
Fransiya rasmiylari tomonidan ma’lum qilinishicha, mamlakat qurolli kuchlari tomonidan Eron tomonidan havoga ko‘tarilgan va Isroil tomon yo‘l olgan 10 ga yaqin uchuvchisiz uchoq (dron) yo‘q qilingan. Bu haqda Fransiya mudofaa vaziri Sebasten Lekornyu Milliy majlisdagi chiqish chog‘ida ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, Fransiya bu harakatni Isroilga yordam sifatida emas, balki mintaqada joylashgan o‘z harbiy bazalarini himoya qilish maqsadida amalga oshirgan.
Vazir Lekornyuning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya harbiylari mintaqa bo‘ylab tarqalgan havo mudofaa tizimlarini ishga tushirgan holda, xavf tug‘ilganda tezkor chora ko‘rish tamoyiliga amal qilgan. Shuningdek, u «Rafal» jangovar uchoqlari orqali havoda harakatlanayotgan bir necha dronlar to‘xtatilganini, ular yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Fransiya bu jarayonda Iroq va Suriyadagi o‘z harbiy bazalarining xavfsizligini birinchi o‘ringa qo‘ygan.
Uning qayd etishicha, bu harakat Fransiyaning mustaqil va o‘z manfaatlarini himoya qilish siyosatining bir qismi hisoblanadi. Shu bilan birga, u Fransiya Isroilning Eron yadroviy obyektlariga bergan harbiy zarbalarida mutlaqo ishtirok etmaganini ham alohida ta’kidlab o‘tdi.
Siyosiy kuzatuvchilarning fikricha, Fransiyaning bu harakati ikki tomonlama maqsadga ega: bir tomondan, xavfsizlikni ta’minlash, ikkinchi tomondan esa, mintaqadagi ta’sirini saqlab qolish va xalqaro hamjamiyatga o‘zining harbiy qobiliyati borligini namoyon etish. Hozirda Fransiyaning Iroq va Suriyadagi harbiy ishtiroki va mavjud bazalari orqali mintaqadagi vaziyatni nazorat qilib borishda davom etayotgani ham qayd etilmoqda.
Shuningdek, Lekornyu o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida ham bu vaziyat yuzasidan izoh berdi. Unda qayd etilishicha, dronlar Isroilga yo‘naltirilgan bo‘lib, Fransiya ushbu qurilmalarning xavf tug‘dirishi mumkinligini oldindan baholab, ularni neytrallashtirish bo‘yicha chora ko‘rgan. Bu esa Fransiyaning muvozanatli va o‘z xavfsizligini ustuvor qo‘ygan tashqi siyosatini yana bir bor namoyon etdi.
Ayni paytda, xalqaro siyosiy tahlilchilar ushbu voqealar Eron-Isroil munosabatlarining yanada taranglashishi va keng qamrovli mojarolar yuzaga kelish xavfini oshirishini ta’kidlamoqda. Fransiyaning bu jarayondagi pozitsiyasi esa uning NATO doirasidagi rolini ham, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy manfaatlarini ham namoyon qiladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing