
Eramizning 79 yilida Vezuviy vulqonining portlashi natijasida Italiyaning Gerkulanum shahri butunlay vulqon kuli ostida qolgan va ko‘plab madaniy boyliklar yo‘qolgandi. Qarib ikki ming yil o‘tib, olimlar tarixiy jarayonda yangi sahifani ochishga muvaffaq bo‘lishdi — birinchi marta yonib ketgan qadimgi o‘ram muallifi va asar nomi aniqlandi.
Bu kashfiyot sun’iy intellekt yordamida amalga oshdi. Aniqlanishicha, ushbu o‘ram epikurchi-faylasuf Filodim tomonidan yozilgan “Illatlar va ularga qarshi fazilatlar to‘g‘risida” deb nomlangan falsafiy risoladir.
Qo‘lyozma Gerkulanum shahridagi qadimiy villalardan biri — ehtimol, falsafiy maktab yoki boy shaxsga tegishli binodan topilgan. Oradan yuzlab yillar o‘tib, u Oksford universitetining Bodlian kutubxonasiga keltirilgan va shu vaqtgacha ochilmasdan saqlanib kelingan. Sababi, o‘ram shunchalik nozik va mo‘rtki — unga hatto qo‘l tekkizish ham uning to‘liq yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin edi.
Ana shunday murakkab sharoitda yordamga zamonaviy texnologiyalar — sun’iy intellekt, yuqori aniqlikdagi rentgen tomografiyasi va maxsus 3D modellash usullari keldi. Vesuvius Challenge loyihasi doirasida ish olib borgan mutaxassislar qo‘lyozmadagi uglerod siyohining mikroskopik izlarini tahlil qilib, matnni virtual tarzda “ochish”ga muvaffaq bo‘ldi.
Kentukki universiteti olimlari ishlab chiqqan Volume Cartographer dasturi matndagi harf va so‘zlarni aniqlash, ularni tartiblash va o‘qish jarayonida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Bu dastur o‘ramdagi har bir qatorni virtual ravishda qayta tiklash va tahlil qilish imkonini berdi.
Aniqlangan matn — Filodim qalamiga mansub risola bo‘lib, insonni turli yomon illatlardan saqlanish va ezgulik yo‘lida yashashga undaydigan falsafiy qo‘llanma hisoblanadi. Unda ma’naviy poklik, o‘lchov bilan yashash va hissiyotni idrok orqali boshqarish kabi mavzular atroflicha yoritilgan.
Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, bu yuksak texnologiyali yondashuv kelgusida Gerkulanum kutubxonasida saqlanayotgan boshqa bir qancha yonib ketgan o‘ram va matnlarni ham o‘qishga yo‘l ochishi mumkin. Hozirda o‘nlab o‘xshash o‘ramlar o‘z navbatida navbatda turibdi — ularning har biri insoniyat tarixining yangi sahifasini ochishi ehtimoldan xoli emas.
Fan va texnologiyaning shiddat bilan rivojlanishi zamonaviy olimlarga na faqat kelajakni yaratish, balki o‘tmishning qo‘riqlangan sirlarini ham aniqlash imkonini bermoqda. Vezuviy quli ostida qolgan tarix so‘zlay boshladi — va bu so‘zlar bizni o‘ylashga, qadrlashga va anglashga undaydi.
Vezuviy VulqoniGerkulanum ShahriSun’iy IntellektTarixiy KashfiyotFalsafiy RisolaZamonaviy Texnologiyalar O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar