
Ukraina futbol assotsiatsiyasi prezidenti, mamlakat afsonasi Andrey Shevchenko Jahon chempionati–2026 qur’asi borasidagi ilk fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning ta’kidlashicha, hozircha asosiy e’tibor qur’adagi ehtimoliy raqiblarga emas, balki pley-off bosqichiga puxta tayyorgarlikka qaratilmoqda. Sababi oddiy — Ukraina hali mundialga yo‘llanmani qo‘lga kiritmagan va eng muhim masala ham shu.
"Biz uchun asosiy vazifa — pley-off orqali Jahon chempionatiga yo‘l olish. Avvalo shu bosqichga maksimal darajada tayyor turishimiz kerak. Guruh haqidagi mulohazalar vaqtincha ikkinchi o‘rinda. Albatta, qur’ada kuchli jamoalar to‘plangan, ammo bizning birinchi maqsadimiz — Mundialga chiqish huquqini qo‘lga kiritish", — deya ta’kidladi Shevchenko “Suspilne Sport”ga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina ehtimoliy raqiblar — Niderlandiya, Yaponiya va Tunisga qarshi tushishi mumkinligi haqida o‘ylashga shoshilmayapti. Chunki bu bosqichga yetib kelish uchun avval pley-offda benihoyat mas’uliyatli va qiyin uchrashuvlar kutmoqda. 26-mart kuni Sergey Rebrov shogirdlari Shvetsiyaga qarshi maydonga tushadi. Bu juftlik g‘olibi Polsha — Albaniya bahsida zafar qozongan jamoa bilan final pley-offida to‘qnash keladi. Faqat ana shu bosqich g‘olibi Jahon chempionati–2026 uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Shevchenko ta’kidlaganidek, bugun futbol jahonning har bir nuqtasida juda yuksak sur’atda rivojlanmoqda va raqib tanlash degan tushuncha amalda yo‘qolib bormoqda. Har bir jamoa raqobatbardosh, har biri jiddiy qarshi turishga qodir. Shu sabab Ukraina uchun eng to‘g‘ri yo‘l — avvalo pley-offni bosib o‘tish, shundan keyingina guruh uchrashuvlarini o‘rganish va strategiya belgilash.
Eslatib o‘tamiz, 5-dekabr kuni Vashington shahrida Jahon chempionati–2026ning final bosqichi uchun qur’a tashlandi. Bu jarayon Ukraina uchun katta ruhiy kuch berilgan marosim bo‘ldi, ammo hali asosiy sinov — pley-off o‘yinlari oldinda turibdi. Muxlislar esa jamoadan yangi sahifani yozish, mana shunday qiyin sharoitda katta g‘alabaga erishishni intizorlik bilan kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.