
Anqarada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Germaniya kansleri Fridrix Mers o‘rtasida G‘azo masalasida keskin bahs yuz berdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 30 oktyabr kuni Fridrix Mers migratsiya, mudofaa va G‘azodagi vaziyat bo‘yicha hamkorlikni qayta yo‘lga qo‘yish maqsadida Anqaraga tashrif buyurgan. Biroq muzokaralar chog‘ida G‘azo bo‘yicha ikki tomonning qarashlari keskin farq qilgan.
Qo‘shma matbuot anjumanida Mers Berlinning Isroilni qo‘llab-quvvatlash pozitsiyasi o‘zgarmasligini ta’kidlab, urush uchun javobgarlikni HAMAS zimmasiga yukladi.
“Isroil o‘zini himoya qilish huquqidan foydalanmoqda. Agar HAMAS garovdagilarni ozod qilganida va qurolni tashlaganida, qurbonlar soni bu qadar ko‘p bo‘lmasdi”, — dedi Germaniya kansleri.
Prezident Erdo‘g‘an esa bu fikrga qo‘shilmagan holda, HAMAS yadroviy yoki og‘ir qurollarga ega emasligini, Isroil esa o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qaramay, G‘azoga zarba berishda davom etayotganini ta’kidladi.
“Ular faqat hujum qilibgina qolmay, balki G‘azoni ochlik va genotsid orqali bo‘ysundirishga harakat qilishmoqda. Bu fojea hali ham davom etmoqda”, — dedi Erdo‘g‘an.
Shu bilan birga, u Turkiya va Germaniya G‘azoning kelajagi bo‘yicha “birgalikda harakat qilishi”ga umid bildirdi.
Mers esa o‘z navbatida Turkiyani HAMASga ta’sir ko‘rsatishga va tinchlik rejasining ikkinchi bosqichiga o‘tishga chaqirdi. Eslatib o‘tamiz, 8 oktyabr kuni AQSHning taklifi bilan Turkiya, Qatar va Misr vositachiligida tinchlik kelishuviga erishilgan edi.
Erdo‘g‘an, batafsil ma’lumot bermasdan, Turkiya vazirlariga HAMAS rahbarlari bilan muloqotni davom ettirish vazifasi yuklanganini bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! 
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
 