date

Eldor Shomurodov: Jahon chempionatida guruhdan chiqishimizga ishonaman

Eldor Shomurodov: Jahon chempionatida guruhdan chiqishimizga ishonaman

JCH–2026 qur’asi e’lon qilingani ortidan O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Forvardning ta’kidlashicha, tushgan guruh qat’iyat va to‘g‘ri tayyorgarlik bilan bosib o‘tiladigan yo‘l hisoblanadi.

Eldorning so‘zlariga ko‘ra, qur’ada ham «juda yengil», ham «o‘ta og‘ir» guruhlar bo‘lishi mumkin edi. Ammo terma jamoa har qanday raqibga qarshi maydonga tushishga tayyor edi.

«Menimcha, guruhimiz muvozanatli va o‘ta qiyin ham emas. Eng muhimi — o‘z o‘yinimizni ko‘rsata olish. Har qanday guruhga tayyor edim. Bu bosqichda kuchsiz raqib bo‘lmaydi», — dedi sardor.

Shomurodovdan Kolumbiya haqidagi fikri so‘ralganda, u raqibni jiddiy kuch sifatida qayd etdi:

«Oxirgi o‘yinlarini ko‘rmaganman, lekin Kolumbiya doim kuchli termalar qatoridan joy olib kelgan. Tarkibida mahoratli futbolchilar talay. Qur’adan keyin barchasini atroflicha o‘rganamiz. Bu Jahon chempionati — bu yerga faqat munosib jamoalar keladi. Bizda ham imkoniyat yetarli deb o‘ylayman».

Termamizning yetakchisi muxlislarga alohida minnatdorlik bildirib, ularni yanada birlashishga chaqirdi:

«Muxlislarimizga sog‘lik va barqaror quvonch tilayman. Ular bizni doimo qo‘llab-quvvatlashsin. Ularning ishonchi bizga quvvat beradi. Yuzlarini yerga qaratmaymiz».

Shomurodovning bu so‘zlari jamoa ichidagi ishonch va ruhiy tayyorgarlik balandligini yana bir bor namoyon etdi. Oldinda esa tarixiy imkoniyat — Jahon chempionatida avvalgi bosqichdan o‘tib, yangi sahifa ochish turibdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov: Jahon chempionatida guruhdan chiqishimizga ishonaman