Harakat al-Muqavama al-Islamiya (Hamas) tashkiloti va Falastin ozodligi uchun kurashayotgan yana bir nechta qurolli guruhlar bundan roppa-rosa 1 yil muqaddam Isroilning tarixiy zulmi va bosqinchiligiga javob sifatida eng katta harbiy operatsiyasini amalga oshirgan edi.
2023 yilning 7 oktyabr tongida, 20 daqiqa ichida G‘azo sektoridan Isroilga qarata 5000 dan ortiq raketa otilgan edi. Raketa zarbalari va sektor atrofidagi yahudiy aholi punktlariga qilingan hujumlar oqibatida shu kuni Isroil tomonidan 1 139 kishi, xususan 700 ga yaqin tinch aholi vakillari halok bo‘ldi, 251 kishi asirga olindi.
Isroilning javob zarbalari va G‘azoga bostirib kirishi ortidan esa 42 mingga yaqin falastinlik – ularning aksariyati tinch aholi vakillari – qurbon bo‘ldi, 100 mingga yaqin kishi yaralandi. G‘azo bo‘lgasining infratuzilmasi yakson qilindi, 2 million aholi yashash joyini tark etishga majbur bo‘ldi.
“Geosiyosat” dasturida Yaqin Sharqdagi vaziyat o‘zgarishlari bo‘yicha ekspertlar fikrlari berib borilmoqda. Dasturning navbatdagi sonida siyosiy tahlilchilarga urushning bir yilligi munosabati bilan qator savollar bilan murojaat qilindi.
- Harbiy va razvedka sohasida dunyoda yetakchi deb bilinadigan Isroil Hamasning 7 oktyabrdagi hujumini qanday qilib sezmay qoldi?
Shavkat Ikromov: Yaqin Sharqda bo‘ladigan voqealarni tasodifiy deb baholash qiyin. Bu hatto kichik voqea bo‘lsa ham. Har qanday harakat yirik kuchlar manfaatiga mos kelsa va ularning niyatini ifodalasagina sodir bo‘lishi mumkin. Bu juda o‘ylangan, kelishilgan, mavjud ssenariy asosida sodir bo‘layotgandek ko‘rinadi.
Agar qo‘limizdagi ma’lumotlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, bu urushga Isroil tomoni deyarli tayyor edi. Hattoki Isroil zarbalar boshqa takrorlanmasligi haqida ham e’lon qilgandi. Bu bilan aytmoqchimanki, Hamasning hujumlaridan Isroil bexabar emas edi. Chunki ma’lumotlar, mantiq shunga ishora qiladi. Shuningdek, Hamasning harakatlaridan “Hizbulloh”, “Hizbulloh”ning rejalaridan Eron doimo ogoh bo‘lgan. Buni peyjerlar voqeasidan ham bilish mumkin. Bu voqea Hamasning ichida ham Isroilning odamlari borligini ko‘rsatib qo‘ydi. Isroil Hamasning harakatlaridan xabardor bo‘lib, keyingi ssenariylarga tayyorgarlik ko‘ra boshlagan edi. Ya’ni G‘azoga, Livan janubiga bostirib kirish kabi harakatlar uchun 7 oktyabrdagi hujum asos qilib olingan edi.
Bu harakatlar Isroil uchun tasodifiy bo‘lmaganining yana bir dalili sifatida Isroilning o‘tgan bir yil davomida hatto vaqtinchalik otashkesimlarga ham rozilik bermaganini keltirish mumkin. Shuningdek, asirlarni qutqarish borasida ham qilingan va’dalar amalga oshirilmadi, bu ham Isroilning ushbu hujumlarga avvaldan tayyorgarlik ko‘rganini bildiradi. Biz 2023 yil oktyabrdagi tahlillarimizda va chiqishlarimizda bu hujum Isroil uchun kutilmaganda sodir bo‘ldi degan fikrlarni aytib o‘tgan edik, ammo hozirgi ma’lumotlar uning teskarisini ko‘rsatib turibdi.
Bektosh Berdiyev: Hamas bu hujumga avvaldan jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan. Hamas va Eron vakillari Bayrut, Tehron va Suriyaning ba’zi mintaqalarida uchrashuvlar o‘tkazib, o‘zaro hujum rejasini birgalikda tuzishgani haqida ma’lumotlar bor. Hamasning cheklangan a’zolarigina bu voqeadan xabardor edi, bu a’zolarni Ismoil Haniya, uch qo‘mondon va hujumni amalga oshirishi kerak bo‘lgan ba’zi harbiylar tashkil etardi.
Isroil tomonidan qo‘lga tushgan harbiylar tergov jarayonida “Biz oxirgi soniyalargacha qayerga hujum qilishimizni bilmas edik”, degan fikrlarni aytib o‘tishgani haqida ma’lumotlar tarqalgan edi. Dunyoning eng kuchli razvedkasi sifatida tan olinadigan Mossadda ham doimiy monitoring qilish imkoniyati cheklanganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.
- Qanchadan qancha liderlar kelib-ketdi, lekin 75 yildan oshdiki bu nizoning oxiri ko‘rinmaydi. Xo‘sh, Hamas va Isroil qanday motivlar bilan jang qilyapti?
Kamoliddin Rabbimov: Bu urush nafaqat Hamas va Isroil urushi, balki Falastin va Isroil urushi ham. Buni sivilizatsion urush deb ham hisoblash mumkin. Isroil yahudiy davlati sifatida, o‘zini monoteizmning markazi deb hisoblaydi. Falastin aholisi esa etnik arablar – musulmonlardan tashkil topgan. Bu ikkisi o‘rtasidagi urush monoteizmning, haqiqatning markazida kim turadi, monoteizmning bugungi kundagi vorisi kim, degan ziddiyatlarga borib taqaladi. Faqat yer uchun emas, asosan geomafkuraviy kurash ketmoqda.
Hamas – bu kurashning tarkibiy qismlaridan biridir. Hamas bo‘lmaganda ham boshqa kuch bu maydonga chiqadi. Isroilga qarshilik ko‘rsatish shu davrgacha to‘xtamagan. Hamas 1980-yillarda tashkil topgan bo‘lsa, Isroil davlati 1947 yilda dunyo maydonidan joy olgan davlat. 1970-yillargacha arab davlatlari Isroilga qarshi kurashgan bo‘lsa, keyinchalik bu kurashni Hamas, “Hizbulloh” singari harakatlar davom ettirib kelmoqda va nazarimda, bu nizoning barcha tomonlarni to‘liq rozi-rizo qiladigan yechimi mavjud emas.
Shavkat Ikromov: Isroil bu urush orqali tinch aholining halok bo‘lishiga, mintaqa va dunyo geosiyosatining o‘zgarishiga sababchi bo‘ldi. Hamasning asosiy motivi – Isroilni urushga jalb qilib, uni obro‘sizlantirish va Falastin zaminining egasi kimligini eslatish edi. Hamas o‘z strategik maqsadlariga erishdi ham. Har ikki tomondan kim o‘z maqsadlariga erishdi degan savolga javob sifatida Hamasni aytish mumkin. Ya’ni Isroilning orqasida turgan davlatlarning asl maqsadlari nima ekanini xalqaro hamjamiyatga ko‘rsatmoqchi edi va Hamas bu niyatiga yetdi.
Ammo Hamas 40 mingdan ortiq tinch aholini qurbon qildi, o‘z infratuzilmasini kuchsizlantirdi, askarlar, qurol-yarog‘ bo‘yicha zaif holatga tushib qoldi. Urush mobaynida biror kuchli zarba bilan Isroilga qarshilik ko‘rsata olmadi. Lekin o‘z doktrinasida yozilgan maqsadga erisha oldi.
