
Shu kunlarda Turkiyada, Markaziy Osiyo va boshqa xorijiy OAVda Shimoliy Kipr masalasi dolzarb. Ba’zilar “Markaziy Osiyo turkiy birlikka rioya qilmadi” degan iddaoni bildirmoqda. Xo‘sh, bu iddaolar qayerdan paydo bo‘ldi, ularni kim tarqatmoqda? Shimoliy Kipr Turk Respublikasi qanday paydo bo‘lgan, bu bo‘yicha BMT rezolyutsiyalari nega savol ostiga olinadi?
Bunday gap-so‘zlarning kelib chiqishi Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida 3-4 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan Samarqand sammiti yakunida imzolangan Samarqand deklaratsiyasi bilan bog‘liq. Deklaratsiya bandlaridan birida BMTning 1983-84 yillarda qabul qilingan 541- va 550-rezolyutsiyalari tilga olinadi. Bu rezolyutsiyalar Kiprning birligini urg‘ulaydi.
Kipr – O‘rta Yer dengizidagi orol, maydoni 9251 kv km, jami aholisi 1 million 350 ming kishidan oshadi. Kiprdan Turkiya chegarasigacha masofa – bor-yo‘g‘i 60 km, Gretsiyagacha esa – 783 km. Ya’ni Kipr Turkiyaga 13 baravar yaqin.
Kipr 1571 yildan boshlab Usmonli turk davlatining ichida bo‘lgan. Kiprda greklar va turklar birga yashashgan. Usmonli turklardan keyin Kipr Britaniya nazorati ostida bo‘lgan. 1960 yilga kelib, Kipr Britaniyadan mustaqil bo‘ladi. Ana shu mustaqil davlatning keyinchalik ikkiga bo‘linib qolishi tarixini tushunish uchun, Gretsiyadagi voqealarni eslash kerak bo‘ladi.
1945 yilda Ikkinchi jahon urushi tugaydi. Dunyoda ikki qutb paydo bo‘ladi, AQSH va SSSR o‘rtasida sovuq urush boshlanadi. Gretsiyada kommunistlar isyon ko‘tarishi bilan, 1946-1949 yillarda fuqarolik urushi ro‘y beradi, hukumat AQSH va Britaniyaning qo‘llovi bilan ustun keladi. 1967 yilga kelib, Gretsiyada “qora polkovniklar” harbiy to‘ntarish qiladi. Harbiy xunta Gretsiyadagi kommunistlar, sotsialistlar, liberallar, intelligensiya, siyosiy faollar bilan qattiq kurashadi. Inson huquqlari shu qadar qattiq buziladiki, Daniya, Shvetsiya va Norvegiya Gretsiyani Yevropa Kengashidan quvishni taklif qiladi. Bu jarayonni kutmasdan, Gretsiyaning o‘zi Yevropa Kengashidan chiqib ketadi.
“Qora polkovnik”lardan Georgios Papadopolus bir vaqtning o‘zida ham bosh vazir, ham ichki va tashqi ishlar vaziri, ham mudofaa vaziri edi. Qolgan harbiylar ham davlatning muhim lavozimlarini egallab olgan.
1973 yilning noyabrida Gretsiyada talabalarning ommaviy namoyishi natijasida, harbiy xuntaning o‘zi Papadopolusni yiqitadi, uni uy qamog‘iga tashlaydi. O‘rniga boshqa harbiy – brigada generali Dmitrios Ioannidis hokimiyatga keladi.
Bu yillar davomida AQSH uchun SSSRning ta’siri Gretsiyada ham yoyilmasligi asosiy maqsad edi. Shu sabab Vashington Gretsiyadagi repressiyalarga ham ko‘z yumib, hatto harbiy xunta boshqaruvi yillarida ham Afinani qo‘llab kelgan. Lekin 1973 yildagi Arab-Isroil urushidan keyin o‘sha yili oktyabr oyida Saudiya Arabistoni podshosi Faysal Al-Saud AQSH va uning ittifoqchilariga neft embargosini o‘rnatgan edi. Embargo AQSHni iqtisodiy tang holatga solib qo‘yadi, natijada Amerika Gretsiyaga deyarli yordam bera olmay qoladi.
Mana shu fonda aholini chalg‘itish maqsadida Ioannidis “Ulug‘ Gretsiya” shiori bilan: “Kelinglar, tarixan Gretsiyaga mansub yerlarni qaytarib olamiz!” deya, 1974 yilning 15 iyulida Kiprda hokimiyatni ag‘daradi. Gretsiya harbiylari va Kiprdagi greklarning qurolli guruhlari birgalikda Kipr prezidenti Makarios IIIni yiqitadi. Shundan keyin Kipr shimolida yashab kelgan turklarga nisbatan repressiyalar boshlanib ketadi. Tabiiyki, Turkiya qarab o‘tira olmaydi, 20 iyulda Kiprga kirib, u yerdagi turklarni himoya qiladi.
Shu tariqa, mustaqil Kiprni anneksiya qilmoqchi bo‘lgan davlat – bu Gretsiya edi, Turkiya emas. Turkiya esa Kiprga qo‘shin kiritishini 1960 yilda olgan kafillik majburiyati bilan izohlagan: 1960 yilda Kiprning Britaniyadan mustaqillik e’lon qilishi Britaniya, Gretsiya va Turkiyaning kafilligi ostida ro‘y bergandi.
Turkiyaning aralashuvidan keyin Kiprda Gretsiya yengiladi, ag‘darilgan prezident Makarios III hokimiyatga qaytariladi. Gretsiya va Turkiya urush ostonasida turgan pallada, Kiprdagi to‘ntarishdan 9 kun o‘tib, 1974 yil 24 iyulda Gretsiyadagi harbiy xunta parchalanib, mamlakat diktaturadan demokratiyaga qadam qo‘ya boshlaydi.
1975 yilga kelib, Kiprdagi greklar va turklar o‘rtasida kelishuv imzolanadi. Kelishuvga ko‘ra, Kipr federativ respublika bo‘lishi, bu yerdagi turklarga nisbatan repressiyalarga yo‘l qo‘ymaslik belgilanadi. Lekin bu kelishuv amalga oshishini Shimoliy Kipr 8 yil kutadi. Noilojlikdan, 1983 yilda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi o‘z mustaqilligini e’lon qiladi.
Haliga qadar Shimoliy Kipr Turk Respublikasi BMT tomonidan tan olinmagan, sababi – BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari bo‘lmish AQSH, Angliya, Fransiya, SSSR/Rossiya, qolaversa Xitoy Xalq Respublikasi – Turkiyaga va umuman musulmon mamlakatlarga u qadar xayrixox bo‘lmagan davlatlar hisoblanadi.
Shimoliy Kipr Turk Respublikasini hozirga qadar faqat Turkiya Respublikasi tan olgan. SHKTRning Anqarada elchixonasi bor. Mamlakat Islom Hamkorlik Tashkiloti va Turkiy Davlatlar Tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega. Biroq G‘arb davlatlari, avvalo, Yevropa Ittifoqi Shimoliy Kiprni tan olinishini istamaydi. Turkiyaga nisbatan usmonlilarning besh asrdan ko‘proqqa cho‘zilgan imperiyasi bilan bog‘liq tarixan shakllangan munosabat haliga qadar kuchli seziladi. Misol uchun, 40 yildan buyon Turkiya Yevropa Ittifoqiga qo‘shila olmaydi. Kipr esa 2004 yilda Yevropa Ittifoqining to‘laqonli a’zosiga aylangan, 2008 yildan yevro pul birligi amal qiladigan yevrozonaga qo‘shilgan.
BMT XKning 541- va 550-rezolyutsiyalari o‘z kuchini to‘liq saqlab qolmoqdami?
Halqaro huquq bo‘yicha ekspertlar fikriga ko‘ra, yo‘q, ma’lum nyuanslar bor. 2004 yilning 24 aprelida butun Kipr bo‘ylab BMT shafeligida referendum o‘tkazilgan. Referendum BMTning o‘sha vaqtdagi bosh kotibi Kofe Annan rejasiga ko‘ra o‘tkaziladi. Rejaga ko‘ra, Kipr birlashishi, birlashgan mamlakatni 6 kishidan iborat prezidium boshqarishi nazarda tutiladi: 4 nafar grek va ikki turk. Mana shu 6 kishi navbatma-navbat Kipr bosh vaziri, prezidenti va vitse-prezidenti bo‘lishi kerak edi. Kipr orolining turklar yashaydigan qismi 37 foizdan 28 foizga qisqartirilishi belgilanadi. Xo‘sh, referendum natijalari qanday bo‘ladi?
Referendum natijalariga ko‘ra, kiprlik greklarning 75 foizi birlashishga qarshi chiqadi. Lekin 65 foiz turklar rozi bo‘ladi. Nima uchun kiprlik greklar qarshi chiqadi? Greklar yashaydigan janubiy Kipr – iqtisodiy boy, turistlarga to‘la, xalqaro munosabatlari juda yaxshi. Biroq turklar yashaydigan shimoliy Kipr sanksiyalar ostida, turistlar kam, iqtisodiy nochorroq. Kipr greklarining muayyan qismi “nega endi biz kambag‘al shimolning yukini ko‘tarishimiz kerak ekan?” degan motiv bilan, “Turkiyadan ko‘chib ketgan turklar”ni bahona qilishadi.
Turkiyaning Kipr turklari va shimoliy Kipr bo‘yicha pozitsiyasi aniq: madaniy avtonomiya bo‘lsin, repressiyalar bo‘lmasin. Shimoliy Kipr Turk Respublikasi oldida esa ikkita yo‘l turadi: yoki dunyo hamjamiyati bu davlat mustaqilligini tan oladi, yoki bu hudud janubiy Kipr bilan birlashib, uning huquqlari va avtonomiyasi to‘liq ta’minlanadi. Ikkala variant ham Kiprdagi turklarning haq-huquqlarini anglatadi.
Kiprning shimoliy qismi – turkiy dunyoning ajralmas qismi
Turkiy dunyo – bu eng avvalo ma’naviy, madaniy, o‘zlik tushunchasi. Turkiy xalqlar, millatlar, elatlar tarixan dunyoning qaysi qismlarida yashab kelganidan qat’i nazar, ular turkiy dunyoning tarkibi hisoblanadi. Shunday ekan, Shimoliy Kipr – bu status masalasi emas, ushbu statusni rasmiylashtirish masalasi. Aniqki, Shimoliy Kiprda turklar yashab qolaveradi, ularning haq-huquqlarini hech kim inkor eta olmaydi.
Turkiy dunyo, turkiy davlatlar katta va qudratli davlatlar, kuch markazlarining bosimi ostida bo‘lgan va hali-beri bu bosimlar, ziddiyatlar yo‘qolmaydi. Turkiy dunyo, bir tomondan o‘zining hududiy yaxlitligini mustahkamlash, ikkinchi tomondan turkiy bo‘lgan xalqlar, millatlar, xududlar bilan hamkorlikni, birlikni kuchaytirib boraverishi kerak va shu yo‘ldan ketmoqda. Bu jarayon oson bo‘lmaydi. Ziddiyatlar ko‘p bo‘lgan va bo‘ladi.
Turkiyadagi ba’zi OAV “Markaziy Osiyo turkiy birlikka xiyonat qildi, Erdo‘g‘an tashqi siyosatda yutqazdi” demoqda. Lekin Turkiyada siyosiy plyuralizm kuchli. Muxolifat partiyalar ko‘p. Shimoliy Kipr bo‘yicha vahima qilayotganlar – ko‘proq muxolifat tomonida bo‘lgan faollar, OAVlar, mutafakkirlar bo‘ldi. Rasmiy Anqara esa bu holatga hech qanday munosabat bildirmadi. Sababi, Turkiya hukumati bu ziddiyatlarni yengib o‘tish uchun o‘zaro nifoqqa emas, hamkorlik va birlikka ko‘proq urg‘u berish kerakligini yaxshi biladi.
Shimoliy Kipr – tarixan turkiy dunyoning tarkibiy qismi, bu vaziyatni rasmiylashtirish esa – rivojlanishni, birlikni va umumiy qudratga erishish muhimligini ko‘rsatadi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! siyosatshunos
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar