date

Yapon olimlari semizlik va diabetga qarshi yangi davrni boshladi

Yapon olimlari semizlik va diabetga qarshi yangi davrni boshladi
Yaponiyalik olimlar inson salomatligiga katta ta’sir ko‘rsatuvchi semizlik va qandli diabetni davolashda tub burilish yasashi mumkin bo‘lgan yangi yutuqqa erishdi. Osaka universiteti tadqiqotchilari odatdagi vazn yo‘qotish dorilari va muntazam ukollardan farqli ravishda, bir marta amalga oshiriladigan genetik aralashuv texnologiyasini taklif etdi, deb xabar berdi news-medical.net.

Mazkur usulda olimlar an’anaviy gen terapiyasidan chetga chiqishgan: ular muammoning ildizi — zararli mutatsiyalarni yo‘q qilishga emas, balki organizmga maxsus genni kiritishga e’tibor qaratgan. Mazkur gen organizmda GLP-1 gormonini ivaz qiladigan eksenatid moddasini ishlab chiqarishni ta’minlaydi. Boshqa tomondan, eksenatid dorilar tarkibida qo‘llaniladi, lekin uni muntazam qabul qilish, doimiy ravishda ukol qilish talab etiladi.

Tadqiqot rahbari Keyichiro Suzukining ta’kidlashicha, yangi yondashuv gen terapiyasi va biologik preparatlar imkoniyatlarini birlashtirgan holda, organizmni uzoq muddat davomida faol va tinimsiz modda ishlab chiqarishga moslashtiradi.

«Bizning yondashuvimiz gen terapiyasi va biologik dorilar afzalliklarini birlashtirdi. Tadqiqotimiz shuni ko‘rsatdiki, zarur genni organizmga kiritish orqali hujayralar bir necha oy davomida kerakli modda ishlab chiqarishni o‘zlari davom ettirishi mumkin — bu esa doimiy ukollarga ehtiyojni yo‘qotadi», — deydi tadqiqot rabhari Keyichiro Suzuki.

Olib borilgan sinovlarda gen kiritilgan sichqonlarda eksenatid moddasi qonda bir necha oy davomida to‘xtovsiz va barqaror saqlangan. Natijada, sichqonlar kamroq ovqat yeyishgan, og‘irlik ortishi sekinlashgan va qondagi glyukoza miqdori yaxshiroq nazorat qilingan.

Ko‘tarinki kayfiyat va umid bilan qayd etiladi: hech qanday salbiy yoki noxush ta’sirlar kuzatilmagan. Olimlarning qayd etishicha, bu usul nafaqat semizlik, balki 2-tur qandli diabet, shuningdek, aniq genetik mutatsiya bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa surunkali kasalliklarni ham davolashda foyda berishi mumkin. Bunday yangicha terapiya yutug‘i tibbiyotdagi eski tushunchalarni qayta ko‘rib chiqishga sabab bo‘ladi.

Yangi tadqiqotlar natijalari o‘z tasdig‘ini topsa, bir marta amalga oshiriladigan genetik davolash usuli bemorlarni hayot bo‘ylab ukol qilinishdan ozod qiladi va ularning turmush sifatini ancha yaxshilaydi. Kelajakda bu texnologiya asosida doimiy ta’sirga ega va odatiy ukollarning o‘rnini bosadigan yangi avlod dori vositalari paydo bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas.

Aytish kerakki, bu kabi texnologiyalarning rivojlanishi kelajakda diabet va semizlik epidemiyasini to‘xtatishda muhim o‘rin egallashi mumkin. Yaponiyalik olimlar boshlagan bu ilmiy inqilob butun dunyo tibbiyotiga yangi yo‘nalish va’da qilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yapon olimlari semizlik va diabetga qarshi yangi davrni boshladi