
Yaqin Sharqdagi jiddiy geosiyosiy keskinlik fonida Eron ilovaviy urush strategiyasini o‘zgartirgani ma’lum qilindi. CNN telekanaliga suhbat bergan eronlik yuqori lavozimli manbaning aytishicha, Tehron raketalar zaxirasini kamaytirmagan, biroq endi zarbalarda aniqlik va samaradorlikka urg‘u berilmoqda.
"Isroil bundan xursand bo‘lmasligi aniq", — dedi manba. Uning ta’kidlashicha, Eron oldingi kabi yuzlab raketa yog‘dirish o‘rniga endi strategik ahamiyatga ega harbiy va razvedka obyektlarini nishonga olishni maqsad qilgan. Hozirgi strategiyaning asosiy jihati — yuqori aniqlikka ega raketalardan foydalanishdir.
Manba qo‘shimcha qilishicha, Eron tomonidan otilgan yuqori aniqlikdagi raketalar Amerika tomonida joylashtirilgan THAAD va Patriot tizimlarini, shuningdek, Isroilning Arrow 3, Arrow 2, «Dovud palahmoni» va mashhur «Temir gumbaz» mudofaa tizimlarini osongina chetlab o‘tib, belgilangan nishonlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri urilgan. Bu esa Eronning harbiy salohiyati va taktik imkoniyatlarining yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatmoqda.
Ma’lumot uchun, 13 iyun kuni Isroil tomonidan boshlangan keng ko‘lamli harbiy operatsiyalarga javoban Eron 100 dan ortiq raketani otgan edi. Biroq keyingi kunlarda raketalar soni kamaydi — bir vaqtning o‘zida beshta yoki undan kam miqdorda raketalar otilmoqda. Bu haqda Isroil axborot agentliklari, jumladan Ynet ham ma’lum qildi. Ularga ko‘ra, 21 iyunga o‘tar kechasi amalga oshirilgan hujumda beshta ballistik raketa qo‘llangan.
Aytish joizki, Eron nafaqat raketa zarbalari bilan, balki kiberhujumlar orqali ham faol harakat qilmoqda. Isroil Milliy kiberboshqarmasi sobiq direktori o‘rinbosari Rafael Frankoning bayonotiga ko‘ra, Tehron Isroil hududidagi shaxsiy kuzatuv kameralariga onlayn ulanish orqali zarbalar samaradorligini tahlil qilmoqda. Bu — axborot urushining yangi bosqichidir.
Ayni paytda Isroil esa Erondagi raketalarni saqlash va uchirish bazalariga havodan zarbalar bermoqda. Shuningdek, Isroil harbiy aviatsiyasi yadroviy inshootlarga ham hujum qilmoqda. Bu o‘z navbatida butun mintaqada yanada xavfli vaziyat yuzaga kelish ehtimolini oshirmoqda.
Mutaxassislar fikricha, ikki tomonlama urushning ushbu shakli — "texnik jihatdan murakkab va siyosiy jihatdan xavfli" bosqichga o‘tganini ko‘rsatadi. Endilikda har bir zarba nafaqat harbiy obyektlarga, balki dunyo siyosiy xavfsizligiga ham ta’sir qilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing