
Jahon chempionati–2026 uchun qur’a tashlanishi barcha o‘zbek futbol muxlislarini quvontirdi, ayniqsa Portugaliya bilan to‘qnash kelish imkoni ijtimoiy tarmoqlarda katta mulohazaga sabab bo‘ldi. Terma jamoamiz yarimhimoyachisi Jaloliddin Masharipov ham qur’adan keyin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashib, muxlislarni quvontiradigan bayonot berdi.
Masharipov aytishicha, u qur’adan oldinoq Ronaldu bilan yo‘llari yana kesishishi mumkinligini his qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek muxlislari bunday tarixi bor uchrashuvni uzoqdan kutgan va buni chuqur intizorlik bilan orzu qilgan.
«Qur’adan oldin Ronaldu bilan yana ro‘baro‘ kelishimiz mumkinligini aytgandim. Muxlislar ham shuni kutdi — Messi yoki Ronalduga qarshi o‘ynashni. Portugaliya bilan bir guruhga tushganimiz — katta omad. Bu bizni ruhlantiradi», — dedi futbolchi.

U, shuningdek, Kolumbiya termasini yuqori baholar ekan, raqiblarimizning barchasi jiddiy tayyorgarlik talab qilishini ta’kidladi.
«Kolumbiya ham o‘ta kuchli jamoa. Biz o‘sha yerga borgandan keyin birinchi vazifamiz — guruhdan chiqish bo‘ladi. Xudo xohlasa, buni amalga oshira olamiz deb ishonaman», — deya qo‘shimcha qildi Masharipov.
Futbolchining bu fikrlari terma jamoa atrofidagi ijobiy kayfiyatni yanada mustahkamladi. Hozir barcha diqqat 2026-yilga qaratilgan — o‘zbekistonlik futbolchilar olamshumul musobaqada o‘z so‘zini aytishga bel bog‘lagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.