date

Zelenskiy Yevropadan Tomahawk raketalari bo‘yicha yordam so‘radi

Zelenskiy Yevropadan Tomahawk raketalari bo‘yicha yordam so‘radi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi yetakchilari sammitida mamlakat mudofaa salohiyatini kuchaytirish masalasini yana bir bor ko‘tardi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Yevropadagi zaxiralar orqali AQSH ishlab chiqargan uzoq masofali Tomahawk raketalarini qabul qilishi mumkin, deb xabar berdi prezidentning rasmiy sayti.

Zelenskiy ta’kidlashicha, bu qurollar Ukrainaga nafaqat mudofaa imkoniyatlarini oshirish, balki Rossiyaga urushning haqiqiy oqibatlarini his qildirish imkonini berishi mumkin. “Men sizlarni Ukrainaning bunday salohiyatga ega bo‘lishiga yordam beradigan har qanday tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman. Bu Rossiyaga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi”, — dedi u Yevropa yetakchilariga murojaatida.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, “Tomagavk” raketalari faqat AQSHda emas, balki ayrim Yevropa mamlakatlarida ham mavjud. “Biz allaqachon yordam bera oladigan davlatlar bilan muzokara olib bormoqdamiz. Shu mavzu tilga olinganda Putinning reaksiyasiga qarang: u juda asabiylashadi. Chunki uzoq masofali qurollar urush yo‘nalishini keskin o‘zgartirishi mumkinligini u yaxshi tushunadi,” — deya ta’kidladi Zelenskiy.

Shuningdek, Ukraina rahbari Yevropa mamlakatlarini Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini iloji boricha tezroq Ukraina ixtiyoriga o‘tkazishga chaqirdi. Uning fikricha, ushbu mablag‘lar nafaqat mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlaydi, balki frontdagi mustahkamlikni ta’minlaydigan harbiy ehtiyojlar uchun ham xizmat qiladi.

“Biz bu mablag‘larning asosiy qismini Yevropa qurollarini xarid qilishga yo‘naltirishni rejalashtiryapmiz. Bu pul nafaqat biz uchun, balki butun Yevropaning xavfsizligi uchun ham ishlaydi. U Ukrainaning havo mudofaasi, havo kuchlari va front chizig‘idagi pozitsiyalarni mustahkamlaydi. Bu — minglab hayotlarni saqlab qolish demakdir”, — dedi Zelenskiy.

Tahlilchilar fikricha, Zelenskiyning bu bayonoti Yevropa Ittifoqi doirasida uzoq masofali qurollar bo‘yicha yangi diplomatik bosqichni boshlab berishi mumkin. Ukraina prezidentining fikrlari Yevropadagi ayrim yetakchilarning pozitsiyalariga ta’sir ko‘rsatishi, shu bilan birga Rossiya bilan munosabatlar borasida yangi tortishuvlarni keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas.

Ayrim Yevropa mamlakatlari Ukrainaga bunday qurollarni berish masalasini hali rasman muhokama qilmagan bo‘lsa-da, so‘nggi haftalarda Yevropada Rossiyaning harbiy harakatlariga qarshi qat’iy choralar ko‘rish zarurligi haqidagi fikrlar kuchayib borayotgani kuzatilmoqda.

Zelenskiyning sammitdagi chiqishi Ukraina uchun muhim diplomatik qadam sifatida baholanmoqda. U Yevropa davlatlaridan nafaqat siyosiy, balki harbiy ko‘makni ham kuchaytirishni so‘rab, Yevropa xavfsizligini Ukraina fronti orqali ta’minlash zarurligini eslatdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy Yevropadan Tomahawk raketalari bo‘yicha yordam so‘radi