
Bahraynda bo‘lib o‘tayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi III Osiyo yoshlar o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi yarimfinalda maydonga tushdi. Dilshod Rahmatov boshchiligidagi yosh futzalchilarimiz bu safar Eron yoshlariga qarshi sinovdan o‘tishdi.
Bellashuvning dastlabki daqiqalaridanoq raqiblar tashabbusni qo‘lga olib, tez-tez hujumlarni amalga oshirdi. Forslar yuqori darajadagi tayyorgarlik va jamoaviy o‘yin bilan ajralib turdi. Yigitlarimiz esa barcha kuchini ishga solgan bo‘lsa-da, kuchli raqibni to‘xtatish oson kechmadi.
Uchrashuv 14:2 hisobida Eron terma jamoasining yirik g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘zbek yigitlar g‘alaba uchun bor kuchi bilan harakat qildi, biroq raqibning yuqori texnikasi va tajribasi hal qiluvchi omilga aylandi.
Shu tariqa, O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi musobaqaning finaliga chiqish imkonini boy berdi. Endi ular 30-oktyabr kuni bronza medali uchun bahs olib borishadi. Raqib nomi tez orada ma’lum bo‘lishi kutilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Bahrayndagi bu musobaqa nafaqat medallar, balki kelgusi xalqaro startlar uchun muhim ahamiyatga ega. Osiyo yoshlar o‘yinlarida sovrinli o‘rinni egallagan jamoalar 2026-yili Senegal poytaxti Dakar shahrida bo‘lib o‘tadigan IV Yoshlar yozgi Olimpiadasiga yo‘llanma qo‘lga kiritadi.
Shu sabab, terma jamoamiz uchun bu o‘yin — jahon sahnasiga chiqish imkonini saqlab qolish uchun so‘nggi imkoniyat bo‘ladi. Yosh futzalchilarimiz bronza medali uchun kurashda jonkuyarlik va g‘alabaga ishonch bilan maydonga chiqishi kutilmoqda.
Dilshod Rahmatov shogirdlari uchun bu musobaqa katta tajriba maktabi bo‘ldi. Ular raqobat darajasi yuqori bo‘lgan qit’a jamoalariga qarshi bahslarda qimmatli saboqlar oldi va kelgusidagi yirik musobaqalarda bu tajriba katta ahamiyat kasb etadi.
O‘smirlar o‘rtasida Osiyo o‘yinlari.
Futzal, yarimfinal
Eron – O‘zbekiston — 14:2
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!