Italiya futboli afsonasi hisoblangan Antonio Kassano mamlakat chempionati — A Seriyaning hozirgi holatidan qattiq norozilik bildirdi. Uning fikricha, ligadagi o‘yinlar sifat jihatidan shunchalik pasayib ketganki, endi ularni tomosha qilish muxlislar uchun qiyin bo‘lib qolgan.
Kassano bu fikrlarni Chempionlar Ligasi 3-turidan keyin aytdi. Bu turda to‘rtta Italiya klubidan faqat “Inter” g‘alaba qozondi — milanliklar “Yunion”ni 4:0 hisobida yengishdi. “Napoli” PSVga qarshi 2:6 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchradi, “Yuventus” “Real”ga 0:1 hisobida yutqazdi, “Atalanta” esa “Slaviya” bilan golsiz durang o‘ynadi.
— Italiya chempionati hozir achinarli ahvolda. Unda hech qanday hissiyot qolmagan. A Seriya faqat muxlislarning muhabbati va sadoqati tufayli yashab turibdi. Ammo futbol sifati juda past, bu sharmandali holat. Ba’zi o‘yinlarni tomosha qilishning o‘zi azob, chunki ritm yo‘q, dinamika yo‘q, jonsiz to‘p surishlar ko‘paygan, — dedi Kassano.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Italiya klublari Yevroturnirlarda ham o‘z an’anaviy kuchini yo‘qotgan. «Inter»ning g‘alabasi istisno bo‘lsa-da, qolgan jamoalar Yevropada raqobatlashishga qiynalmoqda. Bu esa ichki chempionatdagi sust temp va ijodkor o‘yinchilar yetishmasligi bilan bog‘liq.
Futbol mutaxassislari ham Kassano fikrini qisman qo‘llab-quvvatlashdi — ularning aytishicha, A Seriyada so‘nggi yillarda himoyaga asoslangan o‘yin uslubi kuchayib, hujumdagi ijodkorlik pasaygan. Bu esa Yevropa standartlaridan ortda qolishga olib kelmoqda.
Ma’lumot uchun, Antonio Kassano o‘z vaqtida “Roma”, “Milan” va “Inter” kabi klublar sharafini himoya qilgan, Italiya terma jamoasi safida ham yorqin o‘yinlari bilan yodda qolgan. Bugun u Italiya futboli kelajagi haqida jiddiy xavotir bildirib, “A Seriya yana jonlanishi uchun haqiqiy islohotlar zarur”, deb hisoblaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!