Yaqin Sharqda to‘s-to‘polon boshlangan vaqtda mojaroga Rossiya va Eron birgalikda, jahon hamjamiyatini Ukrainadagi urushdan chalg‘itish maqsadida turtki bergan degan taxminlar ham bor edi. Ukrainadagi harakatlari uchun Rossiyani tanqid qilayotgan G‘arbning Isroilni qo‘llashi ikki tomonlama standartlarni ochiq ko‘rsatib qo‘ygandi. Xo‘sh, G‘azodagi urushning boshlanishiga Eron va Rossiya birgalikda turtki bergani haqidagi dastlabki taxminlar o‘zini oqladimi?
Kamoliddin Rabbimov: 7 oktyabrda Hamas Isroilga havo, dengiz va quruqlikdan hujumni amalga oshirdi. Bu hujumni kuzatib turgan mutaxassislar buning orqasida tashqi kuchlar turganini bir ovozdan ta’kidlashdi. Isroil esa to‘plagan ma’lumotlariga ko‘ra Hamas bunday hujumni amalga oshira olmaydi deb yoki ushbu hujumdan o‘z manfaatimiz yo‘lida foydalanamiz deya umid qilgan bo‘lishi mumkin. Rossiya va Eron so‘zsiz bu vaziyatdan foydalanmoqda. Rossiyaning asosiy maqsadi – ko‘p qutbli dunyoni shakllantirish hisoblanib, Amerikaning global hokimiyatini zaiflashtirishdir. G‘arbga qarshi davlatlarning salohiyatini ko‘paytirish orqali global dunyoda ko‘p qutblilikni shakllantirish. Eronning manfaati ham xuddi shunday. Rossiya va Eronning Hamasga yordam bergani haqidagi rasmiy ma’lumotlar hozircha mavjud emas.
Bu urush Rossiya va Eronning manfaatlariga javob beradi: ko‘p qutbli dunyo shakllanishi jarayoni tezlashdi. 7 oktyabrgacha arab davlatlarining ko‘pchiligi Ukraina atrofida birlashayotgan edi, ammo Zelenskiyning shoshmashosharlik bilan Hamas va “Hizbulloh”ni tanqid qilib chiqargan bayonotlari Rossiya foydasiga ishladi. Eron ham o‘z maqsadiga erishmoqda: Yaqin Sharqdagi beqarorlik Isroil va Amerikaning mintaqadagi mavqeyini anchagina zaiflashtirdi.
Bektosh Berdiyev: G‘azodagi masalalarda Rossiyaning qo‘li bor deb ayta olmaymiz. Chunki Rossiya Ukraina bilan ovora bo‘lib kelmoqda. Eron esa Isroilning jazolanishidan manfaatdor davlat sifatida Hamasni ilhomlantirgan, uni moliyaviy qo‘llagani ehtimoli albatta yuqoriligini e’tirof etish mumkin.
- Hamas-Isroil urushi boshlangandan bir necha kun o‘tib, Saudiya Arabistoni rasmiylari Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish (asr kelishuvi) bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatdi, Eronning proksi guruhlari o‘zini eslata boshladi, Qatar diplomatik faollashdi, Turkiyadan jiddiy ritorik sadolar yangradi. Xo‘sh, G‘azo-Isroil urushi mintaqadagi siyosiy muvozanatga qanday ta’sir qildi?
Hamid Sodiq: Bugungi kunda Isroil G‘azoni egallaganidan mamnun bo‘lib turgan vaqtda, Eron ham buni qabul qilish orqali quyidagi fikrlarni Isroilga ta’kidlayotgandek: “Sening qudrating, moliyaviy ahamiyating, butun dunyoga ta’sir ko‘rsatib turgan kuching nuqtayi nazaridan, egallab turgan hududlaring juda ham kam. Biz buni tan olamiz”. Eron Isroilga hujum qilishdan oldin Amerikani ogohlantirdi, bu – Isroilni ogohlantirish degani ham. O‘zaro kelishuv tufayli Hamas siyosiy boshlig‘i Ismoil Haniya va “Hizbulloh” rahbarlarining o‘ldirilishi kabilarga Eron yetarlicha qarshilik ko‘rsatmayapti.
