
Shu kunlarda YouTube-kanallarda, mashinada ketayotib radioni yoqqaningizda yoki televizorda futbol kanalini qidirayotib, yangiliklar dasturiga tushib qolganingizda Myunxen konferentsiyasi degan soʻzga tez-tez duch kelayotgan boʻlsangiz kerak. Odatda yangiliklarda bu konferentsiya haqida nomigagina xabar berib ketishadi. Lekin ishoning, bu juda jiddiy siyosiy mashvarat.
Kinolarda massonlar har xil qoyatoshlar ichidagi maxfiy qal'alarda yigʻilib, dunyo tartibotidagi oʻzgarishlarni belgilab berganini koʻrgan boʻlsangiz kerak. Myunxen konferentsiyasida ham shunaqa boʻladi demoqchi emasman, lekin bu yigʻilishlarda dunyo siyosatini yaqin kelajakda nimalar kutayotganiga ishora qiladigan bayonotlar beriladi.
Putinning tarixiy chiqishi
Avvalo Myunxen konferentsiyasi dunyo siyosati uchun qanchalik ahamiyatli ekaniga toʻxtalsak. Bu uchun konferentsiya yaratilish tarixi-yu, unga asos solganlar haqida uzundan uzun va'z oʻqish shart emas, konferentsiya tarixidagi eng mashhur nutqni misol qilsak kifoya.
Demak, 2007 yil 10 fevral. Myunxendagi konferentsiya minbariga Rossiya ikkinchi prezidenti, oʻsha vaqtdagi mamlakat konstitutsiyasiga koʻra oxirgi muddatida ishlayotgan Vladimir Putin taklif qilinadi. «Umid qilaman, mening nutqim vaqtida ana u qizil tugmani bosib, mikrofonni oʻchirib qoʻyishmaydi», deb boshlaydi nutqini Putin. Keyin Rossiya prezidenti shunday narsalarni gapiradiki, Angela Merkel boshchilik yevropaliklar ogʻzini ochib qoladi. Putin ilk marta xalqaro minbarda turib aynan Myunxen konferentsiyasida dunyo bir qutbli modeldan voz kechishi kerakligini tantanavor e'lon qiladi. Ya'ni yevropaliklarga hammang Amerika chizgan chiziqdan chiqmayapsan, deydi qogʻozga oʻrab. Shuningdek, NATOning kengayishi insoniyatga faqat xavf olib kelishini aytadi.
Putin nutqi davomida hech bir davlatni ochiqchasiga falon ishni qilding, deb ayblamaydi, lekin uning soʻzlaridan keyin amerikalik siyosatchilar bir xulosaga kelishadi: sovuq urush tiklandi. Koʻpchilik siyosatchilar Putinning oʻsha nutqi Gʻarb va Rossiya oʻrtasidagi dushmanlikning boshlanishi deb hisoblaydi. Putin gaplari yillar davomida oʻrganiladi, unga Myunxen nutqi deb nom ham berishadi. Va hozir dunyoda sodir boʻlayotgan voqealar oʻsha nutqdan keyin kelingan xulosalar toʻgʻri boʻlganini koʻrsatib turibdi.
Ha, oʻrtoqlar, ana shunaqa jiddiy gaplar aytiladigan minbar bu Myunxen konferentsiyasi deganlari. Shu uchun unda nimalar deyilayotganiga jiddiy e'tibor bering.
Kutilmagan qahramon
Bu yilgi konferentsiyaning asosiy mavzusi tabiiyki, Ukraina va Rossiya oʻrtasidagi urush boʻldi. Axir Tramp ham bejizga konferentsiya boshlanishidan oldin Putin va Zelenskiyga qoʻngʻiroq qilmadi. Myunxenda Zelenskiy nutq soʻzladi, Amerika mulozimlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi, Evropa liderlari oʻz pozitsiyalarini bildirishdi. Lekin Olmoniya minbarlaridagi asosiy qahramon hech kim kutmagan odam boʻldi – AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens. Trampning nomidan gapirgan Vens bir soʻz bilan aytganda AQSh va Evropa avvalgi harbiy-siyosiy hamkor emasligiga ishora qildi.
U nutqi davomida yevropalik siyosatchilarni tanqid qildi va hatto Evropa demokratiyasiga shubha bildirdi. Bilasiz, Evropa Ittifoqi davlatlari avvaliga arzon va tayyor ishchi kuchi boʻlgani uchun, bundan tashqari, odamiylik jihatdan urush boʻlayotgan, qashshoq davlatlardan borayotgan migrantlarni qabul qiladi. Bu ittifoqning umumbelgilangan siyosati hisoblanadi. Vens Evropaning bu siyosatini ham qoraladi.
AQSh vitse-prezidentining chiqishi Evropa uchun xavotirli boʻldi. Shu sabab Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Evropa etakchilarini aynan shu nutqni muhokama qilish uchun yigʻilishga chaqirdi.
Zelenskiy nimalar dedi?
Ukraina prezidenti Myunxen konferentsiyasi doirasida AQSh vakillari bilan xususan, davlat kotibi Marko Rubio va vitse-prezident Vens bilan uchrashuv oʻtkazdi. Tabiiyki, bu uchrashuvlar Bayden ma'muriyati vaqtida boʻlgani kabi ikki ittifoqchi oʻrtasida oʻtgani yoʻq. Konferentsiya tugashi bilan Rossiya va AQSh Saudiyada Ukrainadagi urush masalasini muhokama qilish uchun uchrashishi aniq boʻlganining oʻzi Myunxendagi uchrashuvda Kiyev uchun yoqimli gaplar aytilmaganini bildiradi.
Zelenskiy Myunxendagi har bir chiqishida Ukrainadagi urushni tugatishni Rossiya va AQSh Kiyev ishtirokisiz muhokama qilolmasligi, ular muzokara oʻtkazgan taqdirda ham Kiyev buni tan olmasligini koʻp marta takrorladi. Shuningdek, Zelenskiy har bir chiqishida muzokaralarda Evropa vakillari boʻlishi shartligini ta'kidladi.
Tramp ma'muriyati vakillarining chiqishida bir narsaga e'tibor berish mumkin: ular aynan nima masalada Evropa bilan bir xil fikrda emasliklarini ochiq aytgani yoʻq. Xuddiki ularning gaplaridan asosiy maqsad faqat Evropani urishish boʻlgandek. Lekin Evropa uchun bu konferentsiya juda xavotirli boʻldi.
Oʻzi Tramp kelgan vaqtdayoq bunday qoʻrquv bor edi, lekin Myunxendagi Jey Di Vensning nutqidan keyin AQSh va Evropa ittifoqchiligi katta shubha ostida qoldi. Bu Amerika uchun hech narsa emas, ular istalgan muammoni mustaqil hal qilib ketaveradi. Lekin Evropa qoʻrqqanicha bor: axir qit'a eng sharqiy sarhadlaridagi Ukrainaga Rossiyaga qarshi urushda uch yildan buyon yordam berib keladi. Rossiya hozir iqtisodiy jihatdan holdan toygan boʻlishi mumkin, lekin uch yil davomida armiyasini isloh qilib, jangovar tayyorgarligini oshirdi.
Ukraina frontidagi urush rus armiyasi chigalini yozib, endi avvalgidan yaxshiroq urusha oladigan holatga keltirdi. Evropa va ana shu juda katta Rossiya oʻrtasida Ukraina bor. AQSh yordamisiz Evropa davlatlarining Rossiyaga kuchi etmasligini esa bu davlatning oʻzi ham yaxshi biladi...
Oʻtkir Jalolxonov tayyorladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar