
Foto: Azerbaycan 24
Turkiya Milliy ta'lim vazirligi tarix fani oʻquv dasturiga tub oʻzgarishlar kiritdi. Yangi yondashuvga koʻra, “Markaziy Osiyo” atamasi “Turkiston” atamasi bilan almashtiriladi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, mazkur qaror kelajak avlodlarda milliy oʻzlikni anglash va vatanparvarlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon, “kelgusi davrni turklar davriga aylantirish uchun elkama-elka harakat qilib, ‘Turk asri’ haqidagi tasavvurlarni Turkiy Davlatlar Tashkilotiga ham etkazishi”ni ta'kidlagan.
“Turklarning vatani ma'nosini anglatuvchi Turkiston soʻzi tarixning eng qadimgi davrlaridan beri qoʻllanilgan. XIX asrning ikkinchi yarmida ruslar bosqinchiligi natijasida Turkiston nomi oʻrniga Oʻrta Osiyo tushunchasi kirib keldi va tarqaldi”, deydi professor Ahmet Tasagil “Turkiston” atamasining tarixiy ma'nosini tushuntirar ekan.
Dotsent Ramin Sodiq Ta'lim vazirligi qaroriga izoh berib, “Turkiston kontseptsiyasi va uning Xalq ta'limi vazirligi tomonidan darsliklarga kiritilishi juda toʻgʻri qaror ekanini ta'kidlagan.
Mutaxassis turk dunyosi uchun mushtarak tarix, geografiya, adabiyot, xarita va alifbo yaratish borasidagi faol qadamlar davrida Milliy ta'lim vazirligining “Turkiston” atamasini darsliklarga, jumladan, bolalar uchun moʻljallangan darsliklarga kiritish toʻgʻrisidagi qarorini muhim oʻzgarish deb atadi.
Uning fikricha, bu oʻzgarishlar nafaqat Turkiya, balki butun turkiy dunyo, shuningdek, turkiy xalqlarning hamkor davlatlari uchun muhim boshlanish va qimmatli hissadir.
Mutaxassislarga koʻra, bu oʻzgarish turkiy dunyo boʻylab aloqalarni mustahkamlash, jumladan, umumiy tarix, adabiyot, xarita va alifbo yaratishga qaratilgan kengroq strategiyaning bir qismidir. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!