Kamoliddin Rabbimov: G‘azo va Isroil atrofidagi geosiyosiy jarayonlar bir necha marta o‘zgardi deyish mumkin. 2023 yilning noyabr-dekabr oylarida Isroil g‘arb uchun misoli jabrdiyda rolidagi davlat bo‘lib ko‘rindi. Mana shu jarayonda Isroil G‘azoga misli ko‘rinmagan zo‘ravonlikni amalga oshirdi. Natijada dunyo hamjamiyatning fikri Falastin tomonga og‘ib boshladi. Bugungi kunda Isroil harbiy zo‘ravonlikni amalga oshirayotgan davlat sifatida G‘arbdagi bir necha davlatlar qarshiligiga uchramoqda. Janubiy Afrika Respublikasining Isroilga qarshi BMT sudiga kiritgan da’vosini g‘arb davlatlarining bir nechtasi qo‘llayapti ham.
Saudiya Arabistoni qurolli guruhlarni yoqtirmaydi, jumladan, Hamasni ham. Ammo u Falastin davlati tuzilmas ekan, biz yagona kelishuvga erisha olmaymiz degan fikrga kelib bo‘lganini tasdiqlamoqda. Qatar esa doim Falastin tomonda edi. Misrning pozitsiyasi boshida Isroilga yon bosish shaklida bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik bir tomonlama G‘azoga yordam berishni boshladi. Agar Rafah punkti ochilsa, g‘azoliklar Misrga kirib borishi va bu orqali Isroil g‘alabaga erishishi mumkin. Shu sababli Misr ikkilamchi siyosatni amalga oshirmoqda.
Hozirgi kelib qator davlatlar, masalan Yaponiya ham o‘z pozitsiyasini Falastin tomonga yon bosish va Isroilni o‘ta vahshiy davlat sifatida tan olish orqali o‘zgartirmoqda.
- Xalqaro hamjamiyat e’tibori ko‘proq G‘azoga qaratilgan bir vaqtda, ko‘chmanchi yahudiylar G‘arbiy sohilni noqonuniy egallashda davom etmoqda. Surishtiruvlarga ko‘ra, falastinliklarni yerlaridan quvib chiqarish o‘tgan yilning 7 oktyabridan keyin tezlashgan. G‘azo fonida G‘arbiy sohil e’tibordan chetda qoldimi?
Shavkat Ikromov: Avvalboshda G‘azodagi urush fonida G‘arbiy sohilga e’tibor kamaygandek ko‘ringandi. Ammo oxirgi 3 oy mobaynida asosiy e’tibor G‘arbiy sohilga tushyapti. Urushning asosiy motivlaridan biri – G‘azo orqali hamjamiyat e’tiborini tortish va G‘arbiy sohilda yahudiy ko‘chmanchilarining turar joylarini ko‘paytirish bo‘lgan. Falastinlik dehqonlar o‘z yerlarini ko‘chmanchi yahudiylarga boy berib qo‘yishdi va bu holat oxirgi 30 yil ichida eng ko‘p ko‘chmanchilar turar joylarining ko‘payishi orqali amalga oshmoqda.
- Hamas siyosiy lideri va boshqa yetakchilarining yo‘qotilishi guruhning faoliyatini qanchalik sustlashtirdi?
Hamid Sodiq: Hamas – bir g‘oya sifatida faoliyat yuritadi. Harakatning nomida ham “muqovala” –“qarshilik” so‘zi bor. Shuning hisobiga ham Hamasni yengib yoki butunlay yo‘q qilishning iloji yo‘q. Hamas tugatilganda ham, boshqa jamiyat qarshilik uchun birlashishi mumkin.
Shavkat Ikromov: Hamasning infratuzilmasiga katta zarar yetkazildi. Endi u o‘zini 2023 yil 7 oktyabr holatigacha bo‘lgan salohiyatini tiklashi uchun kamida 30 yil kerak bo‘ladi. Harakatning o‘sha darajadagi kuchni to‘plashiga ancha yillar ketganini inobatga olish zarur.
Bektosh Berdiyev: Hamas hozir ham Isroilga qurolli qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini bildirib keladi. Oxirgi 15 kun ichida Isroilning 6 tadan ortiq tankini portlatib yuborgani tasvirlangan videolar namoyish qilingan. Hamas bergan ma’lumotlariga ko‘ra, bu vaqt davomida G‘azoda 16 ta Isroil askari o‘ldirilgan, ammo bu rasmiy ma’lumot sifatida tasdiqlanmagan.
- G‘azodan tarqalayotgan ko‘ngilni xira qiluvchi lavhalar faqat bir savolni o‘rtaga qo‘yadi: bu urush qachon tugaydi? Urush qachon, qay tarzda tugashi mumkin?
Kamoliddin Rabbimov: Ziddiyatlar yechimidan ancha uzoqda. Bugun Isroil o‘ta agressiyaga berilgan va Amerika meni har qanday holatda himoya qiladi degan fikrdagi davlat. Isroil hokimiyatida millatchi yahudiylar turibdi. Ular G‘azoni vayron qilish, G‘arbiy sohilni anneksiya qilish uchun o‘z potensialini ishga solishda davom etadi.
Hozir Isroil ma’naviy inqiroz davrida. Isroil davlatchiligi – musulmon davlatlari okeanining o‘rtasidagi kichik orolcha sifatida qilayotgan barcha qilmishlari uchun kelajakda albatta javob beradi. Ya’ni dunyodagi kuchlar nisbati o‘zgarishi bilanoq, Isroilning davri ham tugaydi. Hozir ham Isroildan ko‘chib ketish holatlari kuchaymoqda.
Bektosh Berdiyev: Isroilning asl maqsadi – G‘azoni qo‘lga kiritish. G‘azodagi aholini Iordaniya yoki Misrga ketkazish va yerga egalik qilish. Shu sababdan ham bu yerda fuqarolik infratuzilmalari shu darajada vayron qilindiki, bu yerda endi aholi yashay olmasligi uchun. Bu yerda qolib ketayotgan bombalar, turli zararli moddalar hali ko‘plab odamning yostig‘ini quritishga qodir.
- Isroil urushdan keyin ham G‘azoni nazoratsiz qoldirmoqchi emas. Netanyahu kabineti ayniqsa Filadelfiya va Netzarim yo‘laklari nazoratini o‘zida qoldirishini qat’iy ta’kidlamoqda. G‘azoning kelajagi borasida qanday ehtimoliy ssenariylar bor?
Shavkat Ikromov: Qachonki Falastin davlati tuzilsagina, urush tugaydi. Ammo tarixdan ma’lumki, Isroil G‘azoni tashlab ketib, unga yana qaytib kiradi va urush qo‘zg‘aydi. Amerika Afg‘onistonga kirib kelganidan keyin “Tolibon” hukumati yaratilganda o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketdi va bu urush shunday yakunlandi. Ammo G‘azo bilan bunday hol sodir bo‘lmaydi. Isroil doimo qaytish siyosatini amalga oshiradi. G‘azo uchun ham bu urush birinchisi emas. 2006 yilda hudud Falastinga topshirilgan edi. Ammo hozirda ham Isroil tashqi kuchlar ta’sirida G‘azoni tark etishi va yana tashrif buyurishi aniq.
Shuningdek, Hamas butunlay yo‘q bo‘lgani yo‘q. Hamas askarlari kurashni davom ettiradi. O‘lgan askarlarning farzandlari vorislar sifatida kurashni davom ettiradi.
Hamid Sodiq: Hamas harakati, G‘azodagi 2 million aholining qarshiligi ifodasi bo‘lib qolaveradi. G‘azoning infratuzilmasi vayron qilindi, u yerda juda katta harbiy harakatlar amalga oshirildi. Bu infrastrukturani tiklashni Isroil hech bir davlatga ishonib topshirmaydi: bu yerni o‘zi tiklaydi va tabiiyki, boshqaruvni ham o‘z qo‘lida saqlab qoladi.
NormuhammadAli Abdurahmonov tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi