23:58 / 02.02.2025
63

Nega Ilon Mask «Evropaga asil buyukligini qaytarish»ga ahd qildi?

Nega Ilon Mask «Evropaga asil buyukligini qaytarish»ga ahd qildi?
Gap bu erda uning omma oldidagi chiqishlarida natsistlardek qoʻl koʻtarib Donald Trampni qoʻllashidagina emas. Mask Evropadagi voqealar boʻyicha qanaqa davriylik va qiziqqonlik bilan chiqish qilayotganida.

Keyingi oʻn yillikda Evropa etakchilari demokratik jarayonlarni Rossiyadan kelayotgan populistik partiyalarni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy tarmoqlarda yolgʻon axborot tarqatish va saylovlarga aralashish kabi gibrid tahdidlardan qanday himoya qilish masalasini muhokama qilib keldi, tahdidlarga qarshi kurashish yoʻllarini izlashdi.

Biroq, Ilon Mask xuddi shu uslublarni MEGA — Make Europe Great Again («Evropaga buyukligini qaytarish») shiori ostida ishlatishni boshlaganda, Evropa muayyan chigallikka tushib qoldi. U bu tamoyilni Trampning mashhur MAGA (Make America Great Again) kampaniyasidan olib, oʻzining Evropa uchun strategiyasiga tatbiq etdi.

Soʻnggi yillarda Mask Amerika siyosatidagi eng nufuzli figuralardan biriga aylandi
BBC Ilon Mask Britaniya va Evropa Ittifoqi davlatlarida hokimiyat oʻzgarishiga nega intilayotgani va yevropalik etakchilar bunga qanday javob qaytarayotgani kabi savollarga javob izladi.

Germaniya va Britaniya uchun muqobil

Oʻtgan haftaning shanba kuni Ilon Mask Germaniyaning muxolifatdagi natsistik va ultraoʻng sanaluvchi «Germaniya uchun muqobil» (GuM) partiyasining saylovoldi mitingida videomurojaat orqali ishtirok etdi. Uning etakchilari hokimiyatga kelgan taqdirda, nafaqat noqonuniy muhojirlarni, balki ba'zi qonuniy rezidentlarni va hatto chet eldan kelgan nemislarni ham deportatsiya qilishni va'da qilmoqda.

Galle shahrida katta ekran orqali nutq soʻzlagan Mask ushbu partiyaga ovoz berishga chaqirdi. U nemislar oʻz milliy madaniyati va qadriyatlarini himoya qilishi kerakligini ta'kidlab, ularni «multimadaniyat yoʻlida yoʻqolish» ga yoʻl qoʻymaslikka da'vat etdi.

Mask nemis ultroʻnglarini faol qoʻllashi Germaniyadagi saylov kampaniyasidagi asosiy mojaro boʻlib turibdi
«Bolalar oʻz ota-bobolarining gunohlari uchun aybdorlik his qilmasligi kerak, bobokalonlari va momokalonlar haqida-ku umuman gapirmasa ham boʻladi», — dedi Mask. Bu soʻzlar nemis xalqining natsizm jinoyatlari uchun mas'uliyati haqidagi bahslarga ishora qilgani tufayli nafaqat liberal tanqidchilarni, balki uning ba'zi tarafdorlarini ham tashvishga soldi. Amerikalik respublikachi senator va Donald Trampning yaqin safdoshlaridan biri Lindsi Grehem ham CNN orqali chiqish qilib, Maskning bu soʻzlarini xavfli deb atadi. Uning ta'kidlashicha, ayniqsa, Osventsim konslageri ozod qilinganining 80 yilligi arafasida tarixni qaytadan yozishga urinish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Xoʻsh, Janubiy Afrikada tugʻilgan amerikalik milliarder nega toʻsatdan Evropa bilan qiziqib qoldi? Holbuki u uzoq vaqt davomida oʻzini siyosatdan uzoq tutgan. Yaqin-yaqingacha u demokratlarni qoʻllab-quvvatlab kelgan: 2016 yilgi saylovlarda Hillari Klintonga, 2020 yilda esa Jo Baydenga ovoz bergan.

Biroq soʻnggi bir yil ichida Mask Silikon vodiysidagi eng siyosiy faol tadbirkorga aylandi. U Donald Trampning saylovoldi kampaniyasiga chorak milliard dollardan koʻproq mablagʻ sarflab, uning yaqin safdoshlaridan biriga aylandi. Shuning ortidan u Evropaga ham e'tibor qaratdi va bu erda ham oʻng populistlar, migratsiyaga qarshi boʻlgan siyosatchilar hamda soʻl liberal mafkuralarga qarshi chiquvchilar hokimiyatga kelishini istamoqda.

