
Yevropa o‘rta ta’lim tizimida shov-shuvli yangilik: Germaniyadagi maktablarda bolalar urush va boshqa inqirozlarga tayyorlanadigan bo‘ldi. Bu haqda mamlakat deputati Roderix Kizevetter Handesblatt nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Faqat dars jadvali emas, balki hayot ssenariylari ham kerak!” – deydi deputat.
Tabiiy ofatdan tortib, harbiy mojarogacha — har narsaga tayyor turish lozim
Deputatning fikricha, maktablarda favqulodda holatlarga tayyorgarlik kurslari joriy qilinishi kerak. Bu kurslar orqali bolalar tabiiy ofat, harbiy mojaro yoki boshqa keskin vaziyatlarda qanday harakat qilishni o‘rganishadi.
Qizig‘i shundaki, bunday tizim Finlyandiyada allaqachon ishga tushirilgan va o‘zini oqlagan. Germaniya esa endigina bu masalaga jiddiy e’tibor qarata boshladi.
Bola – kelajak emas, balki hozirgi kunda ham eng zaif qatlam
Kizevetter ta’kidlaganidek, inqirozlar vaqtida bolalar eng zaif qatlam hisoblanadi. Shu bois ham ularni himoyalash, favqulodda vaziyatlarda o‘zini yo‘qotmaslikni o‘rgatish juda muhim.
Germaniya Ichki ishlar vazirligi ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi va fuqaro mudofaasi bo‘yicha ta’limni kuchaytirishga chaqirdi.
72 soatlik “omon qolish” jihozlari
Yevropa komissiyasi tomonidan taqdim etilgan “Favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik strategiyasi”da har bir fuqaro uyida quyidagi buyumlardan iborat minimal zaxirani tayyorlab qo‘yishi kerakligi aytilgan:
- Ichimlik suvi;
- Dori-darmon;
- Gugurt, o‘t oldirgich;
- Fonar va quvvatlagichlar;
- Issiq kiyim-kechak;
- Uzoq muddat saqlanuvchi oziq-ovqat mahsulotlari.
Bu jihozlar insonning kamida uch kun davomida o‘zini mustaqil ravishda ta’minlashini kafolatlashi kerak.
Haqiqat: Yevropa endi “o‘rgatuvchi” emas, balki “tayyorlovchi” maktablarga o‘tmoqda!
Ta’lim bugun nafaqat fanlar va bilim, balki hayotda omon qolish uchun ham kerakli tajribalarni berish maydoniga aylanyapti. Tabiiy ofat, urush yoki global inqirozlar fonida shunday yondashuvlar Yevropa jamiyatida yanada ommalashmoqda.
Zamin.uz savoli:
Siz bu yangilikni qanday baholaysiz? O‘zbek maktablarida ham shunday “hayot darslari” kerakmi? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!