug‘urta muassasalari, boshlang‘ich maktab o‘qituvchilari hamda yuristlar kabi kasblarda bu ko‘rsatkich 9–10 foiz atrofida.

Ma’lumotlar 2024-yil davomida mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan keng qamrovli mikroso‘rovnoma asosida jamlangan. So‘rovda 15 yoshdan katta aholining taxminan 1 foizi ishtirok etgan. Biroq natijalarda yotoqxona va ijtimoiy turar joylarda yashovchi shaxslar hisobga olinmagani sababli, ko‘plab qochqinlar va vaqtinchalik muhojirlar bu statistikadan tashqari qolgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Germaniya iqtisodiyotida muhojirlar ulushining bunday darajada yuqori bo‘lishi mamlakat mehnat bozoridagi talab va taklif muvozanatini saqlab turishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ayniqsa, sanoat, logistika va xizmat ko‘rsatish sohalarida ularning hissasi Germaniyaning barqaror iqtisodiy o‘sishiga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, tahlilchilar davlat xizmatlari tizimida muhojirlarning faolligini oshirish, ular uchun maxsus ta’lim va malaka dasturlarini joriy etish zarurligini ta’kidlamoqda. Bu mamlakatdagi mehnat bozorini yanada diversifikatsiya qilish va ijtimoiy integratsiyani kuchaytirish imkonini beradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Germaniya ish bozorida har to‘rtinchi xodim muhojir yoki uning avlodi