
Xitoy va Rossiya tomonidan tashkil etilayotgan Xalqaro Oy tadqiqot stansiyasining dastlabki loyihasiga ko‘ra, Oy yuzida atom elektr stansiyasini qurish ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda Xitoyning «Chane-8» kosmik missiyasi bosh muhandisi Pey Chjaoyuya rasmiy ma’lumot berdi.
Xitoy milliy kosmik dasturida 2028 yilda Long March 5 raketasi yordamida «Chane-8» missiyasini amalga oshirish belgilangan. Bu missiya orqali Oyning janubiy qutbida inson yashashi uchun mo‘ljallangan birinchi bazaga asos solinadi.
Loyiha ikki muhim bosqichdan iborat bo‘ladi. Birinchi bosqichda robot texnikalari, lunoxod va maxsus modullar Oyga yuboriladi. Ularning vazifasi Oy yuzasi resurslari va relefini chuqur o‘rganib, bazani qurish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plashdan iborat. Ikkinchi bosqich esa yanada muhimroq vazifani o‘z ichiga oladi: 2030 yilda «Menchjou» va «Lanyue» kemalari orqali Oyga ikki nafar xitoylik astronavt yuboriladi. Ular inson yashashi uchun yaroqli sharoitlarni yaratish va baza qurish ishlarini boshlashadi.
Loyihadagi yana bir muhim yangilik – atom elektr stansiyasidan tashqari, katta hajmli quyosh batareyalarining o‘rnatilishi. Bu stansiyaning muntazam elektr energiya bilan ta’minlanishi uchun zarur bo‘ladi.
Xitoy ushbu katta kosmik tadqiqot loyihasiga kelajakda 50 ta davlat, dunyo bo‘yicha 500 dan ortiq ilmiy-tadqiqot muassasasi va 5 mingga yaqin xalqaro olimlarni jalb qilish niyatida. Shu tarzda, Xalqaro Oy tadqiqot stansiyasi haqiqiy xalqaro ilmiy markazga aylanadi.
Aytish joizki, Oyni tadqiq etish borasida AQSH ham jiddiy loyihalar ustida ishlamoqda. NASA'ning Artemis dasturi doirasida 2025 yilda amerikalik astronavtlarning Oyga qo‘nishi rejalashtirilgan bo‘lib, kelgusida u yerda doimiy baza qurish ham ko‘zda tutilgan.
Shunday qilib, insoniyat uchun Oyni o‘zlashtirish yangi bosqichga ko‘tarilmoqda va bu jarayonda Xitoy va Rossiya yetakchi rol o‘ynashi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar