63
Ekspertlar: Rossiya armiyasidagi misli ko‘rilmagan o‘g‘rilik va Ukrainadagi o‘zgarishlar haqida
Ukraina qo‘shinlari Rossiyaning Kursk viloyatini egallashga intilar ekan, o‘z navbatida, Rossiya ham Ukraina shaharlariga hujumlarni kuchaytirmoqda. Xususan, 3 sentyabr kuni Rossiya harbiylari Ukrainaning Poltava shahriga, 4 sentyabr kuni esa g‘arbiy viloyatlar Lvov, Volin, Rivne va Jitomir shaharlariga ballistik raketa orqali zarbalar berdi. Shu bilan birga, Ukraina hukumatida rahbarlar o‘zgarishi yuz bermoqda. Xususan, Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba ham lavozimidan ozod qilindi.
Xo‘sh, nega Rossiya Ukraina shaharlariga hujumni kuchaytirdi? Nega Ukraina hukumatida o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda? Kuzda frontda qanday o‘zgarishlar yuz beradi? “Daryo” ushbu savollarga javob olish maqsadida iqtisodiy tahlilchi Shuhrat Rasul va siyosatshunos Oybek Sirojov bilan suhbatlashdi.
Iqtisodiy tahlilchi Shuhrat Rasulning fikricha, Rossiyaning Ukraina shaharlariga faol tarzda hujum uyushtirishi Ukraina qo‘shinlarining Kursk viloyatini egallab olishi bilan bog‘liq emas.
“Rossiya butun yoz davomida frontda faol hujumlar uyushtirib turdi. Aslida Rossiya 2023 yilning oktyabr oyida Ocheretino, Tarask va Pokrovsk yo‘nalishi bo‘yicha hujum boshlagan edi. Meni nazarimda, Rossiyaning faolligini Kurskka hujum bilan bog‘lash bir oz noto‘g‘ri. Chunki Kurskka hujumdan oldin Rossiya qo‘shinlarining hujumi ancha shiddatli edi. Lekin Ukraina qo‘shinlarining Kurskka bostirib kirishidan ko‘zlangan maqsadlaridan biri – Donbass va Zaporoje frontida Rossiya aktivligini pasaytirish hamda bir qism rus qo‘shinlarni Kurskka jalb qilish edi.
Rossiya tomonidan uyushtirilayotgan ommaviy raketa zarbalari – Kursk uchun alam olish bo‘lishi mumkin. Sababi, raketa zarbalari asosan Ukraina shaharlariga berildi. Aslida bu raketa zarbalari oldinroq, Ukraina mustaqillik kunida berilishi reja qilingan. Lekin bu kunlarda Kiyevga Hindiston bosh vaziri va Polsha prezidenti tashrif buyurgani uchun raketa zarbalari keyinroq amalga oshirildi”, deya fikr bildirdi ekspert.
Siyosatshunos Oybek Sirojovning ta’kidlashicha, hozir Ukraina, ayniqsa, Rossiya sulhga tayyorgarlik ko‘rishni boshlab yuborgan. Shu bilan birga, Kurskka javob bo‘lishi uchun Rossiya Ukrainaga hujumlarni kuchaytirgan.
“Nazarimda, Ukraina qo‘shinlarini Rossiyaning Kursk viloyatiga bostirib kirishi natijasida Rossiya front bo‘ylab hujumlarni kuchaytirdi. Bu yilda rus qo‘shinlari 35-40 kilometr oldinga siljiy oldi. Ukraina Kurskka kirgacha, Rossiya birdaniga frontdan 15 kilometr ichkariga yorib kirdi.
Rossiya nima uchun faollashgani haqida to‘xtalsak, ayni damda tomonlar, ayniqsa, Rossiya sulhga tayyorgarlik ko‘rishni boshlagan. 2023 yilning oxirgi oylaridan boshlab Rossiya Ukraina shaharlariga raketa zarbalarini kamaytirgan edi. Lekin Qatarda tomonlar kelisha olmagach va Ukraina armiyasi Kurskka bostirib kirganidan so‘ng, Rossiya hujumlarni keskin kuchaytirdi”, deydi siyosatshunos.
2 sentyabr kuni G‘arb taqdim etgan F-16 samolyotlaridan biri halokatga uchradi. Bu halokatdan so‘ng prezident Vladimir Zelenskiy Ukraina havo kuchlari qo‘mondonini ishdan bo‘shatdi. “Daryo” ekspertlari suhbatda bu masalaga ham to‘xtalib, o‘z fikrlarini bildirdi.
“Katta ehtimol bilan F-16 samolyotini Ukraina kuchlarini o‘zi urib tushirgan. Samolyot qayerda halokatga uchradi? F-16 Ukrainaning g‘arbiy qismida halokatga uchragan. Misol uchun, Rossiya S-300 va S-400 havo mudofaa tizimi bunday uzoq masofaga raketa ota olmaydi. Agar Rossiya kuchlari F-16 samolyotini urib tushirganida, rus mediasi bu haqida jar solgan bo‘lardi.
F-16 samolyotlaridan faqatgina Kursk yo‘nalishi bo‘yicha foydalanildi. Rossiya Kursk yo‘nalishida 4 ta samolyot va 3 ta vertolyot yo‘qotdi. Bundan tashqari, Ukraina kuchlari Rossiya hududidagi 7 ta aerodromni dronlar yordamida o‘qqa tutdi. Buning natijasida 20 ta rus harbiy samolyoti yo‘q qilindi. Tarozining bir pallasiga bitta F-16 samolyotini, ikkinchi pallasiga Rossiya yo‘qotgan samolyotlarni qo‘ysak, bular hech ham bir-biriga mutanosib bo‘lmaydi.
Katta ehtimol bilan oktyabr oyining oxirida G‘arb tomonidan Ukrainaga 40-50 ta F-16 samolyotlari berilishi mumkin. Bu samolyotlarni nafaqadagi G‘arb harbiy uchuvchilari boshqaradi. Hozir uchuvchilarni topish harakatlari ketmoqda”, dedi Shuhrat Rasul.
Siyosatshunos Oybek Sirojov esa G‘arb mamlakatlari Ukrainaga F-16 samolyotlarini katta miqdorda berish niyati yo‘qligini ta’kidladi.
“Shu vaqtga qadar urushdagi havo janglarida Rossiyaning qo‘li baland kelayotgan edi. Mana shu muvozanatni tenglashtirish uchun G‘arb davlatlari Ukrainaga F-16 samolyotlarini berishga qaror qildi. Ammo 2023 yilda AQSH 100 ta F-16 samolyotini utilizatsiya qilgan. Ya’ni butunlay yo‘q qilingan. Agar AQSHni Ukrainaga katta miqdorda F-16 samolyotlarini berish niyati bo‘lganida, 100 ta F-16 samolyotini yo‘q qilmasdan Ukrainaga bergan bo‘lardi.
Bu yerda asosiy masala – G‘arbni qancha miqdorda F-16 samolyotlarini berishida! Harbiy mutaxassislar hozir Ukraina qo‘li baland kelishi uchun kamida 150-200 ta F-16 kerakligini aytishmoqda. Lekin 150 ta F-16 samolyotiga Ukraina qanday qilib texnik yordam ko‘rsatadi? Masalan, Ukrainada F-16 halokatga uchraganidan keyin, AQSH taqdim etilgan uchoqlarga texnik yordam ko‘rsatmasligini ma’lum qildi. Aslida kelishuv bo‘yicha, Amerika texniklari Ukrainadagi samolyotlarga texnik yordam ko‘rsatishi kerak edi. Samolyot har bitta parvozdan keyin texnik ko‘rikdan o‘tishi zarur. Hozir bu ish bilan Yevropa shug‘ullanmoqchi.
Shuningdek, harbiy uchoqlarni boshqarish uchun uchuvchilar zarur. Lekin bugungi kungacha F-16 samolyotini boshqara oladigan 20 ta ukrain uchuvchisi tayyorlangan. Halokatga uchragan F-16 ni eng mohir deb e’tirof etilgan uchuvchi boshqargan edi. Lekin nima bo‘ldi? Mana bu masala ham G‘arbni Ukrainaga ko‘p miqdorda samolyot berishini cheklaydi”, deya o‘z fikrini bildirdi siyosatshunos.
The Time nashri Ukrainaning Pokrovsk shahridagi qurolli kuchlari Rossiya armiyasi qurshovida qolishi mumkinligini yozdi. Harbiy ekspertlar ham Pokrovsk shahrini ruslar Baxmutdan ko‘ra tezroq egallashini taxmin qildi. “Daryo” bilan suhbat davomida Shuhrat Rasul bu masalaga to‘xtalib o‘tib, G‘arb matbuoti bunday xabarlarni atayin Yevropa davlatlari Ukrainaga ko‘proq yordam ko‘rsatishi uchun e’lon qilishini ta’kidladi.
“2023 yilning kuz oyida ham G‘arbning ko‘plab obro‘li nashrlari Ukraina frontda kurashni boy berayotgani haqida yozgandi. Bu G‘arb mamlakatlaridagi hukumatlarni Ukrainaga ko‘proq yordam berishga undash uchun chiqarilayotgan xabarlar bo‘lishi ham mumkin. Misol uchun, Ukraina kuchlari Rossiyaning Kursk hududiga bostirib kirganida, G‘arb nashrlari Ukraina bu yerlarni ushlab qolishiga kuchi yetmasligi haqida yozdi. Bundan maqsad – oktyabr oyidan boshlab Amerika Kongressida keyingi yil uchun budjet taqsimoti bo‘lib o‘tadi. Ana shu jarayonda Ukrainaga berilayotgan yordamni kuchaytirish. Bu siyosat. Shuning uchun The Time nashrining xabarlarini rost ekan deb qabul qilmasligimiz kerak”, dedi Shuhrat Rasul.
