Qoʻshma Shtatlarda tegishli ruxsatnomalarsiz yashayotgan migrantlarni qoʻlga olish va deportatsiya qilish boʻyicha reydlar yangi ma'muriyatning ilk ish kunidan boshlanadi, deb xabar bermoqda Amerika nashrlari.
AQShning yangi ma'muriyatida chegara nazorati uchun javob beradigan Tom Houmen noqonuniy immigrantlarga qarshi katta «ov» oʻtkazishni va'da qilmoqda. Foto: Reuters
New York Times va Wall Street Journal aniqlik kiritishicha, Trampning yangi jamoasida chegara muhofazasi uchun mas'ul boʻladigan Tom Houmen muhojirlar ulushi yuqori boʻlgan shahar Chikagoda (bu shaharga 2022 yil avgustdan beri 51 mingdan ziyod migrant kelgan) noqonuniy muhojirlarni ta'qib qilish seshanba kuniyoq boshlanishi mumkinligini va'da qilgan.
Bundan oldinroq, Fox News uchun bergan intervyusida, Houmen butun mamlakat boʻylab noqonuniy migrantlarga qarshi «katta reyd» oʻtkazilishini anons qilgandi. U Chikago ommaviy deportatsiyalar uchun «boshlangʻich nuqta» deb atagan. Amaliyotni oʻtkazishga 100-200 nafar xodimni jalb etiladi.
Nashrning yozishicha, reydning maqsadi «jinoiy oʻtmishga ega mamlakatdagi noqonuniy migrantlarni aniqlash»dan iborat. Ular yoʻl harakati qoidalarini buzgan yoki Bayden ma'muriyati jinoiy javobgarlikka tortish uchun jiddiy emas deb hisoblagan boshqa huquqbuzarliklarni sodir etgan boʻlishi mumkin.
Trampning oʻzi ham avvalroq mamlakat tarixidagi eng keng koʻlamli deportatsiya dasturini shaxsan nazorat qilmoqchi ekanini aytgandi.
Noqonuniy migrantlarga qarshi kurashish Trampning Oq uyga qaytish boʻyicha kampaniyasining asosiy mavzularidan biri boʻlgandi
Foto: Nic Antaya/Getty Images
Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati (ICE) muntazam ravishda noqonuniy migrantlarni tutish va deportatsiya qilish bilan shugʻullanadi.
Ammo dushanba kuni, Trampning inauguratsiyasidan keyinoq, idora federal immigratsiya rasmiylari bilan cheklangan darajada hamkorlik qiluvchi «boshpana shaharlar»ga qarshi qaratilgan amaliyotni boshlashi kutilmoqda
Chikagodan tashqari Amerikaning boshqa oʻnlab shaharlari, jumladan Los-Anjeles va Nyu York kabi yirik shaharlarda ham noqonuniy migrantlarga nisbatan shunday «yumshoq» siyosatga amal qilinadi.
«21 yanvar kuni sizning shahringizda jinoyatchilar va jinoiy toʻdalarning a'zolarini qidirish bilan shugʻullanuvchi ICE agentlari paydo boʻladi, — degandi Houmen oʻtgan oyda Chikagoda oʻtkazilgan respublikachilar yigʻilishida. - Buni e'tiborga oling. Chunki shunday boʻladi».
ICE’ning shu kabi reydlari Nyu York, Los-Anjeles, Denver va Mayamida ham oʻtkaziladi, deb yozadi Wall Street Journal vaziyatdan xabardor manbasiga tayanib.
Oq uyni Bayden ma'muriyati boshqargan soʻnggi toʻrt yillikda ICE’ning birinchi navbatdagi e'tibori faqat ogʻir jinoyatlar sodir etgan, chegarani endi kesib oʻtgan yoki milliy xavfsizlikka xavf tugʻdiradigan noqonuniy migrantlarga qaratilgandi.
Trampning jamoasi ham birinchi galda jinoyat sodir etgan muhojirlar bilan shugʻullanishini bildirayotgan boʻlsa-da, saylovoldi kampaniyasi chogʻida shu narsa bir necha bor takrorlangan: qoʻlga olish va deportatsiya istisnosiz barcha muhojirlarga — jumladan, koʻp yillardan buyon AQShda ishlab yashovchi va jinoiy oʻtmishi boʻlmaganlarga ham tahdid soladi.
ICE’ning muntazam reydlari Amerikadagi noqonuniy migrantlar ishlaydigan qurilish hududlari boʻylab tiklanishi kutilmoqda. Jo Bayden rahbarligidagi oldingi ma'muriyat bu amaliyotni bekor qilgandi.
AQSh siyosatida kutilayotgan keskinlashuv oldidan fermerlarning xoʻjaliklarida ishlovchi noqonuniy muhojirlar yuristlarga immigratsiya rasmiylari bilan toʻqnashganda oʻzini qanday tutishi lozimligi va har ehtimolga qarshi farzandlari uchun vaqtincha vasiylarni qanday tayinlash boʻyicha maslahat soʻrab murojat qilmoqda.
Noqonuniy migrantlar asosan jismoniy kuch talab etiladigan ishlarda ishlashadi: yoki dalada, yoki qurilishda
Foto: CHANDAN KHANNA/AFP via Getty Images
«Ma'muriyat hali vakolat olmadi, ammo odamlar allaqachon juda qoʻrqib ketishgan», — deya Kaliforniyadagi meksikalik qishloq xoʻjaligi ishchilariga yordam koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi Centro Binacional para el Desarrollo Indígena Oaxaqueño tashkiloti ijrochi direktori Sarait Martinesning soʻzlarini keltiradi Reuters.
Millionlab noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish hamda ish joylarida reydlar oʻtkazish va'dalaridan tashqari, ayrim ma'lumotlarga koʻra, Tramp cherkovlar hududida hech qanday hibsga olish amalga oshirilmasligi boʻyicha an'anaviy siyosatdan ham voz kechmoqchi ekaniga ishora qilgan.
Shu bilan birga, rejalashtirilayotgan reydlar mahalliy va mintaqaviy amaldorlar uchun jiddiy qiyinchiliklar tugʻdirishi muqarrar hol, qoʻlga olingan noqonuniy migrantlarni qayerdadir ushlab turish kerak boʻladi, ularni joylashtirishga moʻljallangan joylarda esa oʻrinlar soni ancha cheklangan.
Bu vaqtda esa keyingi haftada Kongress federal hukumatdan AQShda yashovchi muhojirlarni, ular jinoiy faoliyatda gumon qilingan taqdirda, ularga nisbatan rasmiy ayblovlar qoʻyilmagan boʻlsa ham, qoʻlga olish majburiyatini yuklovchi qonunchilik normasini ma'qullashi kutilmoqda.
Qonun oʻtgan yili Jorjiyada bunga qadar doʻkondagi oʻgʻirlik uchun ham qoʻlga olingan venesuelalik migrant tomonidan oʻldirilgan talaba Leyken Rayli sharafiga nomlangan.
Tramp saylovoldi kampaniyasi davomida bir necha bor oʻzining asosiy vazifalaridan biri noqonuniy migrantlarga qarshi kurashish ekanini ta'kidlab, AQSh tarixidagi eng katta ommaviy deportatsiyani oʻtkazishga va'da bergandi.
Donald Tramp 2016 yilgi prezidentlik kampaniyasi boshidan buyon noqonuniy migrantlarni ommaviy deportatsiya qilish niyatida ekanini aytib keladi. 2024 yil may oyida TIME jurnali bilan suhbatda u Qoʻshma Shtatlardagi noqonuniy migrantlar sonini 15-20 million kishiga baholagan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar