13:41 / 28.02.2025
271

Rossiya Ukraina janubini nega bu qadar tez ishg‘ol qilgandi?

Rossiya Ukraina janubini nega bu qadar tez ishg‘ol qilgandi?
2022 yil 24 fevral kuni ertalab soat 4 larda Rossiya armiyasi Ukraina hududiga hujum boshlagandi. Yurish bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishda: janub, sharq va shimoldan olib boriladi. Biroq, aynan janubda, ukrainlar Qrimning tor bo‘yinlarini ushlab turish osonroq bo‘lib tuyulgan joyda, Rossiya hujumi eng katta muvaffaqiyatga erishadi. Nima uchun bunday bo‘lgani haligacha ma’lum emas.

Qrim hududidan bosqin boshlanganidan bir necha soat o‘tgach, Rossiya harbiy kolonnalari Xerson va Nova Kaxovkaga yetib borishga, ya’ni 60-80 km ichkariga kirishga muvaffaq bo‘ladi.

Rossiya armiyasining Qrim orqali kirgan bo‘linmalarining bir qismi bunga parallel ravishda sharqqa hujumni rivojlantiradi, bu yo‘nalishda 2022 yil fevral oyi oxiri – mart oyi boshida Berdyansk, Melitopol, Energodar kabi yirik shaharlar va ular yaqinidagi Zaporijjya atom elektr stansiyasini egallab olishga muvaffaq bo‘ladi. Keyin Mariupolni uzoq va qonli qamal qilish boshlanadi, bu shahar faqat may oyi o‘rtalariga borib egallanadi.

Uch yillik keng ko‘lamli urushdan so‘ng, Ukraina janubidagi hududiy istilolar Kremlning eng katta yutug‘i va bu mojaroning eng sirli sahifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Janubda nega muvaffaqiyatsizlikka uchralgandi, degan savolga Ukrainaning na siyosiy, na harbiy rahbariyati to‘liq javob bera oladi. Bu esa afsona va taxminlarni keltirib chiqaradi. BBC ukrain xizmati sharhlovchisi Oleg Chernish 2022 yilda Ukraina janubida sodir bo‘lgan voqealar haqida to‘rtta asosiy savolni ajratib oldi va ularga javob berishga harakat qildi.

Qrimdagi ko‘priklar minalashtirilganmidi?

Yarimorolni Ukrainaning materikdagi qismi bilan bog‘lovchi Qrim bo‘yinlarida Armanskdan Perekop orqali Chaplinka va Kalanchakka olib boradigan atigi ikkita avtomobil yo‘li va beshta asosiy ko‘prik o‘tish joyi mavjud.

Gap bevosita Cho‘ng‘ardagi eski va yangi avtomobil ko‘priklari, Sivash daryosining g‘arbrog‘idagi to‘g‘ondagi temiryo‘l kesishmasi, shuningdek, Arabat strilka orqali Genichesk tomon avtomobil va eski temiryo‘l ko‘priklarining ikki oraliq yopmasi (prolet) haqida bormoqda.

Shuningdek, Sivash ko‘lining sayoz ko‘rfaziga kiradigan ko‘llar hududidagi yana bir nechta mustahkam to‘g‘onlar mavjud.

Ukraina harbiy qo‘mondonligi ta’kidlashicha, bosqin arafasida beshta ko‘prikning barchasi minalashtirilgandi, Kalanchak va Chaplinka yo‘lida esa mina maydonlari 2014 yildayoq tayyorlangan.

Ukraina qurolli kuchlari Birlashgan kuchlari sobiq qo‘mondoni Sergey Nayevning so‘zlariga ko‘ra (u bu lavozimni 2020 yil martidan 2024 yil fevraligacha egallagan, hozirda frontdagi taktik guruh qo‘mondoni), ko‘priklar ustma-ust zaryadlash usuli bilan minalashtirilgan, ya’ni portlovchi moddalar yer yuzasiga o‘rnatilgan, quruqlikdagi hududlarga esa taxminan 1500 ta mina qo‘yilgan.

Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, keng ko‘lamli harbiy tajovuz sharoitida bu miqdordagi minalar yetarli emas edi.

«Umuman olganda, tajovuzni qaytarish uchun... u yerda 200 mingdan ortiq mina bo‘lishi kerak edi», — dedi general 2025 yil 10 fevralda «Ukrainskaya pravda»ga bergan intervyusida.

Ko‘priklar va Perekop bo‘ynidan tashqari, Sivash ko‘rfazidagi ko‘plab ko‘tarma to‘g‘onlar ham minalashtirilgan, deydi BBC muxbiriga 2017-2020 yillarda Qrim bilan chegarada bir necha bor jangovar navbatchilik qilgan dengiz piyodalari batalyoni sobiq jangchisi Leonid Gudanich.

Uning aytishicha, bu hududda mudofaa pozitsiyalari, kuzatuv postlari tayyorlangan, portlovchi to‘siqlarning sozligi, birinchi navbatda, bo‘linmalarni rotatsiya qilish paytida doimiy ravishda tekshirilgan.

«Ya’ni, siz obyektni qabul qilganingizda, darhol portlovchi moddalar o‘rnatilganligi, kabellar butunligini tekshirasiz, chunki endi bu sizning mas’uliyatingizda bo‘ladi», —deb tushuntiradi sobiq dengiz piyodasi.

U faqat bir marta minalashtirish bilan bog‘liq muammo aniqlanganini eslaydi. Bu Lemuri ko‘li va bevosita Sivash qo‘ltig‘ini ajratib turadigan Kutaran to‘g‘onida bo‘lgandi.

«Belkurakni olib, portlovchi moddalar solingan qutilarni kovlashga ketdik. Ba’zi qutilar bo‘sh bo‘lib chiqdi, ba’zilarida portlovchi moddaning yarmi yetishmadi», — deydi u.

Zarur miqdordagi portlovchi moddalar qayta tiklanib, hodisa haqida Ukraina xavfsizlik xizmatiga xabar berilgan.

Gudanich Rossiya diversiya guruhlari Qrim bilan chegaradagi portlovchi to‘siqlarga zarar yetkazishga uringan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmaydi, ammo ko‘p narsa Qrim bo‘yinlarida xizmat qilgan Ukraina bo‘linmalarining professionalligi va hushyorligiga bog‘liqligini ta’kidlaydi.

«Aksilterror amaliyot (ATO) bilan taqqoslaganda, Qrim yaqinidagi jangovar navbatchilik — dam olishga o‘xshardi. Barcha bo‘linmalar ushbu uchastkada xizmat qilayotganda o‘z vazifalariga sidqidildan yondashganmikin?» — deya ritorik tarzda so‘raydi sobiq dengizchi.

Nega barcha ko‘priklar portlatilmadi?

«Agar (Qrimdan) o‘tish yo‘llari buzilib, dastlabki soatlar biroz boshqacha rivojlanganida, Rossiya armiyasi bunday tezlikda harakatlana olmasligi aniq edi. Bu aksioma», — deya ta’kidlagandi Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov 2023 yil avgustida.

Agar Qrimdagi ko‘priklar, to‘g‘onlar va o‘tish joylari minalashtirilgan bo‘lsa, nega ular portlatilmadi?

General Sergey Nayevning ishontirishicha, u 2022 yil 23 fevralda barcha portlovchi to‘siqlarni tayyorlash bo‘yicha birinchi raqamli buyruqni bergan va aslida ularning ba’zilari Rossiya hujumi paytida portlatilgan.

Uning aytishicha, Cho‘ng‘ardagi temiryo‘l ko‘prigi va Arabat yo‘nalishidagi avtomobil ko‘prigi portlatilgan.

Ukraina qahramoni Vitaliy Skakun o‘z jonini qurbon qilib, Arabatdagi ko‘prikni portlatib yuborgandi.

Uning safdoshlari eslashicha, ukrain jangchilari 24 fevral kuni ertalab portlatish buyrug‘idan so‘ng Genichesk yaqinidagi ko‘priklarga kumulyativ zaryadlar (har birida — taxminan bir tonna portlovchi modda) bo‘lgan ikkita tirkamani yetkazishga muvaffaq bo‘lgan.

«Biz hammasini uladik, portlashni bosyapmiz, lekin u portlamayapti. Biz ikkinchi, uchinchi marta urinib ko‘rdik — hech narsa chiqmadi», — deb eslaydi dengiz piyodalari jangchisi, Vitaliy Skakun bilan birga xizmat qilgan Oleksandr Tkach 2024 yil fevral oyida bergan intervyusida.

Ular simlarni tekshirib ko‘rishadi, yana va yana urinib ko‘rishadi, lekin portlash sodir bo‘lmadi. Shunda Vitaliy Sakun portlatish moslamasini qo‘liga olib, ko‘prikka qarab yuguradi. Bir daqiqadan so‘ng portlash ro‘y beradi, jangchi ham halok bo‘ladi.

Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, portlash oqibatida ko‘prikning faqat yarmi vayron bo‘lgan. Bu ruslarning hujumini kechiktiradi, ammo to‘xtata olmaydi.

Cho‘ng‘ardagi temiryo‘l ko‘prigi portlashi to‘g‘risida esa yaqinda Nayev aytgan gaplardan boshqa hech narsa ma’lum emas.

Cho‘ng‘ar yarimorolidagi ko‘priklarni portlatishi kerak bo‘lgan dengiz piyodalari batalyoni askari Ivan Sestrivatovskiy 2023 yil iyul oyida birinchi marta jurnalistlar bilan suhbatlashib, portlashni amalga oshirishga uch marta uringani, simlarni ulab, qayta ulagani, ammo portlash sodir bo‘lmaganini aytgandi.

«Men sapyor emasman, lekin bu yerda ikkita variant bor. Yoki diversiya guruhi tushirilgan yoki minomyotdan o‘qqa tutish oqibatida simlar shikastlangan», — degandi o‘shanda jangchi.

Chaplinka va Kalanchak trassalari yaqinidagi mina maydonlari ham ish bermaydi.

«Janub» operativ qo‘mondonligi sobiq qo‘mondoni Andrey Sokolov (2021-22 yillarda — «Janub» mudofaa qo‘shinlari qo‘mondoni, hozirda — taktik guruh qo‘mondoni) 2023 yildayoq rossiyaliklar artilleriya zarbalari bilan bu maydonlarni minalardan tozalay olganini, Ukraina qurolli kuchlari esa dushman hujumidan oldin to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘yindagi avtomobil yo‘llarini minalashtirish buyrug‘ini olmaganini taxmin qilgan.

Rossiya harbiy kolonnasi Cho‘ng‘ardagi ma’muriy chegarani qarshiliksiz kesib o‘tmoqda. 2022 yil 24 fevral tongi
Foto: State Border Guard Service of Ukraine

Ukrainalik harbiy muxbir Yuriy Butusovning aytishicha, portlash Arabat strelkasidagi ko‘prikdan tashqari, Kutar to‘g‘onida ham sodir bo‘lgan: 24 fevral kuni ertalab u yerda rossiyaliklarning ikkita piyodalar jangovar mashinasi (BMP) portlagan. Ushbu portlash haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Harbiy Leonid Gudanichning tasdiqlashicha, bu to‘g‘on minalashtirilgandi.

Nima uchun aksariyat hollarda bo‘yinlarga o‘rnatilgan portlovchi to‘siqlar birinchi urinishdayoq ishlamagan yoki umuman portlamagan?

General Sergey Nayev Rossiya diversiya guruhlari ishlagani va simlar shikastlangani ehtimolidan tashqari, ukrain harbiylarining og‘ir ruhiy-hissiy holatiga ham e’tibor qaratadi. Ular o‘qlar yomg‘iri ostida portlatish ishlarini amalga oshirishiga to‘g‘ri kelardi.

«Biz tushunishimiz kerak: urush davomidagi harbiy vazifalar darhol va 100 foizga bajarilmaydi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Kuchlar nisbati Rossiya armiyasi foydasiga qanday ko‘rinishda edi?

2022 yil aprel oyida Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi matbuot xizmati janubdagi muvaffaqiyatsizlikka izoh berarkan, bu yerdagi rus qo‘shinlari soni ukrainaliklardan 15 baravar ko‘p bo‘lganini ta’kidlagandi.

«Janub» operativ qo‘mondonligi sobiq qo‘mondoni Sokolov 20-25 baravar ustunlik haqida gapirardi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qrimdan Rossiya Federatsiyasining 25 ta batalyon-taktik guruhi, ya’ni 20 ming kishigacha miqdordagi qo‘shinlari Ukrainaga hujum qilgan.

Shu bilan birga, Qrim yo‘nalishidagi yo‘llarni faqat 250 ga yaqin kishidan iborat Ukraina dengiz piyodalari batalyoni va chegarachilarning oz sonli kuchlari himoya qilgandi. Bundan tashqari, dengiz piyodalari orasida tajribasiz yosh askarlar ham ko‘pchilikni tashkil etardi.

Ular Qrim bo‘yinlaridagi mudofaa pozitsiyalarida to‘g‘ridan to‘g‘ri jang qilishi ko‘zda tutilmagandi, deydi BBC Ukraina xizmatiga Cho‘ng‘arda keng ko‘lamli bosqinni qarshi olgan dengiz piyodalaridan biri.

«Dushman yorib kirgan holat uchun bizda aniq ko‘rsatma bor edi: ko‘priklarni portlatish va hudud ichkarisidagi tayyorlangan mudofaa chegaralariga chekinish», — deydi u.

Ularga Ukraina qurolli kuchlarining 59-motopiyodalar brigadasi yordamga kelishi kerak edi, ammo ular Oleshkovskiy qumlari yaqinidagi poligondan chiqishga ulgurmaydi — bu Qrim bilan ma’muriy chegaradan 60 km uzoqlikda. Bundan tashqari, uning eng jangovar batalyonlaridan biri butunlay himoyasi qolgan Melitopol mudofaasi uchun yuboriladi.

Nayev 2022 yilda Xerson oblasti mudofaasi bilan shug‘ullangan «Janub» operativ qo‘mondonligi uchun ham mas’ul bo‘lgan.
Foto: Ukrinform

Bunday sharoitda Ukraina qo‘shinlari dushman bilan faqat Dnipro daryosiga yaqin joyda, Antonov ko‘prigi yaqinidagina ilk janglarni boshlashga muvaffaq bo‘ladi. Biroq, o‘sha paytda rossiyaliklar allaqachon Nova Kaxovkani egallab, Xersonning o‘ng sohiliga o‘tib olgani hisobga olinsa, Ukraina qurolli quchlari o‘ng qirg‘oqdagi hudud ichkarisiga chekinishi muqarrar edi, aks holda katta kuchlar qurshovda qolgan bo‘lardi.

Xersonning so‘l sohilida Rossiya bosqiniga qarshilik ko‘rsatish uchun Ukraina qurolli kuchlarining atigi 1,5 ming askari yetarli emas edi. Ayniqsa, Rossiya bir vaqtning o‘zida uchta yo‘nalishda: Xerson, Novaya Kaxovka va Melitopolga hujum qilgan holatda.

Mudofaa rejasiga ko‘ra, frontning bu qismini Ukraina qurolli kuchlarining kamida to‘rtta brigadasi, ya’ni 12-16 minggacha askar ushlab turishi kerak edi.

Ammo bu kuchlarni janubiy yo‘nalishga jo‘natish, Ukraina qo‘mondonligi versiyasiga ko‘ra, imkonsiz edi.

Ukraina qurolli kuchlarining o‘sha paytdagi bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning bosh maslahatchisi general Viktor Nazarov (u 2021 yil avgustidan 2024 yil fevraligacha bosh qo‘mondonning bosh maslahatchisi, keyin esa maslahatchisi bo‘lgan) yaqinda BBC bilan suhbatda o‘sha paytda jangovar tarkibda bo‘lgan quruqlik qo‘shinlarining 24 ta brigadasidan yarmi sharqiy frontga jalb qilinganini aytgandi. Qolgan 12 ta brigadani esa Kiyev, Chernihiv, Sumi va butun janubiy yo‘nalishni himoya qilish uchun «sochib yuborish»ga to‘g‘ri kelgan.

Ukraina armiyasi Cho‘ng‘ardagi ko‘prikka qisman zarar yetkazishga faqat 2023 yil iyunida qanotli raketalar bilan zarba berish orqali muvaffaq bo‘ladi. Shundan so‘ng ko‘prik tezda tiklandi. Foto: Reuters
Boshqa tomondan, Qrimdan o‘tish joyi Rossiya qo‘shinlari kirib kelgan frontning eng tor joyidir. Aynan shu yerda 2014 yildan beri Ukraina harbiylari va kuch tuzilmalari dushmanning ushbu yo‘nalishdan ehtimoliy bosqinini qaytarish bo‘yicha o‘qitilgan. Xususan, bu haqda «2022 yilgi jangovar xronikalar» kitobida (mualliflar — harbiy tarixchilar Andrey Xaruk va Mixaylo Jiroxov) shunday degandi:

«Rossiya qo‘shinlari Qrimdan Ukrainaning materik hududiga to‘sib qo‘yilishi nisbatan oson bo‘lgan tor bo‘g‘oz orqali kirib kelgandi. Oldingi yillarda Ukraina qurolli kuchlari bir necha bor tegishli mashg‘ulotlar o‘tkazgan. Biroq, eng mas’uliyatli pallada Qrimdan chiqish yo‘llarini blokirovka qilish rejasi amalga oshirilmadi».

Hokimiyatda, maxsus xizmatlarda yoki armiyada xiyonat bo‘lmaganmi?

Ayni paytda Ukraina xavfsizlik xizmatining Xerson va Qrim xizmat boshqarmalari rahbariyatida ishlagan bir necha yuqori martabali sobiq xodimlari tergov qilinmoqda. To‘g‘ri, ularning hech biri «janubdagi muvaffaqiyatsizlik»da to‘g‘ridan to‘g‘ri ayblanmaydi.

Ukraina xavfsizlik xizmatining Qrim boshqarmasi sobiq boshlig‘i polkovnik Oleg Kulinich 2022 yil iyul oyida Kiyevda qo‘lga olingan. Tergovchilar uni Rossiya maxsus xizmatlari bilan hamkorlikda gumon qilishgan. U Ukraina rahbariyatidan bosqinga tayyorgarlik haqidagi ma’lumotlarni yashirganlikda ayblanmoqda. Xususan, Rossiya qo‘shinlari va texnikasining Qrimda to‘planishi va 24 fevral kuni ertalab soat 4 ga rejalashtirilgan Rossiyaning yarimoroldan Ukrainaning materikdagi qismiga hujumini.

Kulinich barcha ayblovlarni rad etmoqda. Ayni paytda unga qarshi ish Kiyev sudi tomonidan yopiq rejimda ko‘rib chiqilmoqda. Maxsus xizmatlarning sobiq xodimi hibsga olingan.

BBC'ning maxsus xizmatlardagi manbasi ma’lum qilishicha, Kulinich hozircha Rossiyaga ayirboshlash to‘g‘risidagi arizani imzolashdan bosh tortgan, biroq hukm chiqarilgandan keyin bunga rozi bo‘lishi istisno qilinmayapti.

Kulinich qo‘lga olinishi. Foto: State Investigation Bureau of Ukraine
2022 yil mart oyida prezident Volodimir Zelenskiy Ukraina xavfsizlik xizmatining Xerson boshqarmasi sobiq boshlig‘i Sergey Krivoruchkoni «xoin» va «antiqahramon» deb atab, uni generallik unvonidan mahrum qilgandi.

Biroq, BBC ma’lumotlariga ko‘ra, u jinoiy javobgarlikka tortilmagan.

«Unga e’lon qilinadigan hech narsa yo‘q, [uning] rossiyaliklarga ishlagani faktlari aniqlanmadi. U aslida o‘sha vaziyatda shunchaki harakatsiz bo‘lgan», — deya ta’kidlaydi BBC'ning maxsus xizmatdagi manbasi.

Ayni paytda Krivoruchko zaxiraga olingan (ya’ni u Ukraina xavfsizlik xizmatidagi harbiy xizmatdan bo‘shatilmagan, lekin lavozimga ham tayinlanmayapti) va vazifasini bajarishdan chetlatilgan, deb xabar qilgan UXXdagilar BBC so‘roviga javoban.

Krivoruchko 2023 yil avgust oyida «Gromadskiy» nashriga bergan izohida har qanday huquqbuzarlikka aloqadorligini rad etgan.

Ukraina xavfsizlik xizmati polkovnigi Igor Sadoxin bilan bog‘liq holat undan ham chalkashroq.

Keng ko‘lamli bosqin paytida u UXXning Xerson boshqarmasi qoshidagi Aksilterror markazini boshqargan. Aynan shu markaz bosqindan bir necha oy oldin Qrim bilan chegarada o‘tkazilgan aksilterror mashg‘ulotlarini muvofiqlashtirgan.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil mart oyida polkovnik Sadoxin Chernovitskiy oblastida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan davlatga xiyonatda gumonlanib hibsga olingan. Bu haqda o‘shanda patrul politsiyasi rahbari Yevgeniy Jukov ham feysbukda yozgan edi, biroq uning posti hozirda o‘chirib tashlangan.

Xerson oblasti kengashi rahbari Oleksandr Samoylenko 2022 yil iyun oyida «Ukrinform» davlat agentligiga bergan intervyusida UXXning aynan shu xodimi janubda «rossiyaliklarga mina maydonlari xaritasini bergan» bo‘lishi mumkinligini aytdi.

«Aynan u dushmanga mina maydonlari to‘rini bergan va Xerson xavfsizlik xizmati kolonnasini evakuatsiya qilishda kuzatib borganida Rossiya aviatsiyasi harakatlarini muvofiqlashtirgan, deb ishoniladi», — dedi oblast kengashi rahbari.

Sadoxin 2022 yil martida qo‘lga olingan bo‘lsa-da, qidiruvdagilar ro‘yxatida qolmoqda. Foto: Ukraine Interior Ministry Database
Biroq hozir polkovnik Sadoxin ozodlikda yuribdi. Har holda, IIV qidiruv bazasida u 2023 yil boshida huquq-tartibot idoralari e’tiboridan g‘oyib bo‘lgani va qidiruvga berilgani ko‘rsatilgan.

BBC so‘roviga javoban Xavfsizlik xizmati Sadoxin hozir qayerda ekaniga aniqlik kiritmadi, biroq idora uni chetlatib, zaxiraga olganini ma’lum qilgan. Davlat tergov byurosi (DTB) unga nisbatan «xizmat joyini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketish» moddasi (Jinoyat kodeksining 407-moddasi 5-qismi) bo‘yicha ishni tergov qilmoqda. Bosh razvedka boshqarmasi hozircha BBC'ning bu ish bo‘yicha savoliga javob bermagan. Sadoxinning o‘zi ham jamoatchilik oldida vaziyatga izoh bermadi.

Davlat tergov byurosi 2022 yil aprel oyidan beri oliy harbiy qo‘mondonlikning Rossiyaning Qrimdan bostirib kirishi paytidagsh harakatlarini ham tekshirmoqda. Harbiylarning ko‘priklarni minalashtirish va Qrimdan o‘tish joyidagi mudofaani tayyorlash bo‘yicha harakatlari o‘rganilmoqda. Xususan, tergov harbiy rahbariyat, jumladan, general Nayev va o‘sha paytdagi bosh qo‘mondon, general Valeriy Zalujniyning harakatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda. Yuzlab guvohlar so‘roq qilindi, ekspertizalar o‘tkazildi, lekin gumonlanuvchilar yo‘q.

Davlat tergov byurosi nafaqat Xerson oblasti mudofaasi muvaffaqiyatsizligini, balki bosqin boshida Rossiya qo‘shinlari tomonidan tezda o‘rab olingan Mariupolning «noto‘g‘ri mudofaasi»ni ham tekshirmoqda.
Bundan tashqari, BBC'ga ma’lum qilishlaricha, yana bir jinoiy ish ochilgan. U Mariupolning «ishonchsiz mudofaasi» bo‘yicha.

«Shuni ma’lum qilamizki, DTB Bosh tergov boshqarmasi tergovchilari ko‘rsatilgan ma’lumot so‘rovida keltirilgan faktlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv olib bormoqda», — deyiladi Mariupol himoyasi bo‘yicha so‘rovga javobda.

Ma’lumki, Qrimdan tezda yorib kirish tufayli Rossiya armiyasi Mariupolga g‘arbiy qanotdan ancha tez yaqinlashishga va sohil bo‘yidagi shaharga joylashtirilgan ukrain garnizonini qurshab olishga muvaffaq bo‘ldi. Mudofaa kuchlari askarlari may oyining o‘rtalarigacha, ruslar qo‘liga asir tushgunga qadar to‘liq qurshov holatida qarshilik ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi.

Biroq, Bosh razvedka boshqarmasi ushbu ikki jinoiy ishning tafsilotlarini oshkor qilishdan bosh tortdi va tergovga qadar tekshiruv sir saqlanishini ta’kidladi.

Byuro, shuningdek, Mariupol ishi doirasida frontning mazkur uchastkasi uchun mas’ul bo‘lgan general Yuriy Sodol va shahar mudofaasiga qo‘mondonlik qilgan «Azov» brigadasi komandiri Denis Prokopenko so‘roq qilinganmi yoki yo‘qligini aytishdan bosh tortdi.

Ukraina huquq-tartibot idoralari va sudlari bu ishlarga yakuniy nuqta qo‘ya olmaguncha, Ukraina jamiyati Rossiya Ukraina janubini yashin tezligida bosib olgani va haligacha ushlab turgani uchun kim aybdor degan savolga to‘liq va ishonchli javob olishi dargumon.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo