15:00 / 19.11.2024
6

Isroilga qurol sotishni to‘xtatish AQSH Senatida ko‘rib chiqiladi

Isroilga qurol sotishni to‘xtatish AQSH Senatida ko‘rib chiqiladi
Foto: AFP
AQSH Senatida 20 noyabr kuni Isroilga qurol sotishni to‘xtatish bo‘yicha ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Tashabbuskorlardan biri demokratlardan senator Berni Sanders hisoblanadi. U Isroilni Qo‘shma Shtatlar tomonidan yetkazib berilgan bombalarni tinch aholiga qarshi qo‘llashda ayblagan.

Urush deyarli butunlay AQSH qurollari va Amerika soliq to‘lovchilarining 18 milliard dollar mablag‘lari hisobiga olib borildi. Isroil AQSH tomonidan taqdim etilgan 2000 funtli (907 kilogramm) bombalarni odamlar gavjum mahallalarga tashladi, bir hovuch HAMAS jangchilarini yo‘q qilish uchun yuzlab tinch aholini o‘ldirdi va jangchilarni oddiy insonlardan farqlash uchun kam harakat qildi”, degan Sanders o‘z bayonotida.

Biroq har ikki partiyaning yahudiy davlatiga nisbatan kuchli xayrixohligi sabab rezolyutsiyalar qabul qilinishi dargumon, deb yozmoqda Reuters. Lekin tarafdorlar mazkur tashabbus Bayden administratsiyasi va Isroil hukumatini G‘azodagi tinch aholini himoya qilish uchun ko‘proq choralar ko‘rishga undaydi, degan umidda.

Demokrat senatorlar Jeff Merkli, Piter Uelch va Brayan Schat hamkorligida taqdim qilingan rezolyutsiyalarning ikkitasi minomyot snaryadlari va JDAM aviabombalari sotuvini bloklaydi. Uchinchisi esa Merkava tanklari uchun o‘q-dorilar yetkazib berishni cheklaydi.

G‘azodagi vaziyat

Urush sababli gumanitar vaziyat yomonlashgan G‘azoda ikki milliondan ortiq aholi yashaydi. Ular o‘z uylaridan ko‘chirilgan va insonparvarlik yordamisiz kun kechira olmaydi. Xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, anklav hozir ocharchilik xavfi ostida. Isroilning G‘azoga hujumi oqibatida qurbonlar soni 43 922 kishidan oshgan.

Oktyabr oyida Bayden ma’muriyati Isroilni G‘azoga gumanitar yordam oqimini yaxshilashi uchun 30 kun borligi, yo‘qsa AQSH harbiy ko‘magi xavf ostida qolishi haqida ogohlantirgan. Oq uyning 12 noyabr kungi xulosasida Isroil bu borada o‘zgarish qilgani va gumanitar yuklar oqimiga ortiq to‘sqinlik qilmayotganini bildirgandi. Biroq anklavda faoliyat ko‘rsatayotgan insonparvarlik guruhlari buni inkor etmoqda.

AQSH qonunlari Kongressga norozilik rezolyutsiyalarini qabul qilish orqali xorijiy qurol savdosini to‘xtatish huquqini beradi. O‘tmishda bunday rezolyutsiyalar amaldagi ma’muriyat uchun noqulay bo‘lgan turli munozaralarni keltirib chiqargan holatlar bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroilga qurol sotishni to‘xtatish AQSH Senatida ko‘rib chiqiladi