20:44 / 09.10.2024
71

Floridadan millionlab odamlar evakuatsiya qilinmoqda: «Agar qolsangiz, sizni o‘lim kutadi»

Floridadan millionlab odamlar evakuatsiya qilinmoqda: «Agar qolsangiz, sizni o‘lim kutadi»
Foto: Reuters
Amerikaning chorshanba kuni kechqurun «Milton» to‘foni yopirilishi kutilayotgan Florida shtatidan besh milliondan ortiq odam evakuatsiya qilinmoqda. Shtatdagi uchinchi eng yirik shahar bo‘lmish Tampa meri so‘nggi 100 yillikdagi eng kuchlisi bo‘lishi mumkin bo‘lgan to‘fon hududida qolish o‘limga teng ekanidan ogohlantirgan.

«Men hech qanday dramalashtirmasdan aytishim mumkinki, agar siz aholi evakuatsiya qilinishi lozim bo‘lgan hududlarda qolishni tanlasangiz, o‘lasiz», — degan Jeyn Kastor CNN telekompaniyasi efirida.

To‘fonlarni kuzatish milliy markazi (NHC) prognozlariga ko‘ra, «Milton» mahalliy vaqt bilan chorshanba kuni kechqurun (Toshkent vaqti bilan payshanba kunining birinchi yarmida) Florida sohillariga yetib kelishi kutilmoqda.

Shtatning uch milliondan ortiq kishi yashovchi markaziy va g‘arbiy hududlari tabiiy ofat epimarkazi bo‘lishi kutilmoqda.

Sinoptiklar kuchli yomg‘ir va kuchli shamollar nafaqat sohil hududlarda, balki shtat ichkarisida ham kuchli toshqinlar keltirib chiqarishidan ogohlantirmoqda. Sohilda to‘lqin balandligi 3-4 metrga yetishi mumkin.

Floridadagi axloq tuzatish muassasalari departamentiga ko‘ra, 4,5 mingdan ortiq mahbus «jamoat xavfsizligiga zarar yetkazmagan holda» tabiiy ofat qamrab olishi kutilayotgan hududdan ko‘chirilgan.

Shuningdek, Tampa atrofida joylashgan harbiy aviabaza ham evakuatsiya qilingan.

Sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarda «Milton» to‘foni AQSHning Sharqiy sohillariga yetib kelishdan oldin krater shaklini olganini ko‘rish mumkin. Foto: NOAA/Reuters
AQSH hukumatining Favqulodda vaziyatlarni boshqarish bo‘yicha federal agentligi ma’lum qilishicha, jabrlangan hududlarga yetkazib berish uchun 20 mln porsiya yegulik hamda 40 mln litr suv tayyorlab qo‘yilgan.

Agentlik «Milton» oqibatlarini bartaraf etish uchun zarur resurslar maksimal darajada tayyorlanganini xabar qilgan: bular shahar va dengiz qidiruv-qutqaruv guruhlari, tibbiyot bo‘linmalari, AQSH Armiya korpusidan vaqtinchalik guruhlar, muhandislar va chiqindilarni yo‘q qilish bo‘yicha mutaxassislar.

«Milton» to‘foni nimasi bilan xavfli?

«Milton» to‘fonining o‘ziga xosligi shundaki, u bir necha tornado keltirib chiqarishi mumkin, deb ogohlantirmoqda meteorologlar.

AQSH Milliy okean va atmosfera tadqiqotlari agentligi (NOAA) dovuldan keyin yuzaga kelishi muqarra bo‘lgan shtorm Saffir-Simpson shkalasi bo‘yicha eng yuqori beshinchi toifani qayd etishi hozirdan aniq ekanini ma’lum qilgan.

Bunday kategoriya shamol tezligi kamida soatiga 252 kilometrni tashkil etganida beriladi.

AQSH prezidenti Jo Bayden mamlakatda yuzaga kelgan favqulodda vaziyat tufayli Germaniya va Angolaga rejalashtirilgan safarlarini bekor qilgan. OAVga ko‘ra, bu tufayli Rossiya bosqinini qaytarish uchun Ukrainaga qurol yetkazib berish masalasiga bag‘ishlangan «Ramshtayn» formatidagi uchrashuv ham keyinga qoldiriladi.

Oq uy barcha federal xizmatlar, jumladan uy-joy qurilishi xizmati jabrlanuvchilarga zarur yordamlarni ko‘rsatishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Ikki haftacha oldin ham Florida boshqa bir «Helen» to‘foniga yo‘liqqandi, bu so‘nggi 19 yil ichida AQSHda ro‘y bergan eng ajalvor tabiiy ofat bo‘lib turibdi. Qurbonlarning aniq soni ma’lum emas, ammo rasmiylarga ko‘ra, bu miqdor 225 kishidan oshadi — 2005 yil avgustida ro‘y bergan va tarixdagi eng ko‘p qurbonga sabab bo‘lgan deb hisoblanadigan «Katrina» to‘foni esa 2 mingga yaqin kishini hayotdan olib ketgandi.

