
Fransiyalik olimlar akulalarning odamlarga qarshi qilgan hujumlarini keng ko‘lamli ilmiy tadqiqotlar asosida o‘rganib chiqishdi. Ular olib borgan tahlillar natijasi shuni ko‘rsatdiki, ko‘p hollarda bunday hujumlarda yirtqichlar emas, balki odamlarning o‘zi sababchi bo‘lar ekan.
Tadqiqotga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda odamlarga akulalarning hujumi ko‘payishiga ijtimoiy tarmoqlar va internetdagi mashhur insonlarning harakatlari katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlardagi blogerlar va taniqli shaxslar akulalar bilan yaqin aloqada bo‘lib, ularni xavfsiz qilib ko‘rsatishga harakat qilyapti. Lekin mutaxassislarning fikricha, bu kabi harakatlar akulalar tomonidan hujum qilish xavfini oshirmoqda.
Orollarni o‘rganish va atrof-muhit observatoriyasi markazining katta ilmiy xodimi Erik Kluaning ta’kidlashicha, akulalar insonlarga odatda o‘zlari birinchi bo‘lib tashlanmaydi. Aksincha, odamlar bunday holatlarda yirtqichlarning tabiiy harakatini buzib, ularni qo‘rqitib yuboradi. Olim, shuningdek, akulalar bilan yaqin kontaktni xohlamaslikni maslahat beradi:
«Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab taniqli insonlar akulalar xavfsizligini ko‘rsatish uchun ularning yelka suzgichidan ushlab oladi yoki ularni erkalab silaydi. Bu esa juda katta xato. Akulalarni qo‘rqitib yubormaslik kerak. Ular o‘zini himoya qilish instinkti tufayli hujum qiladi», — deydi Erik Klua.
Olimlarning fikricha, ko‘pchilik odamlar turli it zotlari, masalan, Yorkshir tereri va pitbull orasidagi farqni yaxshi anglaydi va xavfli bo‘lgan pitbullga yaqinlashmaydi. Ammo akulalar masalasida bu mantiq amal qilmay qolmoqda. Insonlar ularning turlari va xavf darajasini farqlay olmaydi.
Tadqiqot natijalari ko‘rsatishicha, akulalar odamlarni birinchi navbatda xavf deb qabul qiladi. Shuning uchun ham ularga birinchi navbatda hujum qilmay, aksincha, kontaktdan qochishga harakat qiladi. Faqat ular xavfdan qochishning iloji bo‘lmagan holatlardagina, yengil shakldagi hujumlarni amalga oshiradi va insonlarga jiddiy jarohat yetkazmaydi.
Turistlar va ochiq dengizdagi baliqchilar esa akulalarning asosiy qurbonlariga aylanadi. Chunki akulalar ularni ov yoki o‘z hududiga taxdid sifatida ko‘radi va himoyalanishga majbur bo‘ladi. Lekin bu xildagi hujumlar ularning ov vaqtidagi hujumidan keskin farq qiladi. Ov vaqtida akula o‘ljani yo‘q qilish va iste’mol qilish maqsadida ayovsiz hujumga o‘tadi.
Shunday ekan, akulalarning hujumidan saqlanish uchun ularning tabiiy muhitiga ehtirom bilan yondashish va keraksiz kontaktdan tiyilish kerak. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan xavfli harakatlarga taqlid qilmaslik muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, tabiatga nisbatan ehtiyotkor munosabat barcha uchun xavfsizlikni ta’minlaydi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar