AQSHning yangilangan yadroviy strategiyasi RF, XXR va KXDR o‘zaro kelishgan holda hujum uyushtirishi ehtimolini nazarda tutadi. NYT'ning yozishicha, maxfiylik darajasi yuqoriligi sabab har to‘rt yilda bir marta yangilanadigan hujjatning elektron nusxalari yo‘q, faqat bir necha milliy xavfsizlik amaldorlari va Pentagon qo‘mondonlariga qog‘oz shaklida berilgan.
Kun.uz'ning mavzu borasidagi savollariga Progressiv islohotlar markazi tahlilchisi Alouddin Komilov javob berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi strategiyaning diqqat markazida Xitoy turadi.
“AQSH geosiyosatining bosh e’tibori shu paytgacha Rossiyaga qaratilgan edi. Xitoyda 2019 yilgacha 200 ga yaqin yadroviy qurol mavjud edi, lekin hozir vaziyat o‘zgargan, Xitoy o‘z harbiy salohiyatini ancha oshirdi. Buni ballistik raketalar, gipersonik qurollar misolida ko‘rishimiz mumkin. Bundan tashqari, Xitoyning Rossiya bilan hamkorligi juda ham kuchayib ketmoqda. Bunga Rossiya-Ukraina urushi ham sabab bo‘lmoqda.
Xitoydagi mavjud strategiyaga ko‘ra, 2030 yilgacha Xitoy yadroviy qurollar sonini 1000 taga yetkazmoqchi, bu ko‘rsatkich 2035 yilda 1500 tani tashkil etishi kerak. Ammo ba’zi manbalarda Xitoy bu strategiyani allaqachon amalga oshirib bo‘ldi degan ma’lumotlar ham bor. Amerika esa buni tahdid sifatida ko‘ryapti. Chunki Amerika va Xitoy o‘rtasidagi harbiy farq tobora yo‘q bo‘lib bormoqda.
2018 yil Amerikada yadroviy holat bo‘yicha hujjat imzolangan. Unga ko‘ra, Amerika Xitoyga qarshi yadro qurolini qo‘llaydigan xavf darajasi pasaytirilgan. Ya’ni Tayvan orolida eskalatsiya kuchayadigan bo‘lsa, AQSH cheklangan miqdordagi kichik yadroviy qurollar orqali Xitoyga hujum ssenariysini ko‘rib chiqadi. Bu esa Xitoyni qattiq sarosimaga solib qo‘ydi. Xuddi shu holatdan keyin Xitoyda yadroviy qurollar soni oshirildi. Shuningdek, yadroviy qurollarni joylashtirish uchun shaxtalar qurila boshlandi. Bu shaxtalarga 300 dan ortiq qurol joylashtirish mumkin. Bu – qit’alararo ballistik qurol hisoblanadi”, – deydi mutaxassis.
New York Times'ning qayd etishicha, avvallari raqiblar Amerika yadroviy arsenalini yengib o‘tish uchun yadro qurollarini muvofiqlashtirish ehtimolidan juda uzoq edi. Ammo Rossiya va Xitoy o‘rtasida rivojlanayotgan hamkorlik, Shimoliy Koreya va Eronning Ukrainadagi urushda Rossiyaga berayotgan qurollari Vashingtonning fikrini tubdan o‘zgartirgan.
Xo‘sh, yangi yadro strategiyasi Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreyaning muvofiqlashgan harakatiga qarshi ekan, haqiqatan ham uch davlat kelishgan holda shunday yadroviy xavf yaratishi mumkinmi? Alouddin Komilovning so‘zlariga ko‘ra, voqealar rivoji ana shunday ehtimolni inobatga olishni taqozo qilmoqda.
“Yangi strategiyada haqiqatan ham Rossiya, Xitoy, Shimoliy Koreya kommunikatsiyasi ehtimoli inobatga olingan. Rossiya va Xitoy o‘rtasida 2023 yil mart oyida sun’iy intellektdan mudofaa maqsadida foydalanish uchun maxsus loyiha bo‘yicha hamkorlik imzolangan. Rossiya Xitoyning harbiy sohadagi kamchiliklarini yopishi mumkin. Rossiya Ukraina bilan bo‘layotgan urush tufayli Yevropaning ko‘plab davlatlari tomonidan sanksiyalarga uchramoqda. Turli qurol-yarog‘lar, mikrochiplarga ehtiyojini Xitoy, Shimoliy Koreya bilan hamkorlik qilish orqali to‘ldirmoqda. Bu uch davlat o‘zaro hamkorlikda faoliyat olib borayotganini ko‘rishimiz mumkin. Rossiya va Xitoyning siyosiy pozitsiyalari o‘zgacha bo‘lsa ham Amerikaga qarshilik borasida ular birlashib yakdil siyosat olib borishayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu ittifoqqa Shimoliy Koreyadan tashqari Eron ham qo‘shilmoqda”, – deydi u.
Komilovning qayd etishicha, AQSH yadro strategiyasini yangilash harakatlari Tramp prezidentligining so‘ngida boshlangan va Bayden o‘z prezidentligi so‘ngida bu strategiyani imzoladi.
“Rossiyaning Ukraina urushi fonida yadroviy qurol bilan qilgan tahdidi g‘arb davlatlarini Ukrainaga beradigan qurol-yarog‘ini cheklab qo‘ydi, shu sababli Xitoy ham bundan foydalanmoqda. Bayden shu sababdan bunday strategiyani imzolashga majbur bo‘ldi. Xitoy esa AQSHning “maxfiy yadroviy strategiyasi”ga nisbatan keskin munosabat bildirdi.
Pekin “yadro qurolidan birinchi bo‘lib foydalanmaslik” siyosatiga amal qilishi va o‘zining yadroviy salohiyatini milliy mudofaa uchun zarur bo‘lgan darajada saqlashini ta’kidlagan”, – deydi Progressiv islohotlar markazi tahlilchisi.
Ayni vaqtda dunyoda 9 ta davlatda yadro quroli mavjud. Rossiya 5889 ta yadroviy kallagi bilan bu davlatlar ichida birinchi o‘rinda ekani aytiladi. Keyingi o‘rinlarda 5244 ta atom bombasi bilan AQSH va 410 ta yadroviy ommaviy qirg‘in quroliga ega Xitoy ko‘rsatiladi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»