date

Shamol “o‘g‘irligi”: Shamol elektr stansiyalarida paydo bo‘layotgan yangi muammo

Shamol “o‘g‘irligi”: Shamol elektr stansiyalarida paydo bo‘layotgan yangi muammo
Dunyo bo‘ylab shamol energetikasi rivojlanib borar ekan, offshor (dengizdagi) shamol elektr stansiyalarining ko‘payishi bilan bog‘liq yangi muammo paydo bo‘lmoqda: ayrim shamol fermalari boshqalarining shamolini susaytirib, ularning energiya ishlab chiqarishini pasaytirmoqda. Bu hodisa ilmiy jihatdan “wake effect” – ya’ni uyg‘onish yoki iz effekti deb ataladi.

Shamol turbinalari energiyani bevosita havo oqimidan oladi. Bu jarayon, o‘z navbatida, shamol tezligining pasayishiga olib keladi. Har bir turbina ortida, undan oldingisiga nisbatan sekinroq shamol oqimi yuzaga keladi. Shu tarzda, butun bir shamol fermasi shamol oqimini sezilarli darajada sekinlashtiradi. Niderlandiyaning Whiffle kompaniyasi tadqiqotchisi Piter Baas bu hodisaning 100 kilometrgacha cho‘zilishi mumkinligini aytmoqda — ayniqsa zich joylashgan, katta hajmdagi offshor fermalarda.

Agar bunday fermaning ortida boshqa bir fermaning joylashuvi kuzatilsa, u holda quyi oqimdagi fermaning elektr ishlab chiqarish salohiyati 10% va undan ko‘proqqa kamayishi mumkin. Bu jarayon ayrim doiralarda norasmiy ravishda “shamol o‘g‘irligi” deb atalmoqda. Biroq, bu ibora aniq emas: shamol hech kimga tegishli emas va egalik huquqiga kirmaydi.

Iz effekti fan uchun yangilik emas. Ammo offshor shamol fermalarining tez sur’atlarda o‘sishi va zichlashuvi bu muammoni dolzarb holga keltirdi. Ayniqsa, Yevropa mamlakatlari – xususan Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Daniya va Norvegiya – dengiz shamol resurslariga tayanib, “net zero” maqsadlariga erishishni rejalashtirayotgan bir paytda, bu muammo yuzaga chiqmoqda.

Manchester universitetining ilmiy xodimi Pablo Ouro bu borada shunday deydi: “2030-yilga borib, biz mavjud quvvatga qaraganda uch baravar ko‘p offshor turbinalar o‘rnatishimiz kerak. Bu esa kelgusi besh yil ichida minglab yangi turbinalar qurilishi kerakligini anglatadi. Shu bilan birga, ular juda yaqin joylashadi va iz effektining ta’siri kuchayadi.”

Bugungi kunda birgina ulkan turbina 18-20 mingta o‘rtacha yevropalik xonadonni elektr bilan ta’minlay oladi. Ammo bu yutuq iz effekti xavfini kuchaytiradi, chunki kattaroq pervanelar shamolni uzoqroq masofada sekinlashtiradi.

Hozirning o‘zida Buyuk Britaniyada bir necha shamol fermasi o‘rtasida iz effekti bilan bog‘liq nizo yuzaga kelgan. Lekin yaqin kelajakda bu nizolar xalqaro darajaga chiqishi mumkin — masalan, Britaniya va Niderlandiya yoki Daniya o‘rtasida.

Norvegiyalik yurist Eirik Finseras o‘z tadqiqotida Norvegiyada rejalashtirilgan fermaning uyg‘onish effekti Daniya hududidagi fermaga ta’sir qilishi mumkinligini tahlil qilgan. U bu holatlarni tartibga solish uchun yuridik asoslar zarurligini ta’kidlaydi. “Shamol umumiy manba sifatida tartibga solinishi kerak – tıpkı baliq zaxiralari yoki neft konlarida bo‘lgani kabi,” deydi u.

Shamol resurslariga bo‘lgan “poyga” – ya’ni eng qulay joylarni band qilish istagi esa muammoni yanada murakkablashtiradi. Bu yondashuv atrof-muhit himoyasini, mintaqaviy muvozanatni va uzoq muddatli barqarorlikni xavf ostiga qo‘yishi mumkin.


Finseras va Ouro kabi ekspertlar davlatlararo hamkorlik va aniq tartibga solish mexanizmlarini joriy etishni tavsiya etadi. Bu orqali har bir loyiha nafaqat milliy manfaatlarni, balki qo‘shni davlatlar va ekologik barqarorlikni ham inobatga olgan holda amalga oshirilishi mumkin.

Shuningdek, yangi ilmiy loyihalar, jumladan, Buyuk Britaniyada bu bahorda boshlangan iz effektini modellashtirishga qaratilgan tadqiqotlar, muammoga ilmiy yondashuv orqali yechim topishni maqsad qilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shamol “o‘g‘irligi”: Shamol elektr stansiyalarida paydo bo‘layotgan yangi muammo