
Xitoy avtomobilsozligi haydovchiga yordam beruvchi tizimlar (ADAS – Advanced Driver Assistance Systems) sohasida global raqobatchilaridan ilgarilab ketayotgan bir paytda, mamlakat rasmiylari ishlab chiquvchilardan innovatsiyalarni tezkor joriy etishni talab qilmoqda, biroq bu jarayonda xavfsizlikni ham unutmaslik kerakligini uqtirmoqda.
Bu hafta Xitoy rasmiylari yangi xavfsizlik qoidalarini yakunlash arafasida. Ushbu me'yorlar avtomobil ishlab chiqaruvchilarining ADAS tizimlarini haddan tashqari bo‘rttirib reklama qilishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan. Chunki, mart oyida Xiaomi kompaniyasining SU7 elektrokar modeli ishtirokida yuz bergan halokatda uch kishi hayotdan ko‘z yumdi. Hodisa haydovchi avtomatik boshqaruvdan qo‘lda boshqaruvga o‘tganidan so‘ng bir necha soniya ichida sodir bo‘lgan.
Yangi reglamentlar, ayniqsa, haydovchining hushyorligi va boshqaruvni o‘z zimmasiga olishga qanchalik tayyorligini nazorat qiluvchi apparat va dasturiy ta'minotga qaratilgan. Dongfeng va Huawei kabi yetakchi Xitoy kompaniyalari bu hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etmoqda.
Xitoyning avtomobil sanoati AQSh va Yevropa kompaniyalaridan farqli ravishda “tez harakatlanish – ammo ehtiyot bo‘lish” yondashuvini tanlagan. Bu yondashuv sobiq rahbar Den Syaopin tomonidan ilgari surilgan "daryodan o‘tishda toshlarni bosib o‘tish" tamoyiliga asoslanadi — ya’ni, noaniq texnologiyalarni ehtiyotkorlik bilan sinovdan o‘tkazish.
Hozirda Xitoyda faqat 2-darajadagi tizimlar – ya’ni, avtomobil avtomatik ravishda boshqaruv, to‘xtash va tezlanishni amalga oshirishi mumkin, lekin haydovchi doim nazoratda bo‘lishi lozim – ruxsat etilgan. Shu sababli “aqlli” yoki “avtonom” kabi atamalarni reklamada ishlatish taqiqlangan.
Biroq hukumat 3-darajadagi (Level 3) avtonom tizimlarni joriy etishga intilmoqda. Bu daraja haydovchining ma'lum sharoitlarda yo‘ldan ko‘z uzishga imkon beradi. Ayni damda davlat korxonasi Changan bu tizimni sinovdan o‘tkazish uchun tayyorlanayotgan edi, ammo Xiaomi hodisasi tufayli reja vaqtincha to‘xtatildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, testlar 2025-yil oxirigacha tiklanishi va 2026-yilda ilk Level 3 avtomobilining tasdiqlanishi kutilmoqda.
Bugungi kunda Xitoyda ishlab chiqarilayotgan yangi avtomobillarning 60 foizidan ortig‘i Level 2 funksiyalar bilan jihozlangan. Masalan, BYD kompaniyasi o‘zining "Xudoning ko‘zi" deb nomlangan ADAS tizimini barcha modellarida bepul taqdim etmoqda. Bu esa bozorda innovatsiyani ommaviylashtirishga xizmat qilmoqda.
Huawei 600 million kilometr simulyatsiyalangan testlardan o‘tgan Level 3 tizimini taqdim etgan bo‘lsa, Geely’ning Zeekr brendi bu yilning uchinchi choragida Level 3 tizimiga ega SUV modelini ishlab chiqarishga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, G‘arb kompaniyalari — masalan, Mercedes-Benz va Volkswagen — eng zamonaviy tizimlarni ishlab chiqayotgan bo‘lsa-da, ular Level 3 darajasidagi huquqiy va moliyaviy javobgarlikni o‘z zimmasiga olishdan ehtiyot bo‘lmoqda.
Mercedes-Benz texnik direktori Markus Schafer bu tizimlar xavfsizligini ta’minlash qo‘shimcha xarajatlar talab qilishini tan oldi. “Bu doimiy o‘zgarib borayotgan nishon,” — deydi u. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar