Foto: Getty Images
Suriyaning Tartus viloyatida mamlakatning agʻdarilgan prezidenti Bashar Asadning tarafdorlari yangi hukumat politsiyasining 14 vakilini oʻldirgan. Bu toʻqnashuv haqida noyabr oyi oxiridagi isyonga boshchilik qilgan «Hay'at Tahrir ash-Shom» tuzgan oʻtish davri hukumati xabar berdi. Yangi hukumat mintaqadan «Asad kuchlari»ni siqib chiqarish maqsadida amaliyot boshlaganini e'lon qildi.
Oʻtish davri hukumatining ichki ishlar vaziri Muhammad Abdulrahmonning izohlashicha, huquq-tartibot organlari guruhi Asadga sodiq kuchlar qoʻygan «pistirma»ga duch kelgan. Uning soʻzlariga koʻra, Suriya politsiyasining 14 xodimi halok boʻlib, yana kamida 10 xodim jarohat olgan.
Ofisi Britaniyada boʻlgan Suriyadagi inson huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish markazi (SOHR) otishmada qurollangan uch kishi oʻldirilganini xabar qilgan. Tashkilot xabarida ular ozchilikni tashkil etuvchi alaviylar vakili boʻlgani haqida gap yoʻq.
Suriyadagi vaqtincha hukumat «mamlakat xavfsizligiga putur etkazuvchi yoki uning fuqarolari hayotini xavf ostiga qoʻyuvchi» harakatlarni amalga oshiradigan har qanday kuchga qarshi qat'iy choralar koʻrishni va'da bergan.
Asad tarafdorlari boʻlgan kuchlar bilan toʻqnashuv Suriya gʻarbida, asosiy aholisi Asadlar sulolasi tayanchi hisoblangan alaviylar yashovchi Tartus port shahri yaqinida roʻy bergan.
25 dekabr kuni bir vaqtning oʻzida Suriyaning bir necha shahrida shialar va alaviylar namoyishlarga chiqdi.
Bu norozilik aktsiyalariga ijtimoiy tarmoqlarda Halab shahridagi alaviylarning Al-Husayn ibn Hamdon Al-Hashibiy ziyoratgohiga hujum haqidagi video tarqalishi sabab boʻlgan.
Suriyaning yangi hukumati ma'lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video noyabr oyi oxiridagi yurish vaqtida olingan. Ammo bu bayonot alaviylardagi norozilik toʻlqinini toʻxtatishga yordam bermadi.
Namoyishlar Homs shahrida ham oʻtkazilgan, bu erda norozilik aktsiyasi qatnashchilaridan kamida bir nafari politsiya bilan toʻqnashuvlar qurboni boʻlgan. Shuningdek, Tartus, Lataqiya hamda Bashar Asadning otasi Hafiz Asad tugʻilgan Kardax shaharlarida ham boʻlib oʻtgan.
Lataqiya va Homs shaharlarida ommaviy norozilik namoyishlari tarqatilganidan keyin bir kechaga — 26 dekabr kuni ertalabki soat 8 ga qadar komendantlik soati joriy etilgan.
Namoyishlarning talablari toʻgʻrisida ishonchli ma'lumot yoʻq. Reuters agentligi xabariga koʻra, norozilik aktsiyalari ishtirokchilari, katta ehtimol bilan, Bashar Asad rejimi qulaganidan keyin xavfsizlik kafolatlari berilishini istamoqda.
Aktsiyalar oʻtkazilgan hududlar aholisi vakillari agentlikka aytishicha, bu hodisalar Asad rejimi qulaganidan keyin alaviylarga nisbatan bosim kuchaygani va zoʻravonlik holatlari uchragani oqibatida kelib chiqqan.
Asadlar oilasi mansub boʻlgan alaviylar yangi hukumat tomonidan Asad rejimi vaqtida amalga oshirilgan qiynoqlar va qatllar uchun qasos olinishidan qoʻrqmoqda.
Alaviylarning hududlardagi etakchilari Suriyaning yangi hukumatini oʻz jamoalari uchun «umumiy amnistiya» e'lon qilishga chaqirmoqda.
Damashqda xristianlar namoyishi
Bashar Asad rejimi agʻdarilishi bilan yakunlangan isyonga boshchilik qilgan «Hay'at Tahrir ash-Shom» guruhi rahbarlari bir necha marta diniy va etnik ozchilik vakillarining huquq va erkinliklari ta'minlanishiga va'da bergan.
Ammo diniy va etnik ozchiliklar vakillari oʻz xavfsizligidan xavotirda ekanini aytishmoqda.
Xususan, oldinroq Suriyadagi minglab xristianlar Skalbiya shahrida rojdestvo archasi yoqib yuborilgani tufayli Damashqda norozilik aktsiyasini oʻtkazishgandi. Ular mamlakatning yangi hukumatidan diniy ozchilik huquqlarini ta'minlashni talab qilishgan.
Alaviylarda oʻz xavfsizligidan xavotirlanish uchun sabablar xristianlarnikidan koʻproq.
Suriyada Bashar Asad rejimidan jabrlangan oʻn minglab oilalar oʻz yaqinlarining azob-uqubatlari va halokatida aybdor boʻlganlar «adolatli sud qilinishi va jazolanishi»ni kutmoqda.
2011 yilda boshlangan fuqarolik urushi davomida hukumat yuz minglab kishilarni lagerlarda saqlagan, huquq himoyachilarining ma'lumotlariga koʻra, bunday joylarda qiynoqqa solish oddiy holat hisoblangan.
Ofisi Turkiyada joylashgan Sednaya qamoqxonasi mahbuslari va bedarak yoʻqolganlar assotsiatsiyasi (ADMSP) xabar qilishicha, 2011 yildan 2018 yilga qadar boʻlgan davrda bu qamoqxonada 30 mingdan ortiq mahbus qatl etilgan yoki qiynoqlar hamda tibbiy yordam yoʻqligi natijasida yoki ochlikdan vafot etgan.
Bundan tashqari, Bashar Asad hukumatiga xizmat qilgan sobiq zobitlar qurollarni topshirishdan bosh tortmoqda va Suriyaning yangi hukumati ular hokimiyatni qaytarib olishga urinishidan xavfsiramoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Tramp butun materikni egallamoqchi: hamma hayratda
Kaliforniyada dahshatli oʻrmon yongʻinlari: mashhurlarning uylari yonib ketmoqda
Bashar Asadning rafiqasi Britaniya razvedkasiga ishlaganlikda gumonlanmoqda
Netanyaxu Trampning inauguratsiyasida qatnashishdan bosh tortdi
Britaniya TIV rahbari Ukraina urushi qachon tugashi mumkinligini aytdi
Livanda 12 marotaba muvaffaqiyatsiz saylovlardan soʻng prezident tayinlandi
Germaniyada sobiq vazirning yuziga tort uloqtirishdi
Manba: Kreml urush tugagach Belarusni oʻziga qoʻshib olmoqchi