
AQSH prezidenti Donald Tramp Iordan daryosining G‘arbiy sohilini Isroil tomonidan anneksiya qilish rejasiga qat’iy e’tiroz bildirdi. Bu haqda u “The Time” jurnaliga bergan intervyusida ma’lum qildi, deb yozadi xorijiy nashrlar.
Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, u arab davlatlari yetakchilariga bu masalada va’da bergan va buni buzish AQSHning mintaqadagi mavqeiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
“Bunday bo‘lmaydi, chunki men arab mamlakatlariga va’da berdim. Hozir buni amalga oshirish mumkin emas. Arab davlatlari bizga katta ko‘mak berdi. Agar Isroil bu qadamni tashlasa, Qo‘shma Shtatlar tomonidan ko‘rsatilayotgan barcha yordam to‘xtatilishi mumkin”, – dedi Donald Tramp.
Mazkur intervyu 15-oktyabr kuni berilgan bo‘lsa-da, uning jurnalda chop etilishi Isroil parlamenti – Knessetda G‘arbiy Sohilga oid qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingan sanaga to‘g‘ri keldi.
22-oktyabr kuni qabul qilingan mazkur hujjat Isroilning G‘arbiy Sohildagi manzilgohlarga suverenitetini tatbiq etish, ya’ni hududni rasman qo‘shib olishni nazarda tutadi. Loyiha to‘liq kuchga kirishi uchun yana uch marta ovoz berish jarayonidan o‘tishi kerak.
Bu voqea xalqaro maydonda keskin bahslarga sabab bo‘ldi. So‘nggi kunlarda Isroilda bo‘lgan AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens ham mazkur qonun loyihasini qattiq tanqid qildi.
“Menga buni ramziy siyosiy qadam deb tushuntirishdi. Ammo buni ahmoqona siyosiy tryuk deb hisoblayman. Shaxsan men bu qarorni haqorat sifatida qabul qildim”, – dedi Vens Isroilni tark etish arafasidagi chiqishida.
Shu bilan birga, AQSH davlat kotibi Marko Rubio ham bu anneksiya harakati Tramp ma’muriyati ishlab chiqqan G‘azo sektoridagi tinchlik rejasiga tahdid solishi mumkinligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, Isroil parlamenti joriy yil iyul oyida ham Iordan daryosining G‘arbiy sohilini “yahudiy xalqi tarixiy vatanining ajralmas qismi” sifatida e’tirof etuvchi hujjatni qabul qilgandi. Bu qaror xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralangan.
Isroil 1967 yilgi urushdan keyin bosib olgan G‘arbiy sohilda bir necha o‘n yillar davomida noqonuniy turarjoylar qurib kelmoqda. Hozirga kelib bu hududda 160 ga yaqin yahudiy manzilgohlar barpo etilgan va 700 mingdan ortiq yahudiy aholisi joylashtirilgan.
Xalqaro tashkilotlar, jumladan BMT, bu qurilishlarni bosqinchilik va xalqaro huquqni buzish deb baholaydi. BMT Xavfsizlik kengashi 2016-yil 23-dekabrda qabul qilgan rezolyutsiyada Isroildan ishg‘ol etilgan Falastin yerlarida turarjoylar qurishni darhol to‘xtatish talab qilingan edi.
“Peace Now” inson huquqlari tashkiloti ham Binyamin Netanyahu hukumatining bu harakatlarini qoralar ekan, bu orqali Isroil G‘arbiy sohilni butunlay ishg‘ol etishni maqsad qilganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, 460 nafarga yaqin jahon yahudiy ziyolilari – olimlar, siyosatchilar va madaniyat arboblari tomonidan tarqatilgan bayonotda ham Isroildan ishg‘ol ostidagi Falastin hududlarida aparteid va genotsid siyosatiga barham berish talab qilingan.
Tahlilchilar fikricha, Trampning bu bayonoti uning Isroilga qarshi pozitsiyaga o‘tganini anglatmaydi. Aksincha, u bir necha yillardan beri Tel-Avivni strategik ittifoqchi sifatida qo‘llab-quvvatlab keladi.
Eslatib o‘tamiz, Tramp o‘zining ilk prezidentlik davrida — 2017-yil dekabr oyida Quddusni yaxlit holda Isroil poytaxti sifatida tan olgan edi. Bu qaror nafaqat Falastin ma’muriyati, balki Vashingtonning Yevropa ittifoqidagi hamkorlari tomonidan ham qattiq qoralangan edi.
Hozir esa vaziyat yana keskinlashmoqda: Isroilning yangi anneksiya harakatlari mintaqadagi tinchlik jarayonini murakkablashtirishi va G‘arbiy sohildagi ziddiyatlarni yanada kuchaytirishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!