Shuningdek, u Rossiya prezidenti Vladimir Putin armiya oldiga joriy yilning oktyabr oyigacha Donbass va Lugansk viloyatlarini to‘liq egallash vazifasini qo‘yganini qo‘shimcha qildi.
“2024 yilning mart oyida Rossiya prezidenti armiya oldiga Donbass va Lugansk viloyatlarini to‘liq egallash vazifasini qo‘ygan. Lekin Rossiya qo‘shinlari ikki yarim yil ichida 42 kilometr oldinga siljiy oldi. Hali Donbass viloyatining 40 foiz hududi bor. Agar Rossiya Donbass va Lugansk viloyatlarini qo‘lga kiritsa, sulh tuzishga harakat boshlaydi. Lekin harbiy jihatdan ustunlik Ukraina tomonda. Chunki Kursk viloyatida Rossiyaning 3 mingga yaqin harbiysi qurshovda qolib ketdi. Bundan tashqari, Putin armiya oldiga 1 oktyabr kunigacha Pokrovsk shahrini egallashni hamda Kurskdan Ukraina kuchlarini haydab chiqarishni vazifa qilib qo‘ygan. Ammo katta ehtimol bilan bu 2 ta vazifa bajarilmaydi. Chunki Rossiya qo‘shinlarida resurs yo‘q”, deya fikr bildirdi iqtisodiy tahlilchi.
Frontdagi urush chiziqlari
Foto: “aif.ru”
Suhbatda qatnashayotgan ikkinchi ekspert Oybek Sirojov Pokrovsk shahri geostrategik muhim hudud ekanligini ta’kidlab, agar bu hudud Ukraina qo‘lidan ketadigan bo‘lsa, Ugledardagi qo‘shinlarga harbiy ta’minot uzilib qolishini aytdi.
“Pokrovsk yo‘nalishida 3 ta himoya chizig‘i mavjud edi. Birinchisi – Baxmut. Ikkinchisi – Ocheretino. Uchinchisi – Pokrovsk. Hozir Pokrovsk atrofida himoya chizig‘i mavjud emas. Shu boisdan Rossiya qo‘shinlari Pokrovsk shahriga hujum boshlagach, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy G‘arb mamlakatlaridan 28 ta himoya chizig‘ini chizadigan ekskavator so‘radi. Mana shu jihatdan Pokrovsk xavfli hisoblanadi. Shu bilan birga, Pokrovsk – Ugledardagi Ukraina qo‘shinlarini harbiy ta’minot bilan ta’minlab turadigan yo‘nalish. Agar Pokrovsk qo‘ldan ketsa, Ugledargacha bo‘lgan hududlardagi Ukraina qo‘shinlariga harbiy ta’minot yetkazish masalasi murakkablashadi. Shuningdek, agar Rossiya tomonidan Pokrovsk egallansa, front ikkiga ajraladi. Bu Ukrainaga noqulaylik tug‘dirishi mumkin”, deydi Oybek Sirojov.
Sentyabr oyining boshida Ukraina hukumatida 6 nafar vazir iste’foga chiqdi. Xususan, Ukraina tashqi ishlar vaziri Dimitry Kuleba ham ishdan bo‘shatildi. Shu bilan birga, Rossiya mudofaa vazirligida bir qancha generallar korrupsiya bilan ayblanib, qamoqqa olindi. “Daryo” suhbat davomida ekspertlardan Ukraina hukumati va Rossiya mudofaa vazirligida sodir bo‘layotgan jarayonlar haqida so‘radi.
Poltava harbiy bilim yurtiga berilgan raketa zarbasi
Foto: “poltava-news.ru”
“Ukraina hukumatidagi o‘zgarishlar unchalik yangilik emas. Zelenskiy Dmitriy Kuleba o‘z vazifalarni uddalay olmagani uchun ishdan bo‘shatilganini parlamentdagi chiqishida aytib o‘tdi. Kuleba oldiga G‘arbdan uzoq masofaga ucha oladigan raketalarni olish va ulardan Rossiya hududiga hujum qilishda foydalanish uchun ruxsat olish vazifasi qo‘yilgan edi.
Lekin bundan qiziqroq voqealar Rossiyada sodir bo‘lyapti. Bugungi kunda Rossiya mudofaa vazirligida Sergey Shoygu (sobiq Rossiya mudofaa vaziri)ning 5 ta o‘rinbosari qamoqqa tashlandi. Ularning barchasi armiya generallari. Sergey Shoygu mudofaa vaziri bo‘lib kelganidan beri jami – 11 trillion rubl o‘g‘irlangani aniqlandi. Bu mablag‘ni 2023 yildagi dollar kursi bo‘yicha hisoblasak, 24 milliard dollar bo‘ladi. Bu fantastik miqdordagi mablag‘! Ya’ni oxirgi 10 yilda Rossiya armiyasida misli ko‘rilmagan o‘g‘rilik sodir etilgan”, dedi iqtisodiy tahlilchi. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»