Floridaliklarning ko‘pchiligi allaqachon «Helen» tufayli turar joylarini yo‘qotgan. Uylari omon qolganlar esa «Milton»dan omon chiqishiga ishonmaydi.

Ko‘pchilik uylarini tark etishda oyna va derazalarni tambalab, devorlar atrofini qum to‘ldirilgan qoplar bilan o‘ramoqda, ammo sinoptiklar fikricha, bu choralar ko‘proq xotirjamlik uchun qilinmoqda va amalda bu tabiiy ofatdan qutqara olmaydi.

Foto: EPA
Tabiiy ofatdan qochish

38 yoshli musiqachi Jon O'Liri Reuters agentligi bilan suhbatda o‘z pianinosini uyda qoldirish og‘ir bo‘lgani, ammo hozir barcha o‘z jonini saqlab qolish rejimida ekanini aytgan.

Parom operatori, 58 yoshli Ken Vud «Helen» to‘foni vaqtida o‘z uyida qolgan va tabiiy ofatdan tirik chiqqandi, ammo bu safar u 16 yoshli mushugi bilan birgalikda qochishga qaror qilgan. Uning aytishicha, bu uning hayotidagi eng qo‘rqinchli pallalardan biri bo‘lgan: «Biz bu xatoni boshqa takrorlamaymiz».

38 yoshli Mark Feynman allaqachon xavfsiz hududga ko‘chib o‘tgan. U jurnalistlar bilan suhbatda 13 soat davomida o‘z oilasini Alabama chegarasigacha olib borganini aytib bergan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘lda ular avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida yuzaga kelgan ulkan navbatlarga guvoh bo‘lishgan. Markning aytishicha, benzin taqchillashgan va u o‘z mashinasi gibrid dvigatel bilan jihozlanganidan mamnun ekanini bildirgan.

Floridadan shimolga olib ketuvchi yo‘llarda yuz minglab avtomobillar harakatlanmoqda. Foto: EPA
Florida gubernatori Ron Desantis yonilg‘i quyish shoxobchalariga benzin yetkazib berish hukumatning birinchi galdagi vazifasi bo‘lishini ma’lum qilgan. Shuningdek, shoshilinch tarzda elektromobillar uchun vaqtinchalik quvvatlash stansiyalari o‘rnatilmoqda.

AQSH tarixidagi eng vayronkor to‘fonlar

AQSH Milliy okean va atmosfera tadqiqotlari agentligi (NOAA) dovullar ma’lumotlari bazasiga ko‘ra, 1924 yildan keyingi davrda Atlantika okeanida kamida 40 ta dovul beshinchi toifaga chiqqan.

Quyida sohil aholisi uchun eng halokatli oqibatlarga olib kelgan dovullar keltirilgan:

1969 yilda Missisipiga yopirilgan «Kamilla» dovuli o‘zi bilan 7,5 metr balandlikdagi to‘lqin olib keladi (olimlar buni «pikdagi to‘lqin» deb atashadi) va sohildagi deyarli barcha qurilmalarni yuvib ketadi. Dovul qurbonlari soni 259 kishi bo‘lgan, shuning aksari Virjiniya shtatida yashovchilar edi, yetkazilgan moddiy zarar miqdori 1,4 mlrd dollar atrofida bo‘lgan.

1992 yilda Florida janubiga «Endryu» to‘foni yopiriladi va uning markazida shamol tezligi soniyasiga 70 metrdan oshadi. Bu tabiiy ofat oqibatida 26 kishi halok bo‘lgan, ammo yana o‘nlab o‘limlar bilvosita to‘fon bilan bog‘liq edi. Tabiiy ofat yetkazgan zarar miqdori 30 mlrd dollarni tashkil etadi, bu o‘sha vaqtda «Endryu»ni AQSH tarixidagi eng qimmatga tushgan tabiiy ofatga aylantirgan.

2018 yilda Floridaga «Maykl» to‘foni kirib kelgan, bu o‘shanda shtat tarixidagi eng kuchli to‘fon deb atalgandi. Tabiiy ofat qurbonlari kamida 74 kishi bo‘lgan (shunan 59 nafari AQSH va yana 15 nafari — Markaziy Amerikada), yetkazilgan moddiy zarar miqdori 25 mlrd dollardan oshgan.

Yaqinlashib kelayotgan «Milton»dan ikki haftacha oldin AQSH sohillariga o‘limvor «Helen» to‘foni ham yopirilgandi. Uning oqibatida halok bo‘lganlar soni 200 kishini tashkil etdi, qurbonlar soni bo‘yicha u faqat 2005 yilda Luizianada qariyb 2 ming kishini hayotdan olib ketgan «Katrina»dan ortda qoladi.

Florida, Millionlab odamlar, Evakuatsiya qilish, Milton to‘foni, Tampa

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Floridadan millionlab odamlar evakuatsiya qilinmoqda: «Agar qolsangiz, sizni o‘lim kutadi»