Mask Evropaning koʻplab davlatlarida oʻz idealini koʻradi. Oxirgi oʻn yillikda oʻngchi va populistik partiyalar koʻproq saylovchilar ishonchini qozonib, milliy va mahalliy saylovlarda gʻalaba qozonmoqda. Ayrim etakchilar allaqachon u bilan doʻstlashib ulgurdi. Masalan, Italiya bosh vaziri Jorja Meloni Maskni «daho» deb atagan.

Biroq Evropaning eng yirik ikki iqtisodiyoti — Germaniya va Britaniya hali ham umumiy trendga toʻliq boʻysunishdan bosh tortmoqda. Bu esa Ilon Maskni jiddiy jahllantirmoqda. Oxirgi oyda bu ziddiyat yangi bosqichga chiqdi. Yil boshida Mask 23 fevralda Germaniyada oʻtadigan muddatdan avvalgi parlament saylovlarida saylovchilarni «Germaniya uchun muqobil» (GuM) partiyasiga ovoz berishga chaqirdi. Ushbu partiya kansler Angela Merkelning uzoq yillik hokimiyatiga qarshi reaktsiya sifatida shakllangan boʻlib, unda status-kvoga qarshi turli kuchlar, jumladan, ultraoʻngchilar va hatto neonatsistlar jamlangan.

Mask bu ta'riflarni rad etib, ushbu partiyani sogʻlom fikr partiyasi deb atadi. Uning fikricha, partiya noqonuniy migratsiyani toʻxtatish, biznes rivojiga yordam berish va Merkel davrida qabul qilingan atom elektr stantsiyalariga qoʻyilgan taqiqni bekor qilib, arzon hamda toza energiya manbalarini yaratishni maqsad qilgan.

«GuMni ultraoʻngchi deb atash mutlaqo notoʻgʻri. Partiya etakchisi Alis Vaydel shrilankalik hamjinsi bilan birga yashaydi. Bu Hitlerga oʻxshaydi deb oʻylaysizmi? Iltimos, jiddiy boʻlaylik», — deb yozgan Mask Die Welt gazetasidagi kolonkasida.

Yanvar oyi oʻrtalarida u Alis Vaydel bilan oʻziga tegishli X platformasida jonli efir oʻtkazdi. Efir davomida ular oʻzaro hamfikrlik mavzularini urgʻulagan holda, muammoli masalalarni chetlab oʻtishga harakat qilishdi. Milliarder Germaniyadagi status-kvoga qarshi kurashayotganini ta'kidlar ekan, Tesla’ning Berlin yaqinidagi zavodini qurishda uchragan murakkab byurokratik jarayonlar haqida gapirdi.

Ammo Mask ham, Vaydel ham aynan GuM ushbu zavod qurilishiga qarshi chiqqaniga toʻxtalmadi.

Amerikalik milliarderning Germaniyadagi saylovlarga aralashuvi nemis siyosatchilarini larzaga soldi. Turli partiya vakillari qattiq norozilik bildirib, bunga «demokratik jarayonlarga iznsiz tashqi aralashuv» deb baho berishdi.

Alis Vaydel «Germaniya uchun muqobil» partiyasining yangi, moʻ'tadil kuchlarini ifoda etadi
Britaniyada leyboristlar hukumati va shaxsan bosh vazir Kir Starmerga qarshi muntazam hujumlariga qaramay, Maskning mahalliy siyosatga aralashuviga boshida falsafiy yondashilgan edi. Biroq, soʻnggi bir oy ichida Mask Britaniya hukumatini unga javob qaytarishga majbur qildi. Gap shundaki, u X ijtimoiy tarmogʻida keng koʻlamli kampaniya orqali mamlakatdagi eng dolzarb mavzuga aylanishga erishdi — Angliya shimolidagi kam ta'minlangan va ijtimoiy jihatdan nochor oilalardan chiqqan minglab qizlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etgan etnik jinoiy guruhlar mavjudligi oshkor boʻlgan eski mojaroni qayta koʻtardi.

Faktlarni buzib koʻrsatib va notoʻgʻri talqin qilib, Mask Starmerni bu qoʻshmachi zoʻravonlarga yordam berishda aybladi hamda ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Jess Filipsni «jinsiy tajovuz orqali genotsidning himoyachisi» deb atadi. Bu ayblovni u Filipsning mazkur mojaro yuzasidan yangi milliy tekshiruv oʻtkazish gʻoyasini qoʻllab-quvvatlamagani bilan asosladi – chunki bunday tekshiruv avvalroq oʻtkazilgan edi.

Britaniyada ham koʻplab kishilar Maskning mamlakat ichki ishlariga aralashuvidan norozi boʻldi, ammo u koʻtargan mavzu gazetalarning birinchi sahifalaridan tushmadi. Natijada, hukumat beshta shaharda alohida surishtiruv oʻtkazishga qaror qildi. Shuningdek, oʻtmishdagi jinoyat ishlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha umummilliy audit e'lon qilindi. Unda jinoyatchilar va jabrdiydalarning etnik tarkibi hamda ushbu jinoyatlarning madaniy sabablari oʻrganiladi.

Innovatorlikdan targʻibotchilikkacha

Tadbirkorning mojaroli siyosatchiga aylanish jarayoni koronavirus pandemiyasi davrida boshlangan. Mask lokdaun paytida Tesla zavodlarini yopmaslikka harakat qilgan va bu uni liberal meynstrim bilan toʻqnashtirgan. Koʻp oʻtmay, u boshqa bir virus — «woke mind virus» («uygʻoq ong virusi»)ga qarshi urush e'lon qildi. U bu iborani siyosiy farosatlilik, ijtimoiy adolat, irqchilikka qarshi kurash hamda LGBT huquqlarini qoʻllab-quvvatlash gʻoyalarini tanqid qilishda qoʻllay boshladi.

2022 yil yoz oyida uning oʻgʻli Ksavye Mask oʻz jinsini oʻzgartiradi va Vivian Jenna Uilson deb nomlanadi. Bu oʻzgarish otasi bilan munosabatlarni uzishga olib keladi. Uolter Ayzeksonning fikricha, bu voqea Maskning soʻl liberal qarashlarga qarshi faoliyatini yanada tezlashtirgan.

Bir necha oy oʻtib, u Twitter’ni 44 milliard dollarga sotib oldi va oʻziga mosladi, hozirda uni X deb nomlamoqda. Biroq, Maskning sobiq doʻsti, neyrobiolog va bloger Sem Harrisga koʻra, aslida ijtimoiy tarmoq Maskni oʻzgartirgan.

Twitter’ning sobiq top-menejeri Bryus Deysli esa Financial Times nashriga shunday izoh bergan: «Mask — oʻz platformasi tomonidan radikallashtirilgan birinchi texnologik lider».

Maskning biografi Ayzekson tadbirkor bolalikda olgan jarohatlarni qoplashga harakat qilgan boʻlishi mumkin, degan taxminni ilgari surmoqda — va Twitter’ni sotib olish u uchun bir vaqtlar oʻzini masxaralashgan «qumloq»ni egallab olishga oʻxshaydi. Ammo boshqa kuzatuvchilar Maskning siyosatga kirib kelishida hech qanday noyob jihat yoʻq, deb hisoblaydi.

«Kompaniya rahbarlari odatda maddohlar bilan oʻralgan boʻladi. Ular doimo oʻzlarining daho ekanini eshitib yurishadi», — deydi BBC’ga bergan intervyusida britaniyalik kolumnist Nik Koen.

«Koʻplab boylar ularda faqat biznes qudrati emas, balki siyosiy hokimiyat ham boʻlishi kerak, deb oʻylay boshlashadi».

Ammo Maskning tanqidchilari ham, unga xayrixohlar ham uning soʻnggi siyosiy aralashuvlarini Donald Tramp bilan ittifoqidan alohida ajratib koʻrib boʻlmasligini ta'kidlashmoqda. Bu ikki tadbirkor va siyosatchining tandemigina emas, ikki mafkura uygʻunligi hamdir.

Britanlik konservativ tahlilchi Tom Makteyg fikricha, Mask trampizmni AQShning yoʻqotilgan buyukligi haqidagi mavhum gap-soʻzlardan hozirgi dunyo muammolariga aniq mafkuraviy javob beradigan qarashga aylantirdi.

Trampga xos avvalgi Amerikaga boʻlgan nostalgiyaga «maskizm» qoʻshildi — unda Marsni egallab olish va choʻchqalar miyasiga mikrochip oʻrnatib «superaqlli ong» yaratish kabi gʻoyalar mujassam.

Amerikalik liberal tarixchi Timoti Snayder ham tadbirkorning Tramp bilan ittifoqini Maskning siyosiy harakatlarini tushuntiruvchi asosiy omil deb hisoblaydi. Biroq, u Mask ideologiyasini «texnofashizm» deb ataydi va «Tramp-Mask rejimi»ni «Trampomaskoviya» (Trumpomuskovia) deb nomlashni taklif qiladi.

Boshqa tahlilchilar esa Mask qoʻllab-quvvatlagan turli mamlakatlardagi barcha siyosatchilarni birlashtiradigan omil — islomga boʻlgan nafrat ekanini ta'kidlashmoqda. Shotlandiyaning sobiq birinchi vaziri Hamza Yusuf oʻz maqolasida milliarder islomofob ekanini tushuntirgan.

Britaniyada oʻng siyosatchilar orasida Mask ayniqsa Tommi Robinsonga hurmat bilan qaraydi. Robinson islomni fashizm va natsizm bilan tenglashtirgan, deb ta'kidlaydi Yusuf.

Britaniyalik oʻng populist siyosatchi Nayjel Faraj (oʻngda) Maskning yordamiga umid qilgandi, ammo milliarderning undan hafsalasi pir boʻldi
Niderlandiyada esa Mask Gert Vildersni qoʻllab-quvvatlaydi. Vilders Qur'onni taqiqlash va masjidlarni yopishni talab qilgan. Germaniyada u «Germaniya uchun muqobil» partiyasini qoʻllab-quvvatlaydi, bu partiyaning saylovoldi dasturida «Islomga Germaniyada oʻrin yoʻq», deb nomlangan boʻlim bor.

Shotlandiyalik siyosatchi va amerikalik tadbirkor ancha vaqtdan beri internetda oʻzaro tortishib keladi. Mask Yusufni «irqchi isqirt» deb atagan, sababi tarqalgan videolaridan birida Yusuf Shotlandiyadagi irqchilik haqida gapirgan, ammo Mask uning soʻzlarini «oq tanlilarning haddan tashqari koʻpligi» haqidagi arz sifatida talqin qilgan.

Korporatsiyalarning diviziyasi nechta?

Maskning siyosiy faoliyatini uning biznes manfaatlaridan ajratib boʻlmaydi. U qoʻllab-quvvatlayotgan oʻngchi va populist partiyalar soliqlarni kamaytirish, nazoratni bekor qilish va davlatning biznes ishlariga aralashmasligini va'da qilmoqda. Ammo u qarshi chiqqan siyosatchilar – Britaniya, Germaniya rahbarlari va Evropa Ittifoqi byurokratiyasi – esa, aksincha, amerikalik IT-gigantlar ustidan oʻz yurisdiktsiyalarida nazoratni kuchaytirish va soliq hamda jarimalarni oshirish niyatida.

Evropa Ittifoqining «Raqamli xizmatlar toʻgʻrisidagi qonuni» (DSA), jumladan, dezinformatsiyaga qarshi kurashning etarli darajada olib borilmayotgani uchun AQSh texnologiya gigantlariga milliardlab yevro jarima solishi mumkin. Biroq, feyk xabarlar bilan kurashish – ijtimoiy tarmoq egalari uchun moliyaviy jihatdan befoyda. Chunki bu katta mablagʻ talab qiluvchi faktchekerlar ishga olinishini talab qiladi. Shu bilan birga, kontent haqqoniyligi ijtimoiy tarmoqlarning biznes modeliga ta'sir qilmaydi — ular uchun muhimi foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqda koʻproq vaqt oʻtkazishi. Bu maqsad yoʻlida feyk yangiliklar ham haqqoniy yangiliklardan aslo farq qilmaydi.

Financial Times tahlilida qayd etilishicha, Facebook oʻzining faktchekerlar bilan hamkorligini toʻxtatish haqida e'lon qilganida, Mark Tsukerberg «Prezident Tramp bilan birgalikda butun dunyo boʻylab hukumatlar harakatlariga qarshi kurashish» rejasini ma'lum qilgan. 2024 yil noyabrida Meta kompaniyasi Evropa Ittifoqining raqobat qoidalarini buzgani uchun 800 mlrd yevro jarimaga tortilgan edi.

Mask bilan bogʻliq vaziyatda esa koʻplab ekspertlar Braziliya hukumati unga qanday saboq berganini ta'kidlashadi. Mask mahalliy regulyator talablarini inkor etishga uringan, lekin hukumat bosimi ostida bu talablarga boʻysunishga majbur boʻlgan.

Biroq X Maskning asosiy biznesi emas; u oʻz kapitalini asosan Tesla elektromobillari va SpaceX kosmik korporatsiyasi orqali orttirgan. Doʻstona siyosatchilarning hokimiyat tepasiga kelishi bu borada ham foydali omil boʻlib xizmat qiladi.

Oʻzini Maskning doʻsti deb ataydigan Italiya bosh vaziri Jorja Meloni Italiya hukumati, diplomatlari va mudofaa idoralari uchun xavfsiz aloqa tizimini ta'minlash borasida Starlink bilan muzokaralar oʻtkazayotganini oshkor qildi. Bloomberg agentligi ma'lumotlariga koʻra, ushbu shartnoma qiymati 1,5 mlrd dollardan oshishi mumkin.

Bir yil muqaddam Mask oʻziga tegishli ijtimoiy tarmoqda antisemit nazariyani qoʻllab-quvvatlagandi — keyin esa uzr soʻradi va natsistlarning Aushvis konslagerini ziyorat qildi
Davlat korporatsiyadan ustunmi?

Zamnoviy siyosatshunoslarning asosiy xatolaridan biri – hokimiyat korporatsiyalarda, davlat esa ularga boʻysunadi, degan fikrga ishonish, deydi BBC’ga bergan intervyusida siyosiy sharhlovchi Nik Koen.

«Alaloqibat, hokimiyat davlatga tegishli. Tomas Gobbs aytganidek, davlat hamon Leviafan», – deb ta'kidlaydi Koen XVII asrdagi ingliz faylasufining davlat kuchini Injildagi Leviafan maxluqi bilan taqqoslashini eslatib.

Koen Rossiyaning eng yangi tarixi bilan buning isboti, deydi Nik Koen. 2000 yilda hokimiyat tepasiga kelgan Putinni oligarxlar nazorat qilishni oʻylagan. Oqibatda, ular nafaqat boyliklari, balki jonlari ham uning qoʻlida ekanini anglashgan. Koenga koʻra, Maskning Braziliya hukumati oldida taslim boʻlishi ham davlat kuchining yana bir dalili.

Biroq hozir Mask tomonda AQSh davlatining vazni turibdi. Prezidentlik saylovlari jarayonida vitse-prezidentlikka nomzod Jey Di Vens Evropaga bosim oʻtkazib, NATOni moliyalashtirishni toʻxtatish tahdidi bilan Maskning biznes loyihalariga qarshi sanktsiyalarni bekor qilishni talab qildi.

Bu orada Bryussel Maskning aralashuviga qarshi qat'iy choralar koʻrishini ma'lum qildi. X ijtimoiy tarmogʻida yolgʻon ma'lumot va taqiqlangan kontent joylashtirilishi boʻyicha tergov hali ham davom etmoqda.

Britaniyada esa 2025 yil martda Internet xavfsizligi haqidagi yangi qonun kuchga kirishi kerak. Uni buzgan texnologik kompaniyalar va ijtimoiy tarmoqlar katta jarimalar va jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Nik Koenning fikricha, ushbu qonunni qoʻllash Britaniya hukumatining Maskning troll qilishlariga qarshi javob boʻlishi kerak.

«Biz demokratiyada yashaymiz va agar qonun parlament tomonidan qabul qilingan boʻlsa, u bajarilishi lozim. Bu AQSh hukumatining qarshi javob choralariga sabab boʻlishi esa boshqa masala» — deydi kolumnist.

Ayrim sharhlovchilar Maskning Evropa siyosatiga ta'sir oʻtkazish imkoniyatlarini haddan ziyod yuqori baholab yuborishdan saqlanishni tavsiya qiladi. Uning gʻoyalari uchun asosiy platforma – X, ammo Britaniyada u mashhurlik boʻyicha oltinchi ijtimoiy tarmoq hisoblanadi va uning auditoriyasi soʻnggi yillarda kamaymoqda. Germaniyada X qamrovi undan ham kam va u erda til toʻsigʻi ham mavjud — nemislarning hammasi ham ingliz tilidagi yangiliklarni oʻqimaydi, garchi ingliz tilida gaplashsalar ham.

Bundan tashqari, AQShda Maskga boʻlgan munosabat Trampnikidan deyarli farq qilmaydi: amerikaliklarning yarmidan koʻprogʻi salbiy, undan kamrogʻi esa ijobiy munosabatda. Evropada esa u unchalik mashhur boʻlmagan shaxs sifatida qolmoqda: yaqinda oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovga koʻra, Britaniyada Maskga nisbatan 44 foiz odamlar salbiy qarashda, soʻralganlarning faqat 26 foizi ijobiy fikr bildirgan. Shuningdek, nemislarning 73 foizi Maskning Germaniya siyosatiga aralashuvini notoʻgʻri, deb hisoblashini aytgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo