
Ilon Mask o‘z siyosiy faoliyatini to‘xtatishga qaror qildi. The Washington Post nashrining manbalariga tayanib xabar berishicha, biznesmen bu qarorni bir necha sabablar, jumladan, natijaga erishishdagi qiyinchiliklar va shaxsiy xavfsizlikka bo‘lgan tahdidlar tufayli qabul qilgan. AQSH hukumatidagi samaradorlik departamenti (DOGE) rahbari sifatidagi vazifasidan keyingi bu burilish siyosiy sahnada katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
Siyosatdagi sarguzashtga chek qo‘yildi
Ilon Mask siyosatni tark etish niyatini hafta boshida e’lon qildi. Qatarda bo‘lib o‘tadigan Iqtisodiy forum arafasida Bloomberg agentligiga bergan intervyusida u siyosiy faollikni pasaytirishini, e’tiborni yana Tesla'ga qaratishini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, 2008 yildan beri rahbarlik qilib kelayotgan avtogigantga yana jiddiy yondashish vaqti keldi: “Menimcha, yetarlicha siyosiy ish qildim”, — dedi u.
The Washington Post manbalariga ko‘ra, so‘nggi bir yil davomida Mask AQSH siyosiy muhitining markazida bo‘lib kelgan. Ammo oxirgi oylarda u siyosiy jarayonlardan charchagan va sarflagan mablag‘larining amalda kutilgan natijalarni bermaganidan ruhi tushgan. Shu bilan birga, shaxsiy va oilaviy xavfsizlik bilan bog‘liq omillar uning siyosatdan chekinish qarorini tezlashtirgan.
Shaxsiy hujumlar va Tesla'ga bosimlar
NBC News tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Mask DOGE rahbari bo‘lganidan so‘ng Tesla obyektlariga nisbatan o‘nlab vandalizm holatlari qayd etilgan. Bir necha hafta ichida kompaniyaga tegishli elektromobillar, dilerlik markazlari va quvvatlash stansiyalari hujumga uchragan. Prezident Donald Tramp bu hujumlarni amalga oshirganlarni "terrorchilar" deb atagan.
Maskning siyosiy arenadagi chiqishlari nafaqat shaxsiy hayoti, balki biznesiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgan. U DOGE rahbari sifatida davlat xodimlarini ommaviy ravishda ishdan bo‘shatgani uchun tanqidlar yog‘di. Maskning shaxsan Trampga yaqinligi, uning 2024 yilgi saylovoldi kampaniyasiga 250 million dollardan ortiq mablag‘ ajratgani jamoatchilikda ikki tomonlama munosabatni yuzaga keltirdi.
Bozorda aks etgan ta’sir
2024 yilda Tesla aksiyalari 60% o‘sgan bo‘lsa-da, 2025 yil boshidan buyon ular 55% arzonlashgan. Investorlar Maskning siyosiy faoliyati biznesga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganidan tashvishga tushmoqda. Ko‘plab tahlilchilarning fikricha, Maskning siyosatdan chekinishi kompaniyalar faoliyatida barqarorlikni tiklashga yordam berishi mumkin.
Mars sari navbatdagi qadam?
Yaqinlari va maslahatchilari ta’kidlashicha, Mask endi diqqatini o‘zining asosiy loyihalari — Tesla, SpaceX va “Mars ekspeditsiyasi”ga qaratmoqchi. “Kapitoliydagi siyosat endi ish bermayapti. Vaqtni yutib bo‘ldik, endi Marsga uchish haqida o‘ylash vaqti keldi”, — deydi manbalari orqali tarqalgan so‘zlar.
Xulosa qilib aytganda, Ilon Maskning siyosatdan chekinishi faqat shaxsiy qaror emas, balki global yo‘nalish o‘zgarishidir. Uning “siyosiy sayohati” AQSHdagi siyosiy muhit, texnooligarxlar ta’siri va shaxsiy xavfsizlik kabi ko‘plab masalalarni yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi. Endi esa diqqat butunlay boshqa yuzlanishda — Mars sari. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar