date

Kiyev qarori ortidan Ukrainani yoshlar ommaviy tark etmoqda

Kiyev qarori ortidan Ukrainani yoshlar ommaviy tark etmoqda

Ukraina hukumati tomonidan yosh erkaklarga mamlakatdan chiqishga ruxsat berish haqidagi yangi qaror qabul qilinganidan so‘ng, Polsha chegaralarida kuzatilgan harakat sezilarli darajada oshdi. Britaniyaning The Telegraph nashri yozganidek, so‘nggi ikki oy ichida Ukrainaning 18–22 yosh oralig‘idagi qariyb 100 ming fuqarosi Polshaga kirib kelgani qayd etilgan.

Polsha Chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yilning dastlabki sakkiz oyida, ya’ni yangi me’yor kuchga kirishidan avval, bu ko‘rsatkich 45 ming atrofida bo‘lgan. Ammo avgust oyining oxirida qonun kuchga kirgach, barcha ko‘rsatkichlar keskin o‘sdi — ikki oy ichida 98,5 ming yosh yigit Polshaga kirgan. Bu degani, har kuni o‘rtacha 1600 nafar ukrainalik erkak chegaradan o‘tmoqda.

Yangi qonun nimani o‘zgartirdi?

28-avgustdan boshlab Ukrainada 18–22 yoshdagi yoshlarga xorijga chiqish uchun to‘siq olib tashlandi. Ungacha harbiy holat sabab, 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklarga mamlakatni tark etish taqiqlangan edi. Bu cheklov faqat ayrim istisnolar — masalan, sog‘liq yoki oilaviy sabablar asosidagilar uchun amal qilardi.

Ukraina ichki ishlar vaziri Igor Klimenko o‘z Telegram sahifasida shunday yozdi:

“Bu qarorning asosiy maqsadi — yoshlarga xorijda o‘qish, amaliyot va qonuniy mehnat imkoniyatini berish, ular yig‘gan tajriba va bilimni keyinchalik mamlakatni rivojlantirishga yo‘naltirish.”

Shu bilan birga, vazirlik bu qaror vaqtinchalik bo‘lishi mumkinligini, mamlakatdagi harbiy vaziyatga qarab qayta ko‘rib chiqilishi ehtimolini ham eslatgan.

Germaniyada ham yosh ukrainlar oqimi ortib bormoqda

Yevropaning boshqa davlatlari ham Ukraina yoshlarining oqimini his qilmoqda. Germaniya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainadan kelayotgan vaqtincha himoya so‘rovlari soni bir necha marta oshgan. Ilgari haftasiga o‘rtacha 100 ta ariza kelib tushgan bo‘lsa, hozir bu raqam 1000 taga yetdi.

Germaniya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil may oyida 7961 kishi rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, avgustda — 11 277- sentyabrda esa 18 755 ta ariza qayd etilgan. Bu fuqarolarga mamlakatda yashash ruxsatnomasi berilib, ular mehnat bozoriga kirish hamda ijtimoiy yordamlardan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

Yevropa siyosiy doiralaridagi bahslar

Yevropadagi ayrim siyosatchilar bu tendensiyadan xavotirda. Germaniyaning Bavariya bosh vaziri va Xristian-sotsial ittifoqi rahbari Markus Zyoder yosh ukrainlarning mamlakatga kirib kelishini cheklash zarurligini ta’kidladi. U Bild gazetasiga bergan intervyusida shunday dedi:

“Agar ko‘proq yoshlar Ukrainada qolib, Vatanini himoya qilish o‘rniga Germaniyaga kelsa, bu hech kim uchun foydali bo‘lmaydi.”

Bu bayonot Germaniyada jamoatchilik fikrini ikkiga bo‘ldi — bir tomonda gumanitar yondashuvni qo‘llab-quvvatlovchilar, boshqa tomonda esa harbiy mas’uliyatni ustun qo‘yuvchilar turibdi.

Ukraina uchun yangi sinov

Bugun Ukraina rahbariyati uchun eng muhim masala — yosh avlodning xorijga chiqishi orqali mamlakatda kadr tanqisligi va demografik bosim yuzaga kelmasligini ta’minlashdir. Biroq ko‘plab ekspertlar fikricha, yoshlar uchun erkin harakat va tajriba orttirish imkoniyati Ukraina kelajagi uchun ham ijobiy omilga aylanishi mumkin.

Hozircha Ukraina hukumati vaziyatni nazorat ostida ushlab turishga harakat qilmoqda. Biroq statistika shundan darak bermoqdaki, Yevropa chegaralarida yosh ukrainaliklar oqimi hali uzoq vaqt davom etishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kiyev qarori ortidan Ukrainani yoshlar ommaviy tark etmoqda