
Arktika — shunchaki muzliklar bilan qoplangan tabiiy hudud emas. Bu hudud kelajakda dunyoning eng muhim geosiyosiy “qudrat markazlaridan” biriga aylanishi mumkin. Sababi esa — muzlarning rekord darajada erishi. Hoziroq tushuntiramiz.
47 yildagi eng anomal mart!
2025 yilning mart oyi — Arktika uchun an’anaviy sovuqlar emas, balki anomal issiqlik bilan yodda qoldi. Yevropaning Copernicus iqlim xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bu oyda muzliklar maydoni 14,5 million km²ni tashkil etdi. Bu esa so‘nggi 47 yildagi eng past ko‘rsatkich.
Qiyos uchun: 1991–2020 yillar davomidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 6 foizga kam.
Endi kemalar muz ustida emas, suvda yuradi!
Bir qarashda bu — tabiatdagi oddiy o‘zgarishdek tuyulishi mumkin. Ammo bu o‘zgarish geosiyosiy o‘yin qoidalarini o‘zgartirishi mumkin. Arktikada muzlar kamaygani sayin, davlatlar u yerga o‘z harbiy va savdo kemalarini yuborishni boshladi. Navigatsiya mavsumi — ya’ni kemalar o‘tishi mumkin bo‘lgan davr — kun sayin uzayapti.
Yangi “muhim yo‘laklar” paydo bo‘lyapti
Vudro Vilson markazining Qutb tadqiqotlari instituti sobiq direktori Rebekka Pinkus bu haqda shunday degan:
“Bugun nafaqat harbiylar, balki biznes olami ham Arktikada yangi imkoniyatlarni ko‘ra boshladi. Muhim dengiz yo‘llari ochilmoqda”.
Bu esa Oxota va Barens dengizlari orqali Rossiya, Kanada, Grenlandiya va AQSH uchun yangi iqtisodiy yo‘laklar ochilishini anglatadi.
Iqlim o‘zgarishi = siyosiy strategiya?
Copernicus dasturi rahbarining o‘rinbosari Samanta Berjess esa qo‘shimcha qildiki, Kanada Arktikasi va Grenlandiya sohillarida ham haroratlar “me’yordan ancha yuqori” bo‘lgan. Bu hududlar ham muzlardan xolos bo‘lmoqda.
Buning ortida nafaqat iqlim muammosi, balki katta davlatlarning energetika, mineral resurslar va harbiy hozirlik bo‘yicha o‘zaro raqobati ham bor.
Arktika – yangi “geosiyosiy sahna”?
Shunday qilib, muzlar erishi bilan birga dunyoda yangi sahna – Arktika poygasi boshlanmoqda. Tabiiy resurslarga boy, strategik joylashuvga ega ushbu hududdagi vaziyat endi faqat iqlimshunoslarni emas, balki siyosatchilarni ham qiziqtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bu barcha o‘zgarishlar — global iqlim o‘zgarishining “jonli” namunasi. Tabiatdagi har bir anomaliya esa siyosiy qarorlarga ham ta’sir qilmoqda. Arktikadagi bu geosiyosiy harakatlarni kuzatishda davom etamiz!