
Tom Kruz "Uddalab bo‘lmas topshiriq: Yakuniy hisob-kitob" filmining suratga olish jarayonida bajargan tryuklaridan biri uchun Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi. Aktyor oldindan yoqib qo‘yilgan parashyut bilan 16 marta sakragan. Bu haqda Hollywood Reporter xabar bermoqda.
Film sahnalaridan birida Tom Kruzning qahramoni Itan Xant o‘zi bilan zaxira parashyutni olib, shikastlangan samolyotdan sakraydi. Uning asosiy parashyuti yonadi, shuning uchun qahramon arqonlarni kesib tashlaydi va oxirgi soniyada zaxira parashyuti ochiladi.
Tryuk Kruz tomonidan jonli ravishda amalga oshirildi: u JARdagi Drakon tog‘larida vertolyotdan 2 ming metrdan ortiq balandlikda 16 marta sakradi. Har safar uning parashyuti yonuvchi suyuqlik bilan to‘yintirilib, yoqib yuborilgan.
Ginnesning rekordlar kitobi ma’lumotiga ko‘ra, u “bir kishi tomonidan eng ko‘p yonayotgan parashyut bilan sakrash” nominatsiyasida rekordchiga aylangan.
“Tom Kruz rekordlar uchun yaratilgandek. U yana bir bor o‘zini chegara bilmaydigan aktyor sifatida namoyon qildi,” — deydi Ginnes rekordlar ma’lumotnomasi bosh muharriri Kreyg Glendey.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!