16:56 / 27.01.2025
488

Tramp neft narxini tushirib Rossiyani otashkesimga majburlamoqchi

Tramp neft narxini tushirib Rossiyani otashkesimga majburlamoqchi
AQSh prezidenti Davos forumidagi nutqida Saudiya shahzodasidan neft narxini tushirishni soʻraganini aytdi. Xoʻsh, saudlarning bu boradagi siyosati qanday boʻladi? Bu mavzu Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” dasturida tahlilchilar bahsiga sabab boʻldi.

Oybek Sirojov: Donald Tramp oʻzining bayonotlari bilan koʻplab davlatlar, jumladan, Kanada, Xitoy, Meksika, Evropa Ittifoqi va boshqa davlatlarga bosim oʻtkazmoqda. Uning navbatdagi bayonotini esa Saudiya Arabistoniga bosim deb baholash mumkin.

Oʻylashimcha, Tramp bu bosimlar orqali savdolashish imkoniyatini yaratishga urinmoqda. Uning bu harakatlari ma'lum darajagacha natija berishi, ya'ni Saudiya bu borada Trampga nisbatan yon berishi, BRIKS bilan hamkorlikni imkon darajasida cheklashi va voqealar rivojini kuzatishi mumkin. Saudiyaning Tramp davrida AQShga 600 mlrd dollar investitsiya kiritish qarori bu fikrni tasdiqlashi ehtimoli mavjud.

Bektosh Berdiyev: Trampning bunday tarzda Saudiya shahzodasiga murojaat yoʻllashiga etarlicha asos bor, chunki sovet ittifoqi Afgʻonistonga kirib kelganida Saudiya Arabistoni AQSh bosimi ostida neft narxini tushirgan va bu SSSRning iqtisodiyotiga sezilarli darajada salbiy ta'sir koʻrsatgan. Fors koʻrfazida neft qazib olish hajmini 2-3 barobar oshirishi mumkin boʻlgan davlatlar bor va agar ular buni uddalashsa, dunyo bozorida neft narxi tushadi. Biroq men Saudiya Rossiya iqtisodiyotini zaiflashtirish uchun bu yoʻldan bormoqchi emas deb oʻylayman. Chunki bu Saudiya iqtisodiyotiga ham salbiy ta'sir qilishi mumkin.

Evropa yoki Amerika saudiyaliklarga investitsiyalar borasida va'dalar berishi mumkin. Ammo hozir Saudiya ularning neft sohasidagi investitsiyalariga qaram emas. Shuning uchun bu safar Saudiya Arabistoni AQShning mazkur taklifini rad qilishi mumkin.

Shuhrat Rasulov: Neft qazib chiqaruvchi davlatlarning OPEK tashkiloti bor va Rossiya unga toʻlaqonli a'zo emas. Tashkilotning 2014 yildan keyingi davrdagi siyosati neft qazib olishni kamaytirish orqali mahsulot narxini yuqoriroq darajada ushlab turishga qaratilgan edi. Lekin tashkilot oxirgi 11 yil davomida bozorni oʻrganib shuni tushundiki, ma'lum hududlarga neft eksportini cheklash siyosati oʻzini oqlamaydi, chunki u chekingan bozorlarni OPEK'ka a'zo boʻlmagan davlatlar toʻldirmoqda.

Saudiya Arabistoni neft sohasi uchun va'da qilayotgan investitsiyaning 80 foizi AQSh konlariga yoʻnaltiriladi, chunki Tramp Amerika hududidagi barcha yirik neft konlarini ishga solishini aytgan va buning uchun katta miqdorda mablagʻ yoʻnaltirilishi kerak. Bunda AQShga Saudiya kompaniyasi borib neft qazib oladi va u Saudiya nomidan sotiladi, ehtimol AQSh savdoga ulushdor sifatida qoʻshilishi mumkin.

Keyingi yil shu paytlarda neft bozoridagi vaziyat tamoman boshqacha boʻladi: narx Rossiya uchun halokatli darajada tushib ketadi. Saudiya va AQSh oʻrtasidagi kelishuvga koʻra, saudiyaliklar neft bozorida mahsulot narxini shu tariqa tushirish va hajmni egallash orqali zararni qoplashga harakat qiladi. Bu borada bir necha oy oldin Saudiya hukumati qaror qabul qilib boʻlgan, Tramp saylovda yutgan paytiyoq kelishuv yuz bergan. Tramp neftni qaziyman, qaziyman, qaziyman degan shior bilan hokimiyatga keldi.

Bektosh Berdiyev: Saudiya Arabistoni neft narxini halokatli darajada tushirib yuborishiga ishonish juda qiyin. Chunki bu mamlakatning fundamental manfaatlariga zid hisoblanadi. Ular neft bozorini ishlab chiqarish hajmi bilan egallagani bilan, bu baribir davlat yilni byudjetda katta kamomad bilan yakunlashiga olib keladi. Har yili gʻaznasiga neft eksporti orqali 100 mlrddan ortiq pul gʻamlaydigan davlat bunday qaltis ishga qoʻl urishiga sira ishonmayman.

Shuhrat Rasulov: Neft arzon boʻladi. Neftning hukmi oʻqilgan, bu faqat Saudiya Arabistoni va AQSh oʻrtasidagi kelishuvlarga bogʻliq emas. Inson yangi texnologik zanjirlarga oʻtyapti.

Bektosh Berdiyev: Trampning maqsadi dunyoni neftga toʻldirib tashlash emas. U Xitoyning elektromobillar bozorini sindirish uchun, nima uchun biz elektromobillarga oʻtirib qolishimiz kerak, oʻzimizning neftdan foydalanaylik degan tashabbusni ilgari suryapti. Saudiya Arabistoniga dunyoni arzon neftga toʻldirib tashlash nimaga kerak?

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo