
Berklidagi Kaliforniya universiteti astronomlari noyob kosmik hodisani qayd etdi. Ular galaktika markazidan juda uzoqda joylashgan va yulduzlarni «yutib yuborayotgan» supermassiv «daydi» qora tuynukni aniqlashga muvaffaq bo‘ldilar. Bu voqea AT2024tvd deb nomlanib, Hubble, Chandra va VLA kabi qudratli teleskoplar orqali kuzatilgan.
Odatda, shunday ulkan qora tuynuklar galaktika markazlarida joylashgan bo‘ladi. Ammo bu safargi holat alohida istisnodir. Qayd etilgan qora tuynuk galaktika markazidan 2600 yorug‘lik yili uzoqlikda mavjud bo‘lib, uning massasi Quyoshnikidan million barobar ko‘p.
Ushbu noyob kosmik hodisa «siljigan to‘lqinli buzilish» (TDE) sifatida tasniflangan. Bu holat, qora tuynuk o‘zining atrofidagi yulduzlarning gravitatsiya ta’sirida tortilib, parchalanishi va kuchli energiya chaqnashini keltirib chiqarishi bilan tavsiflanadi. Bunday kosmik voqealar astronomlar uchun juda qiziqarlidir, chunki ular odatda galaktika markazlarida kuzatiladi.
AT2024tvd hodisasida esa, kuzatuvlarda vodorod, geliy va boshqa kimyoviy elementlar nurlanishining aniq belgilari aniqlangan. Bu esa TDE holatlariga xos bo‘lgan klassik alomat hisoblanadi.
Qizig‘i shundaki, ushbu «daydi» qora tuynukning yaqinida yanada yirik obyekt – Quyoshdan 100 million marta og‘ir bo‘lgan ulkan faol galaktika yadrosi mavjud. Olimlar ikki xil versiyani ilgari surmoqda.
Birinchi taxminga ko‘ra, qora tuynuk boshqa ulkan obyektlar bilan o‘zaro tortishish natijasida galaktika markazidan chiqarib tashlangan bo‘lishi mumkin. Ikkinchi taxminga ko‘ra esa, bu qora tuynuk qadim zamonlarda boshqa bir kichik galaktikaning qoldig‘i bo‘lishi ehtimoldan holi emas.
Bu kashfiyot shuni ko‘rsatadiki, koinotda galaktika markazidan uzoqda yashiringan katta massali «daydi» qora tuynuklar mavjud ekan. Endi astronomlar kosmosning yanada chuqurroq sirlarini ochish maqsadida bu kabi g‘ayrioddiy kosmik hodisalarni kuzatishni kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Galaktika MarkaziSupermassiv Qora TuynukKosmik HodisaAstronomlar KaliforniyaAT2024tvdGravitatsiya Ta’siri O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar