![Gʻazoni qanday kelajak kutmoqda?](/uploads/posts/2025-02/9c105915e9_1738990158.webp)
“Gʻazoning kelajagi endi qanday boʻladi?” degan savolni koʻrib chiqishda duch kelinadigan ikkita haqiqat mavjud. Birinchisi, hozirgi oʻt ochishni toʻxtatishga haddan ziyod ishonish soddalik boʻlib, xavf tugʻdiradi.
Ikkinchidan, bu urushning haqiqiy insoniy zararini tushunmaslik mutlaqo hissizlik degani. Aslida haqiqiy koʻlam Isroil qoʻshinlari tomonidan oʻldirilgan va/yoki ogʻir yaralangan oʻn minglab falastinliklardan ancha koʻpdir.
Isroilning Gʻazoni bombardimon qilishdagi pauzasi, albatta, quvonarli holat. Bu falastinliklarga biroz yengillik, tinchlantsh imkonini berdi va ba'zilar uchun shimolga koʻchish, bombardimon qilingan mahallalariga etkazilgan zararni baholash va gʻoyib boʻlgan oila a'zolarining jasadlarini topish uchun vayronalarni qazish imkoniyatini taqdim qildi.
Otashkesim, shuningdek, Gʻazoga oziq-ovqat va yordam yuklarining keng koʻlamda etkazilishiga va ogʻir yaralangan falastinliklarning davolanish uchun Misrga oʻtishiga imkon berdi.
Bu otashkesim haqidagi xushxabar edi. Yomon xabar shuki, kelishuv zaif, ijro mexanizmi mavjud emas. Sobiq prezident Bayden tomonidan olti oydan koʻproq vaqt oldin taklif qilingan dastlabki reja uch bosqichni oʻz ichiga olgan boʻlib, tomonlar boshidanoq uchalasiga ham rozi boʻlgan.
Isroil matbuotidan bizga ma'lum boʻlmoqdaki, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu oʻz tarafdorlariga faqat birinchi bosqichni hurmat qilishini va u tugagach, bombardimon qilishni davom ettirishini aytib kelmoqda.
U Isroil qoʻshinlarini Gʻazodan olib chiqmaydi, shuningdek, Gʻazo sektorini Gʻarbiy Sohil bilan siyosiy jihatdan bogʻlaydigan Falastin hukumatiga ham yoʻl qoʻymaydi.
Prezidentlar Bayden va Tramp ma'muriyatlari oʻz "muvaffaqiyatlari"ni namoyish qilish uchun Netanyaxuning niyatlarini e'tiborsiz qoldirishni tanlashdi.
Bayden mojaro boshlanganidan beri Isroil rahbarini qoʻllab-quvvatlab, himoya qilib keldi. 2023 yil oktyabr oyidan Oq uyni tark etgunga qadar Bayden va boshqalar Netanyaxuning maqsadlarini qoʻllab-quvvatlab, unga toʻliq erkinlik muhayyo qildi.
Baydenning yarim yildan beri oʻt ochishni toʻxtatish uchun astoydil harakat qilayotganini ta'kidlashiga qaramay, ma'muriyat Netanyaxu otashkesimni toʻxtatishga rozi boʻlmasligini bilgani va shunga qaramay, Isroil oʻt ochishni toʻxtatishni qoʻllab-quvvatlaganini va HAMAS asosiy toʻsiq boʻlganini ochiqchasiga da'vo qilishda davom etgani haqida aniq dalillar mavjud.
Kelishuv haqidagi mazkur yolgʻon-yashiq gaplar ta'kidlanishda davom etaveradi, chunki Bayden oʻt ochishni toʻxtatish cheklangan muddatli ekanini bilsa-da, u oʻz vakolat muddatini namunali tugatish yoʻlidagi "piar gʻalabasi"ga erishdi.
Yangi prezident Donald Tramp uchun ham tanaffus deyarli bir xil boʻldi – bu uning oʻzidan oldingi prezidentni qiynagan muammoni hal qilish qobiliyatining dastlabki namoyishi edi.
Oʻt ochishni toʻxtatish bir necha oydan ortiq davom etmasligi muhim emas. Doimgidek shoumen Tramp uchun hozirgi vaqtda shou juda muhim: reytinglarni koʻtarish. Kelgusida oʻt ochishni toʻxtatish uzoqqa choʻzilmasa ham unga baribir, koʻpchilik buni unutib yuborgan boʻladi. Qolaversa u yaqinda Netanyaxu bilan uchrashdi, unga koʻra Gʻazo boʻyicha yangi masalalar muhokama etildi. Maqsad – ishgʻolni davom ettirish.
Shuni unutmaslik kerakki, Isroilning hozirgi hukumati ham, uning ehtimoliy vorislaridan birortasi ham, Tramp ma'muriyati ham, uning ehtimoliy vorislaridan birortasi ham mojaroni adolatli hal qilishdan manfaatdor emas.
Shunday qilib, otashkesimni toʻxtatish masalasini bir chetga surib turganda ham, Gʻazoda muvaqqat hukumatdan boshlab tinchlikka yoʻl ochish rejalariga qaramay, isroilliklar hech qanday kelishuvga rozi boʻlmagani yaqqol seziladi. Shuningdek, AQSh Isroilni tinchlikni ilgari surish uchun zarur boʻlgan qadamlarni qoʻyishga majburlamaydi.
Baayni xavotirli haqiqat shundaki, urushlar bombalar tushishi toʻxtaganidan keyin ham uzoq davom etadigan oqibatlarga olib keladi. Koʻpincha kutilmaganda, oʻzini namoyon qilishidan oldin yillar davomida ular xuddi virus kabi uxlab yotishi mumkin.
Isroilliklar ham, ularning amerikalik yordamchilari ham falastinliklarning insoniyligini hech qachon tushunmaganliklari sababli, ular bu halokatli urushning uzoq muddatli ta'sirini tasavvur qila olmaydilar.
Ularning 47 ming nafari halok boʻlgan, 116 ming nafari yaralangan, 33 ming nafari umrbod nogiron boʻlib qolgan, 50 mingga yaqini bedarak yoʻqolgan, aholining 90 foizi (deyarli 1,9 million) koʻchib ketishga majbur boʻlgan, ularning aksariyati avvalgi turar joylari vayron boʻlgani sababli uysiz qolgan, 34 ming bola oilasida yagona tirik qolgan etim boʻlib qolgan.
Ma'lum boʻlyaptiki, Gʻazodagi vayronalar va portlamagan qurol-aslahalarni tozalash uchun yigirma yil, soʻngra qayta qurish uchun yana bir necha yil kerak boʻlishi mumkin. Biroq, omon qolganlarga zahmat etkazishda davom etadigan urush jarohatlarini davolash esa bundan uzoqroq vaqt talab etadi.
Bombalarni toʻxtatish uchun tugmani bosish oson, ammo bu halokatli urush keyingi avlodlarga ham oʻz ta'sirini koʻrsatishda davom etadi. Travma, xavotir, ogʻir tushkunlik va ichki zoʻravonlik kabi psixologik buzilishlarning bir nechta turlari paydo boʻlib, ular oʻz-oʻziga zarar etkazish yoki boshqalarga hujum qilishga olib keladi.
Bu uqubatga qoʻshimcha ravishda, ularning uylari va jamoalarining vayronalarini koʻrish ulkan zarba boʻladi. Oʻnlab yillar davomida tozalash va qayta qurishga toʻgʻri kelar ekan, bu sharoitda falastinliklar qayerga boradi? Isroilliklar oʻzlarining qirgʻinbarot urushidan omon qolgan bu odamlarga rahm-shafqat bilan qarashi ehtimoldan yiroq.
Falastinliklar haqli ravishda qoʻrqadilar: agar ular Falastindagi vayronalarni tark etsalar, isroilliklar ularning qaytib kelishiga yoʻl qoʻyishmaydi. Na AQSh, na isroilliklar bu urush jarohatlarini davolash uchun zarur boʻlgan maslahat va gʻamxoʻrlikni qurbonlar jamoasiga berishga taytor emas. Shunday qilib, kelajak mavhum, xuddi qalin tumanga oʻxshaydi.
Manba: azon.global “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar